Shvetsiyada "Ovronigoh-2013" qo‘shiq tanlovi boshlandi

Image caption "Evrovideniye-2012" da shvetsiyalik qo‘shiqchi Loren Euphoria" qo‘shig‘i bilan g‘olib chiqqan edi.

12 may kuni Shvetsiyaning Malmyo shahrida "Ovronigoh-2013" qo‘shiq tanlovi tantanali ravishda ochilgan.

Bu yilgi bellashuvlarda Ovro‘poning 39 mamlakati qo‘shiqchilari ishtirok etishadi.

"Ovronigoh" tarixida beshinchi bor qo‘shiq konkursi Shvetsiyada o‘tkazilmoqda. Malmyo shahri esa ikkinchi bor qo‘shiq bayramiga mezbonlik qiladi.

Qo‘shiq tanlovining bu yilgi ramzi kapalak bo‘lib, kamalakning yetti xil rangida tovlanadi. Tanlov shiori esa We Are One, ya‘ni "Biz- birgamiz", deb ataladi.

"Ovronigoh-2013"ning final kontserti 18 may, shanba kuni bo‘lib o‘tadi.

Har hili qaysidir mamlakat turli sabablar bilan tanlovda qatnashishni rad qilish hollari uchraydi. Bu yil Portugaliya, Bosniya va Gertsogoviniya, Slovakiya va Turkiya davlatlari qo‘shiqchilari qatnashmasliklari ma‘lum bo‘lgan. Ozarbayjonda o‘tgan tanlovda qatnashishni istamagan Armaniston davlati esa "Ovronigoh" ga qaytgan.

Rossiyani bu yilgi bellashuvda "Golos" qo‘shiq tanlovining g‘olibi Dina Garipova "What If"qo‘shig‘i bilan taqdim etadi. Rossiyaning "Golos" tanlovida o‘zbekistonlik qo‘shiqchi Sevara Nazarxon ham qatnashgan, biroq unga final turigacha yetib borishiga imkon berilmagan edi.

"Ovronigoh-2013"da bu yil g‘olib bo‘lishi mumkin sifatida ko‘rilayotganlar orasida daniyalik Emili de Forest, ukrainalik Zlata Ognevich va norvegiyalik Margaret Bergerlar aytilmoqda.

O‘tgan yili Ozarbayjon poytaxti Bakuda bo‘lib o‘tgan "Ovronigoh-2012"da shvetsiyalik qo‘shiqchi Lorin "Euphoria"si bilan g‘olib chiqqan va keyingi tanlov o‘z mamlakatida o‘tish huquqini qo‘lga kiritgandi.

Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari bunday tanlovlar payti inson haqlari bo‘yicha muammolarga keng jamoatchilikning imkon qadar e‘tiborini tortishga harakat kelishadi.

Jumladan, o‘tgan yilgi Bakuda o‘tgan "Ovronigoh" tanlovi arafasida Ozarbayjon hukumatining tanqidchilari "Ovronigoh" qo‘shiq tanlovi tashkilotchilariga murojaat qilib, siyosiy muxolifat a‘zolarini hibsga olishni, jurnalistlarni kaltaklashni, tomosha o‘tkaziladigan saroy qurilishi uchun Bokuda yashaydigan insonlarning uylarini vayron etishni to‘xtatishga chaqiriq bilan chiqishgan.

Undan oldin Rossiyada bo‘lib o‘tgan "Ovronigoh-2009" tanlovi vaqtida ham faollar mamlakatdagi inson huquqlari masalasiga e‘tibor qaratishni so‘rashgan edi.

Shvetsiyada o‘tayotgan "Ovronigoh-2013" tanlovining rasmiy homiysi sifatida TeliaSonera shirkati ekani aytilgan edi.

TeliaSonera shirkati O‘zbekistonda biznes yuritishga bog‘liq mojarolari bilan oxirgi paytda ancha tilga tushdi.

Shvetsiya prokuraturasi TeliaSonera shirkatining O‘zbekistondagi faoliyati yuzasidan tekshiruv ishlarini boshlagan. Biroq Shvetsiyada O‘zbekistondagi inson huquqlari muammolari yoki aynan tanlov homiysining O‘zbekistonga bog‘liq mojarolari tilga olinishi dargumon.