"Har bir ona obrazini yaratganimda, urush yillaridagi onalar ko‘z oldimdan lenta bo‘lib o‘tadi"

BBC mehmoni - O‘zbekiston xalq artisti, mashhur aktrisa To‘ti Yusupova.

Aktrisa shu kunga qadar yuzga yaqin spektakl, tele va radiospektakllarda rollar o‘ynab, O‘zbek kino va teatr san‘atining yorqin siymolaridan biriga aylangan.

To‘ti Yusupova turli millat ayollarining xarakterlarini sahnada nozik mahorat bilan gavdalantirgan.

Luiza ("Makr va muhabbat"), Fusako ("O‘g‘irlangan umr"), Nuri ("Qutlug‘ qon"), Ubayda ("Qotil"), Xonzoda ("Boy ila xizmatchi"), Mastura ("Xolisxon"), Fotima ("Shoshma, quyosh"), Sotti ("Kelinlar qo‘zg‘oloni"), Nodira ("Nodirabegim"), Hafiza ("Shohi so‘zana") obrazlari aktrisaning eng sevimli rollari bo‘lib, uning ijodida alohida o‘rin tutadi.

To‘ti xonim O‘zbekistondagi muxlislariga ayniqsa Said Ahmadning "Kelinlar qo‘zg‘oloni" komediyasidagi Sotti obrazi bilan yaxshi tanilgan.

Uning Sotti xarakteridagi chaqimchilik, ikkiyuzlamachilik va qattiqqo‘l qaynonasiga sadoqat kabi xususiyatlari juda ko‘p televizion va teatr tomoshabinlarining yodida muhrlanib qolgan. Ayni obrazi bilan To‘ti Yusupova o‘zining beqiyos komik mahoratlarini namoyish qila olgan.

Mazkur spektakl Abror Hidoyatov nomidagi drama teatrida sahnalashtirilgan.

Image caption To‘ti Yusupovaning "Kelinlar qo‘zg‘oloni" komediyasidagi Sotti obrazi ko‘plarning xotirasida muhrlanib qolgan

Ko‘pchilik hamkasblari va tanqidchilar fikrida, To‘ti Yusupova bag‘ritosh, qahriqattiq, satang ayollarni ham, saxiy, mehribon va mushtipar ayollar, hamda onalarni ham ustalik, katta ehtiros bilan gavdalantiruvchi aktrisadir.

To‘ti Yusupova ko‘plarga "Otalar so‘zi-aqlning ko‘zi" televizion ko‘rsatuvidagi ona obrazlari, hamda "Abdullajon", "To‘langan qarz", "Seni izlab", "Dilxiroj", "Ipak daraxti" kabi filmlardagi rollari bilan yaxshi tanish.

U 2000 yilda "El-yurt hurmati" ordeni bilan mukofotlandi.

Biroq, yaqin o‘tmishda onaxon ko‘p qiyinchiliklarni boshidan kechirdi - ikki katta yoshli o‘g‘illaridan ayrildi va yurak xuruji ortidan jarrohlik amaliyotini boshidan kechirdi.

Yoshi ulug‘ aktrisa amaliyot ortidan uyda o‘tirganiga qaramay, san‘atdan to‘la ayrilib qolmaganini aytadi.

To‘ti Yusupova 1936 yilda Samarqand viloyati Samarqand tumanidagi Turkman qishlog‘ida tug‘ilgan.

U 1953-1957 yillarda Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san‘ati institutining aktyorlik fakultetida o‘qigan. O‘qishni tugatgach, yo‘llanma bilan Hamza nomidagi O‘zbek Davlat (hozirgi O‘zbek Milliy) akademik drama teatriga ishga kirgan.

To‘ti Yusupova tinglovchilarimiz va saytimiz o‘quvchilari savollariga javob berdi.

