"G‘arbning dastagi Andijon voqealarining takrorlanish ehtimolini kuchaytiradi"

Image caption Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Kreyg Myurrey g‘arbning O‘zbekistondagi tuzum bilan hamkorligini "sharmandali" deb atagan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘zbek hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilayotganiga qaramasdan, Andijon voqealarining navbatdagi sanasi yuzasidan maxsus bayonot e‘lon qilgan yagona g‘arb davlati bo‘lgan.

Britaniyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Kreyg Myurreyning aytishicha, Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqishga tayyorlanayotgan g‘arb, jumladan, Britaniya Prezident Karimovning g‘azabini qo‘zg‘ashi mumkin bo‘lgan hech qanday amalga qo‘l urmaydi. Istanbulda Andijon voqealarining 8 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etgan britaniyalik sobiq diplomat g‘arbning O‘zbekistondagi tuzum bilan hamkorligini "sharmandali" deb atagan. BBC bilan suhbatda janob Myurrey g‘arbning Karimov hukumatiga dastagi Andijondagi kabi voqealarning takrorlanish ehtimolini yanada kuchaytirishini aytdi.

Kreyg Myurrey: Bir hukumatning o‘z fuqarolarini otib, o‘ldirishi dahshatli bir hodisadir. Bunday hodisa har kuni sodir bo‘lmaydi. Bu kabi miqyosdagi fojia, afsuski, dunyoda har o‘n yilda bir takrorlanganiga guvoh bo‘lamiz. Andijon voqealarini faqat Pekinning Tyananmen maydonidagi qirg‘inga qiyoslash mumkin. Biz bu foijada qurbon bo‘lganlarning xotirasi oldida qarzdormiz va shuning uchun ham bu voqeaning navbatdagi sanasini eslamaydan o‘tolmaymiz. Andijon fojiasi bizga o‘zbek xalqi qanchalik shafqatsiz bir diktatura ostida yashayotganini xotirlatadi. Ammo fojianing miqyosiga qaramasdan, Andijon voqealari borasidagi bor haqiqat hanuzyuzaga chiqqani yo‘q. Va bu nafaqat Karimov hukumati guvohlarni yo‘q qilgani, balki g‘arbning ham haspo‘shlashi tufayli sodir bo‘layapti. G‘arbning Andijon borasidagi siyosati sharmandalidir. Dunyo tarixiga qarasangiz, hech qachon diktatorlarning bir o‘zlari oyoqda turishmagan, diktatorlarning hammasi jahon hamjamiyati va qudratli davlatlarning dastagi bilan hokimiyatda qolganlar. Afsuski, shunday.

BBC: Britaniya hukumati Andijonda tinch namoyishchilarning o‘ldirilishini qoralagan va mustaqil tekshiruv o‘tkazishga chaqirgandi. Ammo hozirda Prezident Karimov hukumati bilan muloqot siyosatini himoya qilayapti. Bu kabi muloqot sizningcha, Andijon voqealari borasidagi haqiqatni yuzaga chiqarishga yordam berishi mumkinmi?

Kreyg Myurrey: Afsuski, mutlaqo yordam bermaydi. Chunki Britaniya hukumatining O‘zbekistonga qiziqishi faqat va faqat Afg‘oniston bilan bog‘liq. Britaniya Prezident Karimovning jig‘iga tegishi yoki xafa qilishi mumkin bo‘lgan hech qanday amalga qo‘l urmaydi. Britaniya hukumati Andijon borasidagi haqiqatning yuzaga chiqishi uchun hech narsa qilayotgani yo‘q. Buning bitta misoli, aytaylik, britan hukumati BBC jurnalistlarining O‘zbekistonga qaytishi uchun hech narsa qilayotgani yo‘q. Chunki Andijon voqealari borasidagi haqiqatni o‘rganishning eng yaxshi yo‘li jurnalistlarning qirg‘indan omon qolgan guvohlarni topib, voqea joyining o‘zidan bu narsalarni tadqiq etishlari bo‘lur edi. Ammo O‘zbekiston hukumati xali ham BBC va boshqa xorijiy jurnalistlarning mamlakatga kirishlariga ruxsat bermayapti.

