PKK isyonchilari "Turkiya hududlarini tark eta boshlashdi"

Image caption PKK jangchilarining Turkiya tuproqlaridan chiqib ketishi to‘rt oycha davom etishi mumkin

Kurd manbalarining xabar berishicha, Turkiya davlati bilan erishilgan otashkesimga muvofiq, kurd bo‘lginchi jangarilari Turkiyaning janubi-sharqiy hududlaridan Iroqqa o‘ta boshlashgan.

Tinchlik jarayonida ishtirok etayotgan kurdparast siyosatchi Selahitdin Demirtashning Frans-Press xabar agentligiga "biz ularning harakat qila boshlashganini bilamiz", deb aytgan.

O‘tgan oy Kurdiston Ishchilar Partiyasi (PKK) may oyi boshidan o‘z jangchilarini Turkiya tuproqlaridan bosqichma-bosqich olib chiqa boshlashini e‘lon qilgandi.

Turkiya davlatiga qarshi PKK janglarida o‘tgan o‘ttiz yil ichida 40 mingdan ziyod inson halok etilgan.

Tinchlik va Demokratiya Partiyasi (BDP) raisdoshi Gultan Kishinak Assoshieytd Press xabar agentligiga aytishicha, kurd bo‘lginchilarining birinchi guruhi Iroq shimoli tomon harakat eta boshlagan.

PKK Turkiya ichkarisida 2 mingga yaqin jangchiga ega ekani ishoniladi va ularning mamlakatdan butunlay chiqib ketishi uchun to‘rt oy vaqt kerak bo‘ladi.

PKK jangchilarining chegarani piyoda kesib o‘tib, Iroq shimolidagi Qandil tog‘larida joylashgan o‘z bazalariga borib joylashishlari kutilmoqda.

Turkiya qamoqxonasida bo‘lgan PKK rahbari Abdulloh O‘jalan mart oyida rasmiy Anqara bilan o‘tkazgan tinchlik muzokaralari ortidan PKK jangchilariga mamlakatni tark etishni buyurgandi.

PKK so‘zchisi Baxtiyar Do‘g‘an "Havlati" kurd ro‘znomasiga chorshanba kuni 200 dan 500 nafarga qadar jangchi Turkiyani tark etishini aytgan.

Aprel oyida PKKning ijroiy rahbari Murat Karayilan agar Turkiya armiyasi askarlarga hujum qilsa, javob qaytarilishi va otashkesim bitimi bekor qilinishi haqida ogohlantirgandi.

"Biz davlatga shubha qilmaymiz, ammo qora kuchlar ig‘vosidan qo‘rqamiz", - deb aytgan Selahitdin Demirtash.

1999 yilda PKK askarlari Turkiyani tark etarkan mamlakat armiyasi hujumiga duch kelgan va natijada 500 atrofida inson halok bo‘lgandi.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatni tark etajak PKK jangchilariga armiya hujum qilmasligini qayta-qayta ta‘kidlagan.

Seshanba kuni chiqish qilgan Turkiya Bosh vaziri agar tinchlik jarayoni muvaffaqiyatli anjomlanishini istasa, guruh uchun "qurollarni qo‘yish" asosiy vazifa bo‘lishi kerak, deb aytgan.

Kurdiston Ishchilar Partiyasi Turkiya aholisining 20 foizini tashkil etadigan kurdlar uchun ko‘proq muxtoriyat talab qilib keladi.

PKK Turkiya, AQSh va Ovro‘po Ittifoqi tomonidan Turkiya xavfsizlik kuchlari va tinch fuqarolarga qilgan hujumlari uchun "terrorchi tashkilot", deb e‘lon qilingan.