--------------------------------------------------------------------------------

"Sizning "Makr va muhabbat"da Luiza rolini o‘ynaganingiz men uchun yangilik. Mening ismim aynan ana shu asardagi siz o‘ynagan qahramon sharafiga qo‘yilgan. Bu rolni o‘ynashdan olgan taassurotlaringiz qanday bo‘lgan? Olim Xo‘jayev bilan birga o‘ynaganmisiz? Va nima uchun oxirgi yillarda O‘zbekiston teatr sahnalarida bu kabi, bizning ota-onalarmizni ilhomlantirgan va o‘ziga mahliyo qilgan, jahon adabiyoti durdonlari hisoblangan asarlar qo‘yilmayapti deb, o‘ylaysiz?" Luiza, London

To‘ti Yusupova: Avvalambor, savolingiz uchun rahmat. Bu spektakl biz uchun diplom spektakli edi. 1957 yilda shu spektakl bilan biz diplom ishini qildik va shu spektakl bilan oldingi Hamza nomidagi teatrga, hozirgi Milliy teatrga butun kursimiz bilan yo‘llanma olganmiz. Sahnada shuni o‘ynadik. Men uchun bu juda bir yangilik bo‘ldi, chunki, avvalambor, u o‘zimizning yozuvchi emas, chet el asari, Fridrix Shiller asari edi. Mening taassurotim juda boshqacha edi, chunki bir rolni o‘ynaganingda odam sal cho‘chibroq turasan, ayniqsa o‘z millatingga xos bo‘lmagan narsa bo‘lsa, ancha izlanishingga to‘g‘ri keladi. Men izlandim, va o‘z ustozim bilan birgalikda "Makr va muhabbat"da Luiza rolini ijro etdim. Ko‘rganlarning fikriga qaraganda, yomon bo‘lmagan ekan. O‘zbekiston Xalq artisti Olim Xo‘jayev bilan o‘ynamadimu, lekin Turg‘un Azizov bilan o‘ynadim. Chunki u bilan birga o‘qib, birga institutni tugatganmiz. U Ferdinandni o‘ynadi, men Luizani o‘ynadim... Ho‘sh, endi teatr sohasiga kelsak, biz o‘qib yurgan paytlarda klassik adiblarning asarini qo‘yish qandaydir udumga kirgandi. Albatta, teatrlarda klassik asarlar o‘ynalishi shart edi. Hozirgi paytda zamonaning o‘sib ketganligimi, yoki milliylik kuchliroq bo‘lgani uchunmi, yo xalqimiz ko‘proq kulgini yaxshi ko‘rganligi uchunmi, mana shunday erkinlik tomonga, yaxshi tomonga o‘zgarib ketdi. Menimcha, bu yomon emas... O‘zbek Milliy teatrida juda ko‘p asarlar o‘ynadik, klassik asarlardan "Qirol Lir", "Yuliy Tsezar", "Gamlet", "Otello", "Ikki boyga bir malay"ga o‘xshash juda ajoyib spektakllarni o‘ynaganmiz. Hozirgi kunda, aynan shu kunlarda u spektakllar ketmayapti, u spektakllarning vaqti o‘tdi, menimcha. Zamonaviy narsalarga ko‘proq intilish bor-da hozir. O‘zbekistonda ozgina bo‘lsa ham ko‘ngilni ko‘tarish tomonidan, milliy asarlarni ko‘rishga ishtiyoq baland.

--------------------------------------------------------------------------------

"Assalom alaykum, To‘ti opa. Siz qaysi mashhur aktyorlar bilan yaqindan ishlashni yoqtirgansiz? Kim bilan ishlash oson yo qiyin edi? Kimlar bilan yaqindan do‘st bo‘lib qolgansiz?" Aleks, Moskva

To‘ti Yusupova: Rahmat. Men ayniqsa Shukur Burhonov bilan ishlashni yoqtirardim. Chunki u insonda qat‘iyatlilik, u insonda tabiiylik, o‘ziga mos bo‘lgan bir g‘urur, oddiylik ularda mujassam ediki, u inson bilan ishlash juda zavqli edi. Men ular bilan "Qiyomat qarz" spektaklida birga o‘ynadim, u kishining ayollarini o‘ynadim. Bu spektakl Sovet paytida Moskvaga ham borgan, olqishlarga sazovor bo‘lgan... Olim Xo‘jayev bilan ham o‘ynash juda ham maroqli edi, Sora Eshonto‘rayeva bilan ham o‘ynash juda maroqli edi. Ulug‘ aktyorlar bilan ishlash men uchun juda maroqli bo‘lgan. Nega deganda, bilmagan narsalarimni ulardan o‘rganib, juda ko‘p foyda olganman. Til ustida ishlaganda ham, rol ustida ishlaganda ham ularning yordami juda katta bo‘lgan. Nabi aka deysizmi, Qudrat aka deysizmi, ularning hammasi dunyoga bir bora kelib ketgan insonlar... Zaynab Sadriyeva, Holida Xo‘jayeva...

