Boks: Muhammad Alining promouteri Bahodir bilan ishlamoqchi

Professional boksda dunyoning eng mashhur promouterlaridan bo‘lgan amerikalik Dong King o‘zbekistonlik bokschi Bahodir Mamajonov bilan uzoq yilga shartnoma imzolagan.

Bu haqda boksga ixtisoslashgan qator xalqaro internet nashrlari xabar tarqatishgan.

Afsonaviy promouter sifatida baho beriluvchi Dong King esa, o‘z vaqtida Muhammad Ali, Mayk Tayson, Evander Xolifild kabi dunyoning manaman degan bokschilariga promouterlik qilgan.

Bahodir Mamajonov o‘tgan oy professional boksning yengil vazn (61.2 kg) toifasida WBA (International) kamarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgandi.

O‘zbekistonlik bokschi Amerikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi jangida kubalik raqibi Anjelo Santanani texnik nokautga uchratib, mag‘lub etgandi.

Bahodirning BoxingScene.com internet nashriga aytishicha, "Dong King bilan shartnoma imzolash o‘zining Jahon chempioni bo‘lish orzusini amalga oshirishga yordam beradi".

Farg‘ona boks maktabi vakili bo‘lgan 25 yoshli Bahodir Mamajonov 61.2 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ringga tushib keladi va o‘zi 200 dan ortiq jang o‘tkazgan havaskor boksda ham turli nufuzli xalqaro turnirlar g‘olibi sanaladi.

U professional boksdagi karerasini bundan ikki yil burun boshlagan va amerikalik murabbiysi Ken Richard qo‘l ostida shug‘ullanib kelgan.

Bahodir shu paytgacha professional ringda 14 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, shuning faqat bittasida durang natija qayd etgan. Qolgan barchasini g‘alaba bilan yakunlagan. Shundan to‘qqiztasini nokaut bilan yenggan.

O‘zbekistonlik bokschi shu hafta Jahon Boks Uyushmasining "Eng kuchli bokschilar" ro‘yxatida yuqori o‘nlikka ham kirishga muvaffaq bo‘lgan va unda 6-o‘rinni egallagan.

Xabarlarga ko‘ra, afsonaviy yangi promouteri Don King ham Bahodir bilan birga ishlashdan mamnun ekani, undan ko‘p narsalar kutayotganini aytgan.

Image caption "Don King Bahodirga bokschi o‘laroq barcha imkoniyat va qobiliyatlarini namoyish etishiga yordam beradi..."

Biz so‘nggi yangilikka professional boksning WBO tasnifida yengil vazn toifasida 17 karra jahon chempionligi kamarini himoya etishga muvaffaq bo‘lgan o‘zbekistonlik dongdor bokschi Artur Grigoryanning munosabatini so‘radik:

Artur Grigoryan: Don King dunyodagi eng kuchli promouter hisoblanadi. Agar Don King Bahodir bilan shartnoma imzolab, ishlash istagini bildirgan ekan, demak, kamida 4-5 yil undan katta narsalarni kutayapti. Chunki Don King har qanday bokschi bilan ham shartnoma imzolayvermaydi. Demak, u Bahodirning potentsialini ko‘rgan va unga ishonadi. Shundan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, Bahodir kelasi to‘rt, besh yil ichida jahon chempioni bo‘ladi. Chunki uning Don Kingdek promouteri bor. Bunday promouterga ega bo‘lishni esa, har qanday bokschi orzu qiladi.

BBC: Demak, siz ham o‘z vaqtida orzu qilgansiz, desam, xato qilmayman, to‘g‘rimi?

Artur Grigoryan: Men ham, agar ta‘bir joiz bo‘lsa, o‘z vaqtida erishaman degan narsalarimga erishib bo‘lganman. Promouterim ham yomon emas edi. Lekin o‘sha paytda Don Kingdek promouterim bo‘lganida, men ham, albatta, jon derdim. Chunki Don King jahon professional boksida eng buyuk va mashhur promouter sanaladi. Muhammad Ali davridan boshlab, hozirgacha unga teng keladigan promouter yo‘q. Shuning uchun ham, Don Kingning Bahodirga qiziqish bildirib, unda joriy paytda uncha-muncha bokschida yo‘q xislatlarni ko‘rgan ekan, men bundan juda mamnunman.

BBC: Sizningcha, Don King o‘zining mashhurligi va kuchliligi bilan Bahodirga qanday yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin?

Artur Grigoryan: Don King Bahodirga bokschi o‘laroq barcha imkoniyat va qobiliyatlarini namoyish etishiga yordam beradi. O‘z navbatida, Bahodir ham qo‘lidan kelgancha harakat qilishi, o‘zini ko‘rsatishi lozim. Orqasida Don Kingdek promouteri turibdi, bundan ortig‘i bo‘lmaydi.