O‘zbekiston terrorchilik xurujlari ehtimolidan ogohlantirmoqda

Image caption Terrorchilik xurujlari Toshkentda sodir bo‘lishi ehtimoli kattaligi aytilgan

Xabarlarga ko‘ra, O‘zbekistonda xavfsizlik choralari kuchaytirmoqda va aholini terrorchilik xurujlari ehtimolidan ogohlantirish boshlangan.

"Markaziy Osiyo interentda" nashri O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmatining terrorga qarshi kurash bo‘limi tahlilchisidan iqtibos keltirib xabar tarqatgan, bu tahlilchiga ko‘ra, ularning qo‘lida zaruriy choralarni kuchaytirishga arzigulik xavf borasida "ishonchli ma‘lumot" mavjud. U terrorchilik xurujlari Toshkentda sodir bo‘lishi ehtimoli kattaligini ham aytgan.

Mazkur xavf esa, bildirilishicha, Afg‘onistonning Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarida to‘planayotgan O‘zbekiston Islomiy Harakati jangarilaridan kelmoqda.

"Markaziy Osiyo interentda" nashriga gapirgan rasmiyga ko‘ra, O‘zbekiston Islomiy Harakati va Salafiylar nomi bilan ma‘lum guruhlar Afg‘oniston, Tojikiston va Turkmaniston chegaralarida to‘planishmoqda.

U bundan boshqa tafsilotlarni bermagan, ammo: "Bu O‘zbekistonga xavf soladi", deb aytgan.

Shunga asosan, xabarga ko‘ra, hozir O‘zbekiston xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda va aholini terrorchilik amallari yuz berishi ehtimolidan ogohlantirishni boshlagan.

O‘zbekistondagi Ekspert Ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilovga ko‘ra, Toshkentda ehtimoliy terror amallariga qarshi hozirliklar yaqqol ko‘zga tashlanmaydi, ammo bunday ishlar mamlakat bo‘ylab haqiqatda ham yo‘lga qo‘yilayotganini sezish mumkin.

"Oddiy fuqaroning ko‘zida sezilmaydi, lekin hukumatning harakatlari xavfsizlik chora-tadbirlariga ishora qilyapti. So‘nggi paytlarda hukumat nazoratidagi ommaviy axborot vositalari Toshkentning ko‘p joylari, viloyatlar o‘quv yurtlarida yoshlar bilan yangi informatsion davrda, globallashuv jarayonida tahdidlarni, terrorizmni oldini olish bo‘yicha yoshlarni turli xil oqimlar ta‘siriga tushib qolmasligi bo‘yicha huquq-tartibot organlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilayotgani, shu ruknda yaratilgan hujjatli filmlar qo‘yib berilyapti qabilida ko‘plab xabarlar berishmoqda. Ana shulardan hukumat oxirgi paytlar xavfsizlik vaziyatini yaxshi hisobga olayotganini aytishimiz mumkin. Ammo, huquq-tartibot organlari chora-tadbirlarni kuchaytirganligi oddiy fuqaroning ko‘ziga tashlanmayapti", deydi Suhrob Ismoilov.

O‘zbekistondagi ba‘zi kuzatuvchilar, huquq faollari bunday amallar ko‘pda xalqni iqtisodiy-ijtimoiy qiyinchiliklardan chalg‘itish, hukumat yurgizayotgan repressiv siyosatni oqlash maqsadida tarqatilishini aytishadi.

Ayniqsa, Arab davlatlarida sodir bo‘lgan inqiloblar hukumatni bir qadar tashvishga solib qo‘ygani va bu bezovtalik hali ham arimagani borasida ham fikrlar mavjud. Suhrob Ismoilov bunday qarashlarga qo‘shiladi.

"Bunday bashoratlarni ko‘pincha Rossiyadagi ekspertlardan eshitib turamiz. Lekin, men ularni u qadar xolislik bilan qabul qila olmayman. Bu Rossiyaning siyosiy muhitidan kelib chiqayotgan bashoratlar bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston hukumatini esa, arab davlatlarida bo‘layotgan voqealardan keyingi qo‘rquvi hali ham butkul yo‘qolib ketgani yo‘q. Va hukumat G‘arb davlatlari bilan hamkorlikdan qo‘shimcha dividentlar undirish, inson huquqlariga qarshi repressiv siyosatini oqlash uchun yana bir asos olish kabi maqsadlarni ko‘zlayotgan bo‘lishi mumkin", deydi Suhrob Ismoilov.

Afg‘oniston tarafidagi vaziyat

Image caption Bugun O‘IH nimalarlarga qodirligi borasida to‘la ishonchli ma‘lumotlar yo‘q

O‘zbekiston o‘z xavotirlarini Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘laydi va xatar u yerda qayta kuch yig‘ayotgan O‘zbekiston Islomiy Harakatidan kelishini aytadi.

Oldinroq, O‘zbekiston Islomiy Harakati Afg‘oniston shimolidagi Badaxshon viloyatida to‘planayotgani, u yerda ham qator isyonkorlik amaliyotlarini amalga oshirayotgani borasida xabar qilingan.

Bundan tashqari, guruh Afg‘oniston shimolidan turib, O‘zbekiston va Tojikistondan yangi jangarilar yollayotganiga oid xabarlar ham chiqqandi.

Taxordagi muxbirimiz Mubin G‘afuriyga ko‘ra, rasmiylar so‘nggi paytlar Afg‘oniston shimolida O‘zbekiston Islomiy Harakati faolligi ortayotganini tasdiqlaydilar.

"Rasmiylar isyonkorlar faollashgani haqida gapirisharkan, ular orasida xorijiy kuchlar borligi haqida ham aytishadi. Ular chet elliklar orasida O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari ko‘pligi va hatto bir ayol ham faol harakat qilayotgani xususida bildirishgandi. Va ular yuz berayotgan urushlarga rahbarlik qilishlari va yo boshqaruvchilari ekani, portlovchi vositalarni tayyorlashlari aytiladi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, ular tog‘lar orasida, oldin notinch bo‘lgan chekka qishloqlarda joylashib olishgan", deydi muxbirimiz.

Va Mubin G‘afuriyning aytishicha, ayni jangari guruhlar chegara osha Markaziy Osiyo davlatlariga o‘tish harakatlarini yana boshlab yuborishlari mumkin degan ishonch ham yo‘q emas.

"Ma‘lumki, Afg‘onistondagi isyonkorlar Tojikistonga sizib o‘tayotgani borasida xabarlar chiqdi va u yerda ba‘zi notinchliklarni keltirib chiqadi, hatto urushlarga ham sabab bo‘ldi. Mahalliy rasmiylar ham agar bu isyonkorlarning oldi olinmasa, ular O‘rta Osiyo o‘lkalariga o‘tib noqarorliklarni keltirib chiqarishlari mumkinligi xususida gapirishadi", deydi u.

Ammo, O‘zbekiston Islomiy Harakati faoliyatini yaqindan kuzatib kelayotgan ekspertlar ularning bugungi faoliyatlariga oid yangi va 100% ishonchli ma‘lumotlar yo‘qligini ta‘kidlashadi. Ayrimlarga ko‘ra, O‘IHning kurashi bugun siyosiy emas, iqtisodiy mohiyatga ega.

Guruhning Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekistonga qanchalar tahdid solishi mumkinligi borasidagi bashoratlar esa, ko‘pda o‘z tasdig‘ini topmaydi. Qator inson huquqlari faollari, mutaxassis va jurnalistlarga ko‘ra, mavjud rejimlar o‘z qudratlarini mustahkamlash uchun bu kabi tahdidlardan foydalanishadi.