BBC: Kim bilan o‘ynash qiyin tuyulgan sizga? Shunday vaziyat ham bo‘lganmi?

To‘ti Yusupova: Yo‘q, bo‘lmagan. Chunki hammalari bilan juda ishtiyoq bilan, ishtaha bilan o‘ynaganman. Ularning bir yaxshi tomoni bo‘lardiki, ozgina xatolikka yo‘l qo‘ysangiz, sizni yo repetitsiya davomida, yo tugashi bilan chaqirib "Qizim, bu yoqqa kelgin, mana shu yerda san noto‘g‘ri qilding, shuni to‘g‘irlab ketsang, buni spektaklga ziyoni yetmaydi", deb juda bir chiroyli tuzatishlarni kirgizishardi. Shuning uchun ham men ular bilan maroq bilan ishlaganman.

BBC: Kimlar bilan yaqin do‘st bo‘lib qolgansiz?

To‘ti Yusupova: Rixsixon Ibrohimova bilan yaqindan do‘stmiz. Turg‘un Azizov bilan, u bilan birga o‘qiganmiz, birga ijod qildik. Yoshimiz anchaga borib qolgan bo‘lsa ham do‘stmiz. Yana birga o‘qiganlarimdan - Mirg‘iyos Soatov, mening turmush o‘rtog‘im, yaqin do‘stim. Birga ishladik, u kishi teatrda ham ishladilar, keyin rejissyor bo‘lib kinostudiyaga bordilar. Bular bilan ishlash, do‘st bo‘lib qolish men uchun juda yaxshi. Ulardan keyin kelganlardan - Erkin Komilov bilan juda yaqindan do‘stmiz. Yoqubov Ahmedov bilan, Yodgor Sa‘diyev deysizmi, hammamiz do‘stmiz. Teatrda ajratish yo‘q, bunday olganda, hammamiz bir-birimizga opa-singil yo aka-ukalarmiz. Lekin, eng yaqin insonlarim - Rixsi Ibrohimova, Yodgor Sa‘diyev, Mirg‘iyos Soatov, Erkin Komilov, Turg‘un Azizov. Bular mening eng yaqin dilkashlarim.

--------------------------------------------------------------------------------

"Hurmatli To‘tixonim Yusupova, taqdir taqozosi bilan aktrisa bo‘lmaganingizda, qaysi kasbni tanlagan bo‘lar edingiz? Chunki sizni boshqa bir kasb egasi sifatida hech ham tassavur qila olmayapman." Iroda, Farg‘ona

To‘ti Yusupova: Agar taqdir taqozosi bilan san‘atkor bo‘lmaganimda, albatta chevarlik hunarini kasb qilib olardim. O‘zi ikkinchi xobbiim - chevarlik. Men insonlarni yasantirishni, ular uchun tikishni juda yaxshi ko‘raman. Hozir, kechirasiz, o‘g‘limning vafotidan keyin bu ishni qilolmadim... Bu menga sal og‘irlik qildi. Endi yoshim ham saksonga borib qoldi, endi tikish ham oson emas (kuladi)... Ellik yildan ko‘proq tikkanman. Bo‘sh vaqtimda faqat tikardim. Ayniqsa, milliy ko‘ylaklar, atlas ko‘ylaklarni tikishni juda yoqtirardim. Farg‘ona, Qo‘qon, Andijondan kelganlar tiktirib ketishardi. Men ularga butun ishtiyoqim bilan, mehrim bilan, ikki soatning ichida bitta ko‘ylakni bitirib berib, kiydirivorardim. Ular xursand bo‘lishardi.

--------------------------------------------------------------------------------

"Sizni bir qator Ona obrazidagi rollaringizdan yaxshi taniymiz. Ona obrazini yaratish qanchalar mushkul siz uchun? Avvaldan katta rahmat aytib, ijodingizga barkamollik, metin sog‘lik tilab qolaman." Iroda, Farg‘ona

