Atrofdagi o‘zbeklar: Turkmaniston

Image caption Buyuk turkman elini yaratish marhum Turkmanboshi davrida boshlangan

Turkmaniston shimol-sharqidagi Chordjo‘y va Toshhovuz viloyatlarida har vaqt o‘zbeklarning mavqei ham, soni ham baland bo‘lgan.

Bir necha yuz ming kishilik o‘zbeklar aksar Buxoro, Xorazm va Qashqadaryoga yaqin vohalarda, Amudaryoning janubiy sohillaridagi ziroat yerlarida yashashadi.

"Biz Toshhovo‘zda o‘zbekcha gapiramiz, ruxsat bor" - deydi Ovro‘poda o‘qiyotgan turkmanistonlik o‘zbek talaba qo‘rqa-pisa - "Ammo boshqa joylarda bu qiyin. O‘zbekcha gapirishga ruxsat yo‘q".

Shu yerda suhbatdoshim gapini lo‘nda qiladi: "Bilasiz, men hali Turkmanistonga qaytishim kerak".

"Noto‘g‘ri" millat

Turkmaniston chegarasiga yaqin yashovchi va ba‘zan to‘y-ma‘rakaga o‘tib-qaytib turadigan xorazmlik tanishim allaqachon Turkmanistondagi qator hududlarda o‘zbek ayollariga jamoat va davlat joylarida atlas kiymaslik hamda sochini qirqkokil qilmaslik buyurilganini aytadi.

"O‘zbek ayollari ham turkmancha ko‘ylak kiyishlari, sochlarini ikkita o‘rishlari kerak. Erkaklar boshida esa faqat turkmancha do‘ppi bo‘lishi shart" - deydi o‘z qarindoshlaridan misol keltirib bu tanishim.

Image caption Turkmanistondagi haqiqiy hayot haqida tasavvurlar ancha kam, chunki mamlakat o‘ta yopiq

Bir qarashda bu gaplar mish-mishdek tuyuladi. Chunki dunyoning eng mustabid yakkahokim tuzumlaridan biri bo‘lmish Turkmanistonda yashaydiganlar ham, onda-sonda u yerga borib turadiganlar ham ismlarini oshkor etishdan qattiq qo‘rqadilar.

Turkmanistonga bir necha bor ish bilan borgan turkiyalik tanishim ham o‘z ismini bermaslik sharti bilan boshqalar aytgan fikrlarni tasdiqlaydi.

"U yerda o‘zbeklar va tojiklar ahvoli juda yomon. O‘z milliy kiyimlari, musiqa va yo madaniyatlarini ko‘z-ko‘z etaverishlariga toqat qilinmaydi" - deydi Marvda bo‘lgan tanishim.

O‘zbekistonning Urganch shahrida yashovchi faol Hayitboy Yoqubov esa o‘tgan suhbatlarimizdan birida Turkmaniston o‘zbeklari tushgan bugungi ahvol ildizlarini Markaziy Osiyo mamlakatlari yangidan mustaqil bo‘lgan yillarga bog‘lagandi.

"O‘shanda Turkmaniston o‘zbeklari zich yashovchi mintaqalarda o‘zbeklar mavqei baland edi, ko‘plab katta-kichik rahbarlar bor edi. Bundan xavotirga tushgan marhum Turkmanboshi ularni ta‘qib qilishni boshlagan" - deydi Toshhovo‘zga yaqin yashovchi xorazmlik faol.

Faollarning aytishicha, yozilmagan milliy siyosatga muvofiq kichik rahbarlik lavozimlari ham "etakchi" millat vakillariga beriladi. Shu asno ayrim o‘zbeklar millatlarini o‘zgartirish bosimi ostida qolishgan.

Ashxobod hadigi Toshkentmi?

Marhum Turkmanboshi davrida o‘zbek millatiga mansub mamlakat muftiysi qamoqqa tashlangandi. U uzoq yillardan keyin Prezident Berdimuhammedov davridagina ozod qilindi.

"Bu ham qandaydir O‘zbekistonga ijobiy ishora edi" - deydi xorazmlik faol.

Image caption Prezident Berdimuhammedov ahyon-ahyon televizor orqali xalqqa jilmayib, o‘z kulgusini baxsh etib turadi

Negaki, mustaqilikka erishish ortidan Ashxobod qo‘shni Toshkentga nisbatan o‘z ishonchsizlik va xavotirlarini yashirib o‘tirmagan. Buning ustiga, u yerdagi ikkinchi yirik millat bo‘lmish o‘zbeklar ham Turkmaniston rahbariyatini hadikka solgani aytiladi.

Hoynahoy, Turkmaniston o‘zbeklarida ehtimoliy bo‘lginchilik kayfiyati yuzaga kelishi va yo O‘zbekistonning biron da‘vo bilan chiqishi qo‘rqitgan bo‘lishi mumkin, deyishadi o‘z ismini oshkor etishni istamaydigan tahlilchilar. Chunki Turkmanistonning o‘zbeklar zich yashovchi viloyatlari O‘zbekistonga tutash.

"Karimov o‘sha paytda butun mintaqadagi yetakchi davlatning yetakchisi edi va ko‘plar O‘zbekistonga ham havas va ham xavotir bilan qarashardi" - deydi xorazmlik suhbatdoshim.