BBC: G‘arbning Karimov hukumati bilan muloqoti hech qursa, Andijondagi kabi voqealarning takrorlanishining oldini oladi, deb o‘ylamaysizmi?

Kreyg Myurrey: Afsuski, g‘arbning Karimov hukumati bilan muloqoti qaytaga, ikkinchi Andijonning yuz berishi ehtimolini kuchaytiradi. Chunki g‘arbning dastagi Karimovga jazodan qutulib qolganlik hissi va ishonchini beradi. Shuncha odam o‘ldi, ammo hech kim hech narsa qilolgani yo‘q degan bir ishonch. Va Karimov hozirgacha O‘zbekistonni qanday diktatorlik uslubida boshqarib kela bo‘lsa, yana shunday boshqaraveradi. Mening xavotirim shundaki, agar O‘zbekistoning qayeridadir yana shunga o‘xshash bir norozilik chiqishi yuz bersa, bu yana bir qirg‘inga olib kelishi mumkin. Chunki O‘zbekistondagi kabi bir tuzum, ya‘ni bir hovuch odam haddan tashqari boyib, qolgan xalq qashshoqlikda, qo‘rquv ichida kun kechirayotgan bir tuzum siyosiy jihatdan barqaror bo‘lishi mumkin emas.

BBC: Andijon voqealari yuz bergan kunlarda Prezident Karimovning uzoq vaqt hokimiyatda qololmasligi haqida bashoratlar yangragandi. Yaqin Sharqdagi vaziyat bilan butun o‘xshashliklarga qaramasdan, Arab davlatlaridagi kabi xalq isyonlari ham yuz bergani yo‘q. Bu narsalar O‘zbekiston va mintaqadagi tuzumlarning siyosiy jihatdan hanuz anchayin barqaror ekanliklarini ko‘rsatmaydimi?

Kreyg Myurrey: Men Markaziy Osiyo davlatlari inqilobiy siyosiy o‘zgarishlardan himoyalangan, deb aytmagan bo‘lardim. Pirovardida bu o‘zgarishlar Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistonga ham keladi. Albatta, bu o‘zgarishlarni yuzaga kelishi Markaziy Osiyoda Arab davlatlaridagidan ko‘ra qiyinroq bo‘lishi mumkin. Chunki internet va ijtimoiy tarmoqlar mintaqda xali unchalik ommalashgani yo‘q. Bundan tashqari, xavfsizlik apparati katta va yaxshi jihozlangan. Xususan, O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlari AQSh, Olmoniya va Shvetsiya kabi davlatlardan telefon so‘zlashuvlarini tinglovchi jihozlar va kuzatish kameralarini olishgan. Odamlar internetda xohlagan narsalarini chop etishdan qo‘rqishadi. Bunday sharoitda odamlarni safarbar qilish qiyin. Ammo bu degani arab davlatlaridagi kabi o‘zgarishlar bo‘lmaydi, degani emas. Albatta, o‘zbek muxolifati bu o‘zgarishlarni, deylik, Turkiyadan turib, amalga oshirolmaydi. Ammo muxolifat muqobil ijtimoiy dasturlarni yo‘lga qo‘yishi mumkin. Men bu yerda o‘zbek muxolifati vakillari bilan suhbatlashdim va ularning g‘oya va fikrlaridan ruhlandim. O‘zbekiston ichkarisida aholining mavjud tuzumdan noroziligi kuchli. Men bunga xali elchilik paytim O‘zbekistonning shahar va qishloqlari, xususan, Farg‘ona vodiysi bo‘ylab safarlarimda qayta va qayta guvoh bo‘lganman. Menimcha, o‘zbek muxolif guruhlari anchayin yaxshi tashkillangan O‘zbekiston Xalq Harakati va uning rahbari Muhammad Solih atrofida birlashishlari kerak.