To‘ti Yusupova: Hayotni yaxshi bilgan insonga buning mushkul joyi yo‘q. Chunki men hayotni o‘rgandim, hayotda ko‘p achchiq-chuchuklarni ko‘rdim. Bularning hammasi hozir yaxshilik tomonga o‘zgardi. Biz o‘qigan davrlarda mamlakatimiz bu darajada taraqqiy etmagan edi. Mana hozir juda ilg‘orlab ketdi, bironta boshqa davlatdan qolishadigan joyi yo‘q. Ham chiroy, ham ishlab chiqarish, ham san‘at tomonidan juda ilg‘orlab ketdi... Menga bu kabi obrazlarni yaratishning og‘irligi yo‘q, chunki urush davridagi onalarning chekkan aziyatini ko‘rganman. Ular farzandlarini, og‘a-inilari, sevimli yorini kutib kun botguncha ko‘chada o‘tirganlarini ko‘rganman. Bular mening juda yaxshi esimda qolgan. Shuning uchun, har bir ona rolini ijro qilganimda, agar rol fojeali bo‘ladigan bo‘lsa, shu ayollar ko‘z oldimdan lenta bo‘lib o‘tishadi. Shuning uchun ona obrazini yaratishga menda qiyinchilik yo‘q. Bajonidil bajaraman bu ishni, qanday yo‘lda bo‘lmasin, fojeali bo‘ladimi, lirik bo‘ladimi, hajviy tomonidan bo‘lsa ham, bu obraz men uchun juda-juda maroqli.

--------------------------------------------------------------------------------

"Umringiz uzoq bo‘lsin. O‘zbek san‘ati siz kabi ustozlarning anchasidan ayrildi. Masalan, yakinda bir yil bo‘ladi, Zikir Muhammadjonovdan. Dublyajni yana avvalgi mavqeini ozgina bo‘lsa ham tiklasa bo‘ladimi? Hozir aktyorlardan emas, boshlovchilardan foydalanishayapti. Bunga munosabatingiz qanday? Aktyorlar chaqirilmaydimi, ularning o‘zlari istamaydimi, yo boshqa sababi bormi? Sizlar, ta‘bir joiz bo‘lsa, Buyuk Aktyorlardan dars olgansizlar. Yoshlar endi sizlardan san‘atning bu turining ham hamma sirlarini olib qolishi kerak emasmi? Yoshlar balki sizlardan tortinib, maslahat so‘ray olmas, yoki ularda kandaydir kibr bormi? Javob uchun katta rahmat." Seit Berdaliyev

To‘ti Yusupova: Rahmat savolingiz uchun. Oldingi dublyajimiz qaytganida edi... Chunki mana bu filmlarni ko‘rasiz-da, o‘zbek tilida ijro qilingan rollar shu qadar tabiiyki, o‘zingiz ham kirishib ketasiz. Film chet tilida, yo ingliz yo nemis tilida bo‘ladi, sal ovozi chiqib turadi-da, siz aytgandek, suxandonlar so‘zlab, tushuntirib berishadi. Bu, menimcha, yaxshi fikr emas. Yaxshi ijro emas. Har bir san‘atkor dublyajga chaqirilishini kutadi. Dublyajga juda mehr bilan qatnashganmiz. O‘sha davrlarda biz ishlagan asarlar hali ham oltin fondda saqlanadi. Lekin, solishtirsangiz, yer bilan osmoncha farqi bor. Chunki, suxandonlarimizning kadr ortidan gapirgani baribir tabiiylikka olib kelmaydi. U shunchaki, film haqida tushuncha beradi. Ijro esa butunlay boshqa narsa. O‘zbek aktyorlari, masalan, Yoqub Ahmedov, bir marta ko‘rar edilar-da, ikkinchi martasida, hali koltso aylanib turganda, shunday yozib tashlardilar. Shu qadar kirishib ketishardi ular. Mukambar Rahimova, Hamza Umarov, Hojiakbar Nurmatovlar dublyajning buyuk aktyorlari bo‘lib qolishgan. Hozir ham chaqirilsa, ular bajonidil borib, o‘z kuchini, mehrini shu rolga berib ijro qilib berishadi. Agar yana shu eski usulga qaytishsa, juda chiroyli narsa bo‘lardi.

BBC: Nima uchun qaytishmaydi shu eski usulga? Yo gap pulga borib taqaladimi?

To‘ti Yusupova: Balki... Bilmadim, uni aytolmayman. Iqtisod tomonidanmikin. Bunga javob berishim juda qiyin. Vaqti kelib qolsa balki qaytar.

