Tojikiston Islom Uyg‘onish Partiyasi saytiga to‘siqni olib tashlashni talab qildi

Tojikistondagi Islom Uyg‘onish partiyasi rasmiy saytiga qo‘yilgan to‘siqni olib tashlashni talab qilgan.

Partiya rahbariyati chiqargan bayonotda aytilishicha, 25 apreldan beri Tojikiston hududida Islom Uyg‘onish partiyasi rasmiy saytiga kirishning imkoni bo‘lmayotir.

Bayonotda nahzat.tj sahifasi mamlakatdagi internet provayderlari tomonidan to‘sib qo‘yilgani ta‘kidlangan.

BBC Dushanbedagi muxbiri Mardon Muhammadga ko‘ra, uning Tojikiston Aloqa xizmatidan ayni holatni izohlashni so‘rab qilgan urinishlari zoye ketgan.

"Idora rahbari Bek Zuhurov telefonlarga javob bermadi. Boshqa xodimlar bu holatni izohlashdan bosh tortishdi va "faqat idora raisi sabablarni sharhlash vakolatiga ega" ekanini aytishdi. Ba‘zi xodimlar esa, sayt ochilmayotganini texnik noqisliklar bilan bog‘lashdi. Biroq, bu qanday noqisliklar ekaniga oydinlik kiritishmadi", deydi BBC muxbiri.

Islom Uyg‘onish partiyasi partiyasi bu da‘volarni rad etgan va o‘z rasmiy sahifasi siyosiy vajlar bois to‘sib qo‘yilganini aytgan.

Partiya chiqargan bayonotda rasmiy saytiga to‘siqni olib tashlash va mazkur holatga uch kun ichida rasman tushuntirish berish talab qilingan.

"Islom Uyg‘onish partiyasi agar talabi qondirilmasa, keyingi qadami nima bo‘lishi borasida gapirgani yo‘q. Ammo, Tojikiston qonunlariga binoan biron rasmiy tashkilot mamlakat rasmiy idoralariga maktub yozib, muayyan holatlar bo‘yicha tushuntirish so‘rasa, bu so‘rovga 3 kun ichida rasmiy javob qaytarilishi lozim", deydi BBC muxbiri Mardon Muhammad.

Tojikistondagi nomlari sir qolishini istagan ba‘zi internet provayderlari BBCga bu ochiq bu haqda gapira olmasliklari, ammo haqiqatdan ham ularga mamlakat Aloqa xizmatidan Islom Uyg‘onish partiyasi rasmiy saytiga to‘siq qo‘yish bo‘yicha og‘zaki ko‘rsatma berilganini aytishgan.

Keyingi 3 oy davomida Islom Uyg‘onish partiyasiga hukumat bosimlari ortgan. 25 aprel kuni partiya tashkil etilganiga 40 yil to‘lgani nishonlanarkan, hukumat ushbu sana munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirga tashqi mamlakatlardan vakillar kelishlariga ham to‘siqlar yaratgan.

Ushbu marosimlar arafasida Islom Uyg‘onish partiyasi raisi o‘rinbosari Muhammadali Hayit noma‘lum shaxslar tarafidan do‘pposlab ketilgan. Hozirgacha bu hujum kimlar tomonidan bo‘lgani aniqlanmagan.

Bu yil Tojikistonda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishi kutiladi. Islom Uyg‘onish partiyasi o‘ziga qarshi bosimlar oshishini ayni mana shu saylovlar bilan ham bog‘laydi.