Odil Ahmedov jamoasi Rossiya Kubogi finalida

O‘zbekistonlik sara futbolchi to‘p suruvchi Maxachqal‘aning "Anji" jamoasi o‘z tarixida ikkinchi bor ana shunday imkoniyatni qo‘lga kiritdi.

Dog‘istonlik milliarder Suleyman Kerimovning klubi Sankt-Peterburgning "Zenit" jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etib, bu yilgi Rossiya Kubogining final bosqichiga chiqdi.

Kecha Sankt-Peterburgning "Petrovskiy" stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘yin taqdirini hal qilgan yagona to‘pni kamerunlik futbol yulduzi Samuel Eto'o o‘z hisobiga yozdi.

Final uchrashuvining o‘zi esa, 1 iyun kuni Checheniston poytaxti Grozniyning "Ahmat-Arena" stadionida bo‘lib o‘tadi.

Odil Ahmedov Rossiya Kubogini qo‘lga kiritish uchun o‘z jamoasi bilan TsSKA klubiga qarshi to‘p suradi.

"Anji" bundan avval 2001 yilda Rossiya Kubogining final bosqichiga chiqishga muvaffaq bo‘lgan, ammo penaltilar seriyasida Moskvaning "Lokomotiv" jamoasiga yutqazib qo‘ygandi.

"Anji"

Odil Ahmedovning jamoadoshlari Rossiya premerligasida 27 ta o‘yindan 50 ochko to‘plagan holda TsSKA va "Zenit"dan keyin 3-o‘rinda borishmoqda.

"Anji" bu yil Ovro‘po Ligasi o‘yinlarida ham katta muvaffaqiyatlar qozonishga umid qilgan, ammo har ikki o‘yin natijasiga muvofiq, Angliyaning "Nyukasl" jamoasiga yutqazib, chorak finalga chiqolmay, pastga qulagandi.

"Nyukasl" ustidan g‘alaba qozongan taqdirda, Maxachqal‘a jamoasi o‘z tarixida birinchi bor Ovro‘po Ligasining chorak finaliga ham chiqqan bo‘lardi.

Aynan dongdor futbolchisi Odil Ahmedov sabab, uchrashuv O‘zbekistonga katta qiziqishga sabab bo‘lgan va har ikki o‘yin ham Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib uzatilgandi.

Rossiyaning boyvachcha "Anji" (Maxachqal‘a) klubi "Paxtakor" sardori va O‘zbek milliy terma jamoasi yulduzi Odil Ahmedov bilan 2011 yilda rasman to‘rt yilga shartnoma imzolagan.

"Anji" Rossiya Oliy ligasiga 1999 yilda chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo orada beqaror o‘yin ko‘rsatib, birinchi ligaga qulagan va 2009 yildagina yana Oliy ligaga qaytgan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, klub sohibi Suleyman Kerimov murabbiylar, futbolchilarning maoshlari va yangi o‘yinchilarni xarid qilish uchun yiliga o‘n millionlab dollar mablag‘ sarflash niyatidadir.