--------------------------------------------------------------------------------

"Assalomu alaykum. Hozir bir marta televizorga chiqqan aktyor yoki qo‘shiqchi o‘zini san‘atkor deb ataydi. Sizningcha, san‘at o‘zi nima? Buyurtma bilan yaratilgan ijod mahsulini san‘at deb bo‘ladimi?" Sharif Gulxaniy

To‘ti Yusupova: Yo‘q. Albatta, san‘at deb bo‘lmaydi. Hozirgi filmlarimizning bir martaligini shundan ko‘rsa bo‘ladiki, sponsor topiladi, u aytadi "Mening singlimni yo qizimni filmga olsang, senga homiylik qilaman" deb, shunday gaplar bo‘lishi mumkin. Keyin san‘atkor bo‘lmagan insonni shu yo‘lda taklif qilish mumkin. Ularni san‘atkor deb bo‘lmaydi-da. Har kim o‘z ishini qilishi kerak. Har kim. Kino bo‘lsa, obrazni kino aktrisa yaratishi kerak. Sahna bilan kinoni ham solishtirib bo‘lmaydi. Sahna va kino butunlay boshqacha san‘at. Lekin, teatr san‘atkori kinoda yaxshi o‘ynay oladi. Chunki, masalan, fojeali onlar bo‘lganda, ular o‘z dramatizmi bilan yutib ketishlari mumkin. Ayni damda, kino aktrisalari sahnaga kelib katta bir rolni ijro etishlari qiyinroq bo‘ladi. Menimcha, siz aytgandek, san‘atkor bo‘lish hozirgi paytda juda osonroq bo‘lib ketdi, shekilli... San‘atkor bo‘lish aslida juda qiyin. Bu eng qiyin kasb. Chunki bir rolni o‘ynaganingizcha, yuragingiz qon bo‘lib ketadi. Sizning har bir tomchi qoningiz shu rolga kirishadi. O‘zingizning qoningiz va shu roldagi qon aralashmaganda, rol chiqmaydi. Aralashib ketgandagina, siz o‘ylagan obraz yaraladi. Bir marta ekranga chiqib, artist bo‘ldim, deyish noo‘rin. Bu havaskorlik.

--------------------------------------------------------------------------------

"Opa, sizga avvaliga minnatdorlik bildiraman. Borligingiz uchun, qilgan ulkan xizmatlaringiz uchun biz beparvo tomoshabinlar sizning sharafingizga tik turib chapak chalamiz. Savolim shuki, siz "Shoh Edip", "Qiyomat qarz" kabi asarlar o‘ynalgan sahna vakilasiz. Bugungi kunda ana shu el dardini aytmasdan, sahna masxarabozlik maydoniga aylanganidan hafa emasmisiz?" Polvon Jummi, Xiva

To‘ti Yusupova: Albatta, hafaman. Nodirabegim aytgan, "Dunyoga kelibsanki, maqsad ne deb bayon etib ket". Sahnaga chiqibsanki, maqsadingni bil. Xalq shu maqsadingni bilishni istaydi. Xalq bugungi yashab turgan sharoitlarni, yaxshi gaplarni o‘rganish uchun keladi. Olim akalarni ko‘rgansiz, Shukur akalarni ko‘rgansiz, ulardan sahna madaniyatini o‘rganganmiz. Sahnadagi madaniyat hayotdagi madaniyatdan farq qiladi. Sahna madaniyatini bilmay turib, rol ijro etish juda qiyin. Sahnada pala-partish gaplar bilan birovning dilini ovlash juda qiyin. Sizni ko‘raman deb kelgan xalqqa o‘z faryodingiz, ichki kechinmalaringizni maromiga yetkazib uzatib bermas ekansiz, o‘z dardingiz ayon bo‘lmas ekan. San‘atkor o‘z dardini qiyomiga yetkazib sahnaga olib chiqishi kerakki, bu o‘rtog‘imiz aytgandek, unga tikka turib chapak chalinsin. Shundagina san‘atimiz yanada gullab-yashnaydi, biz o‘ynagan "Shoh Edip", "Qiyomat qarz", boringki "Kelinlar qo‘zg‘oloni", "Bir shaxsning masalasi", yo "Gamlet" va "Otello" o‘ynalgan sahnalarni qayta tiklash mumkin. Buning uchun astoydil ishlash kerak, bosh qotirish kerak. Bugungi teatrning oldingi mavqeini tiklayman, degan oliy maqsad bo‘lishi kerak.

