Devid Moyes "Manchester Yunayted"ga boshchilik qiladi, O‘zbekistondan munosabat

Hozirgina olingan xabarlardan ayon bo‘lishicha, "Everton" jamoasi bosh murabbiysi 1 iyuldan boshlab ser Aleks Fergyusonning o‘rnini egallaydi.

71 yoshli keksa murabbiy kecha qariyb 27 yillik murabbiyligi ortidan, o‘z vazifasidan iste‘fo berishini e‘lon qilgandi.

O‘zbekistonlik taniqli murabbiy, O‘zbek futboli afsonasi Birodar Abduraimovning aytishicha, boshqa har qanday murabbiy bilan solishtirganda ham, Devid Moyes qizil iblislar uchun eng munosib nomzod:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"Ser Aleks Fergyuson kim o‘rnini bosishi mumkinligini bilsa kerak. Balkim, o‘zi taklif qilgan bo‘lishi mumkin. Nega deganda Devid Moyes jamoasi o‘yinlarini ko‘rib kelayapman, har doim barqaror o‘yin ko‘rsatib kelayapti. Jamoada ahillik bor. Menimcha, bundan boshqa munosib nomzod yo‘q. Masalan, Mourino yoki boshqalarni oladigan bo‘lsak, ular avval o‘yinchilarni tanlab, qimmat pulga sotib olib, keyin jamoa qilishadi", deydi Birodar Abduraimov.

71 yoshli ser Aleks Fergyuson qariyb 27 yillik murabbiyligi ortidan kecha shu mavsum oxirida o‘z vazifasidan iste‘fo berishini e‘lon qilgandi.

Qizil iblislar uning murabbiyligi ostida rekord sondagi, ya‘ni qirqqa yaqin sovrinni qo‘lga kiritishgan.

Ser Aleks Fergyuson hali 2002 yilda iste‘foga chiqish niyatida ekanini bildirgan, ammo keyinchalik o‘z fikridan qaytgandi.

Klub o‘tgan yili uning o‘rniga ispaniyalik taniqli murabbiy Xosep Gvardiolani ko‘zlagan, ammo u Olmoniyaning "Bavariya" jamoasi bilan uch yilga shartnoma imzolagandi.

Ser Aleks Fergyusonning o‘rniga Devid Moyesdan tashqari "Real"(Madrid) bosh murabbiysi Joze Mourino va yoki "Borussiya" (Dortmund) bosh murabbiysi Yurgen Klopp kelishi ham taxmin etilgandi.

50 yoshli Devid Moyes "Everton" klubiga 2002 yildan buyon bosh murabbiylik qilib kelayotgandi.

Asli shotlandiyalik bo‘lgan sobiq futbolchi Devid Moyes 2003, 2005 va 2009 yillarda Angliya Futbol Murabbiylari uyushmasi tomonidan "Yilning eng yaxshi murabbiyi", deb topilgan.