Turkmanboshi qo‘rquvlari asossiz edi. Negaki O‘zbekiston tashqaridagi o‘zbeklar haq-huquqlarini himoya qilish o‘z vazifasi emasligini namoyon etadigan siyosat yo‘lini tanlagandi.

Lekin buni anglaguncha ham Turkmanboshi o‘zbek-turkman chegaralarida simto‘r tortishni boshladi va O‘zbekiston bilan o‘rtada viza tizimi joriy etdi.

Mazkur amallarga Toshhovo‘z va Chordjo‘yda o‘zbeklar zich yashashi sabab bo‘lgan, deb ko‘pchilik qat‘iy ishonadi.

Keyinroq esa go‘yo Saparmurod Niyozov joniga qasd qilish niyatidagi Turkman muxolifati rahbarining O‘zbekiston hududi orqali o‘tib kelgani haqidagi Ashxobod iddaosi bu ikki qo‘shni davlat munosabatlarini muzlatib tashladi.

"Ammo ayni ishlardan u yerdagi o‘zbeklar eng ko‘p aziyat chekishdi" - deyishadi faollar - "Negaki, o‘zbeklar zimdan O‘zbekistonga xayrixoh degan xavotir turkman rahbarlari ko‘nglidan ketmagandi".

Image caption O‘zbekiston ham, Turkmaniston ham bir-birini aylanib o‘tadigan temir yo‘llar qurishmoqda

O‘zbekiston o‘zbeklari bilan qarindoshchilik aloqalarini tutib turishni istamaslik Ashxobod siyosatida yashirin ham emasdi.

Hatto chegaraning o‘zbek tarafidan kelin bo‘lib tushib borgan o‘nlab yosh ayollarni oilasi, eri va bolalaridan uzib, O‘zbekistonga chiqarib yuborish hollari ham uchradi.

Ular ko‘p hollarda kimga o‘z dodini aytishni bilishmasdi. Negaki, O‘zbekiston ayni muammolar bilan jiddiy shug‘ullannishga ra‘y ko‘rsatgani keng ommaga ma‘lum emas.

Temir yo‘l siyosati

O‘zbekiston transport mustaqilligiga erishish niyatida Turkmaniston orqali Toshkentni Termiz bilan ulaydigan temir yo‘lini o‘z hududi orqali o‘tkazdi. Turkmanlar esa Buxoro orqali Qozog‘istonga chiqadigan temir yo‘l o‘rnida endi G‘arbiy Ustyurt orqali bevosita Qozog‘iston bilan ulanadigan poyezd yo‘li yotqizishmoqchi.

O‘rtadagi viza tizimi bois qarindoshlar hatto to‘y va yo azaga borishga ham qiynalishlarini aytishadi. Amudaryo esa ba‘zilar uchun narigi sohiliga kechish mushkul nahrga aylandi.

"Rasman chegara hududlarida yashovchi aholi uchun vizasiz o‘tib-qaytishga ruxsat bor" - deydi xorazmlik suhbatdoshlarimdan biri - "Biroq chegaralar kutilmaganda yopilib qolaveradi va bu ikki davlat fuqarolari har doim ham qog‘ozlardagi mavjud haq-huquqlaridan to‘liq foydalanishga qodir bo‘lolmaydilar".

Xullas, qaysidir ma‘noda O‘zbekistondan "chirt" uzilgan Turkmaniston o‘zbeklari endi Buxoro yo Urganchga emas, balki uzoqdagi Ashxobodga qatnashga majbur bo‘la boshladilar.

Bu o‘z hududida milliy masala mavjudligini istamaydigan Turkmaniston uchun o‘ng‘ay vaziyat edi.

Image caption Hamma bir xil kiyinishi kerak

Chetdagi o‘zbeklar muammolarini har vaqt ular yashaydigan mamlakatning o‘z ichki ishi, deya ko‘rib keladigan O‘zbekiston uchun ham ayni voqelik xavotir uyg‘otgan ko‘rinmasdi.

Qolaversa, Turkmaniston dunyoning eng yopiq ikki-uchta mamlakatidan biri bo‘lib qolmoqda. Shu darajada yopiqki, hatto muayyan voqelik mavjudligini ehtimolga yaqin tutishning o‘zi ba‘zida imkonsiz.

Ulkan Qoraqum sahrosini egallagan, aholi o‘ta siyrak va hatto Markaziy Osiyodan ham qaysidir ma‘noda uzilib qolgan Turkmanistondagi hayotga teranroq boqish imkoni deyarli mavjud emas.

Mamlakatga borgan yakkam-dukkam sayyohlar haqiqiy hayot bilan tanisha olmaydilar, chetdan kelganlar bilan suhbatlashadigan oddiy insonlar "siyosatga to‘g‘ri kelmaydigan biron gap" aytib qo‘yishdan qo‘rquvda.

Tashqariga tuynukdek ochilgan turkman telekanallarida esa bir manzara: Sochlari ikkita o‘rilgan, uzun kuylakdagi ayollar hamda turkmancha do‘ppi kiygan erkaklar.

Va nihoyat, ahyon-ahyon televizor orqali xalqqa jilmayib, o‘z kulgusini baxsh etib turadigan ko‘p qirrali prezident.