--------------------------------------------------------------------------------

"Muhtarama To‘ti opa! Nima uchun rejissyor Melis Abzalov "Kelinlar qo‘zg‘oloni" badiiy filmida sizni Sotti roliga taklif qilmaganlar? Axir teatrdagi ushbu rolingiz barcha uchun timsolga aylangan edi. Sababi sizga ma‘lummi? Odiljon Maxdumiy, O‘sh

To‘ti Yusupova: (Kuladi) Yo‘q, endi bu kinochilarning ishiga biz aralasholmaymiz. Biz har doim rejissyorlarga quloq solgan, rejissyorlarga tobe odamlarmiz. Biz taklif qilsa, qabul qilamiz. Endi mening yoshim o‘tibroq qolgandir Sotti roliga. Yoshroq aktrisa o‘ynagani ma‘quldir. Melis Abzalov shuni ko‘zda tutgandir. Agar Zaynab opam o‘ynaganlarida edi, yoki muhlisimiz ko‘rgan spektakl film-spektakl qilinganda edi, u boshqa gap bo‘lardi. Rejissyorning o‘zi ko‘zlagan maqsadi bo‘ladi. Qaysidir aktrisani shu rolda ko‘ra oladi. Balki shuning uchundir. Men undan hech ham hafa emasman, chunki men o‘z obrazimni yaratganman, teatrdagi spektakl videofilm qilib olib qo‘yilgan, hozirgacha ko‘rishadi, qo‘ng‘iroq qilib "Rahmat sizga, shunchalik o‘ynagan ekansiz", deyishadi. Oradan shuncha yillar o‘tib ketdi, 21 yil bo‘libdiki, kelinlar qo‘zg‘olonini o‘ynamaymiz. Shunga qaramay, ekranlarda ko‘rsatilib turadi, bu biz uchun, rahmatlik Zaynab opa o‘ynagan Farmonbibisi uchun, umuman shu "Kelinlar qo‘zg‘oloni"da o‘ynagan ansambl uchun bu bir sharaf... Unitilmas voqealar bo‘lgan. Har bitta spektaklni hozir ham ko‘rganimizda, voy darvoqe, shunday ishlar qilgandik-a, repetitsiya paytida mana shunday usullarni topgandik-a degan xotiralar paydo bo‘ladi va o‘z boshimizdagi kinolentamizga yana qaytamiz. Bitta mendamas, boshqalarda ham shunday bo‘larkan.

--------------------------------------------------------------------------------

"Sahnada qiziq voqealar hech bo‘lganmi? Masalan teksti esdan chiqarib qolishdek?" Aleks, Moskva

To‘ti Yusupova: (Kuladi) Bunaqa voqealar bo‘lib turadi. Bo‘lib turadi. Chunki esdan chiqarib qo‘yish tabiiy, ayniqsa yoshingiz sal kattaroq bo‘lgandan keyin, rol o‘ynagan paytda ba‘zida bir kutilmagan voqea bo‘lib qolishi mumkin va shunda hayolingiz qochadi. O‘shanda bir soniya yo daqiqa gangib qolgandek bo‘lasizu, lekin sahna ortidagi so‘z beruvchi darrov o‘zini o‘nglab olib o‘sha unitilgan so‘zni esingizga solib qo‘yadi. Bo‘lib turadi bunday voqealar, menda bo‘lmasa, boshqasida... Men san‘atga juda qat‘iyat, mas‘uliyat bilan kirishaman, shunga uncha-muncha aktyorlar mening oldimda bo‘lmag‘ur gaplarni gapirib yo kuldirishga harakat qilganini men eslolmayman.

--------------------------------------------------------------------------------

"Assalomu alaykum, To‘ti opa. Avvalo Sizga Allohdan sog‘liq-salomatlik tilab qolaman. Ismingizni kim va nima maqsadda qo‘ygan? Savolim noqulay bo‘lsa, uzr so‘rayman." Hojiahmad, Toshkent

To‘ti Yusupova: Endi bilmadim, maqsadlarini bilmadimu, lekin buvam rahmatlik to‘tidek sayrab yursin deb, shu ismni qo‘yishga ekan. Oddiygina qilib To‘ti deyishgan, bo‘ldi boshqa gap yo‘q. Buvamning bir og‘iz so‘zlari bilan, shu ismni olgan ekanman.

--------------------------------------------------------------------------------

"Qaysi kinodagi rolingizda o‘zingizni o‘ynagansiz?" O‘ktam Rizayev, Xo‘jand

To‘ti Yusupova: Endi bilmadim, tabiatan juda tortinchoqman, juda andishalikman. Lekin, rolga qarab, o‘z xarakterimni o‘zgartira olaman. Deylik, "Tog‘li kuyov"da buvisini o‘ynaganman, menimcha shu yomon bo‘lmagan. Yoki "Er qizi"da, yo "Abdullajon"da sodda o‘zbek ayolini o‘ynaganman. Bilasiz, o‘zbek xalqi juda bolajon, o‘zbek xalqiga bolaning farqi yo‘q, u o‘g‘ilmi qizmi, oqmi qorami, bola bo‘lsa bo‘ldi. "Abdullajon"da ona obrazim samodan kelgan bolaniyam o‘z bolasidek ko‘rib, unga mehr qo‘yib, u ketganidan keyin "Yana qachon kelasan, bolajonim, Abdullajonim", deb kechalari bilan uxlamay nola qilib chiqadi. O‘zimning, albatta, hayotga boqishim bor, va bundagi qandaydir belgilar rollarimga o‘xshab ketishi tabiiy hol. Bir obrazni shundoq olib, kiyib, o‘ynash juda qiyin narsa, lekin qayeridadir o‘zingizdagi bir shaxs namoyon bo‘ladi. Sahnada Said Ahmadning "Ufq" asaridan Jannat xolani o‘ynadim. Bu ham menga yaqinroq. Emmanuel Roblesning "O‘limdan kuchli", ya‘ni "Monserra" asari qo‘yilgandi, unda ham onani o‘ynaganman. Bu birinchi ona obrazlarimdan bittasi edi, shu bilan juda katta muvaffaqiyatga erishganman, shunga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonini berishgan edi. Shuhrat Abbosov "Otamdan qolgan dalalar"ni ishlagandilar, aynan mana shu filmdagi momo menga yaqinroq. Yaqinligi shundaki, bolam-chaqam, uy-ro‘zg‘or ishlariga ko‘ngil qo‘ygan, boshliq bir ishni qil dedimi, kampir uchun bu buyruq bo‘ladi, shuni bajarmasa bo‘lmaydi. Ko‘cha-kuyda to‘kilib qolgan paxtalarni yig‘ishtirib yuradi, qari bo‘lsa ham hammaga o‘ralashib, hammaga o‘zining yaxshi fikrlarini berib yurish bu momo uchun sharaf bo‘ladi. Gazetadan kelib, "Ismingiz nima, momo?" deyishganida, "Meni Paxtaoy desayam bo‘laveradi, chunki umrim paxtada o‘tdi, bolam" deydi. Mana shunday obrazlar menga yaqinroq.

--------------------------------------------------------------------------------

"To‘ti opa, hozirgi aktyorlar Toshkent shevasida gapirishiga nima deysiz?" Muhammad Nazar, Urganch

To‘ti Yusupova: Men juda qarshiman. Faqat Toshkent shevasi emas. Sahnada bitta til bo‘lishi kerak. Sahnada adabiy til bo‘lishi kerak. "Votti-votti", yoki Namangancha "Kelutti-ketutti", Andijoncha shevalar hozirgi paytda sal bo‘rttirilayapti. Toshkentliklar "Votti-votti"sini qo‘ymayapti, Xorazmliklar "Galding-getding", "Hova" degan so‘zlarni sahnada ham ishlatishayapti. Men bunga judayam qarshiman. Bu noto‘g‘ri. San‘at tili badiiy til bo‘lishi kerak. Buning uchun boshliqlarimiz qattiqroq turishi, yo institutlarda buni qat‘iyatlilik bilan talab qilish lozim. Bu insonning fikriga qo‘shilaman men, juda qarshiman. Chunki teatr yo kino sohasida ishlaganlar faqat Toshkentlik yo Farg‘onalik emasda. Ular butun o‘lkamizdan kelishadi. Hamma o‘z tilida gapiraversa, bu qanday badiiy asar bo‘ladi? Bo‘lmaydi, albatta. Badiiy tilni mustahkam qilib, mukammal o‘rganib olishimiz kerak. Rejissyorlarimiz shu inson shu tilini qo‘ymaguncha, sahnaga chiqarmasligi kerak. Bu mening fikrim.