Afg‘oniston Eron chegarasida muhojirlar otib o‘ldirilganidan g‘azabda

  • 13 May 2013
Afg‘onlar ish izlab Eronga o‘tish niyatida bo‘lganlarini aytganlar.

Eronning Kobuldagi elchisi Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan va qurolsiz Afg‘oniston fuqarolari otib o‘ldirilgani munosabati bilan keskin norozilik bildirilgan.

Hodisa 10 maydan 11 mayga o‘tar kechasi ro‘y bergan.

Afg‘on rasmiylariga ko‘ra, mamlakat g‘arbidagi Farah viloyatining Lashvajuvayn tumanining Eronga chegaradosh hududida 200 tacha inson tun qorong‘usida Eron hududiga noqonuniy o‘tishga harakat qilganlar.

Bu odamlar ish izlab Eronga o‘tish niyatida bo‘lganlarini aytganlar.

Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri Zalmay Rasul Eronning Kobuldagi elchisi bilan uchrasharkan, "Eron tuprog‘iga ish izlab o‘tgan ayrim qurolsiz Afg‘onlarning o‘ldirilishi va yaralanishiga qarshi norozilik" izhor etilgan.

Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilishicha, "Eronga ish uchun o‘tgan Afg‘on tinch fuqarolariga qarshi o‘t ochish diniy, madaniy va yaxshi qo‘shnichilik aloqalariga qarshi" ekani elchiga bildirilgan.

Hodisa yuzasidan Eron tomoni sharh bermagan.

Afg‘on rasmiylariga ko‘ra, eronlik chegarachilar o‘q otishi oqibatida kamida 10 Afg‘on halok bo‘lgan, kamida sakkiz nafari jarohatlangan.

Tashqi ishlar vazirligi Afg‘on chegara xizmatini ham muhojirlarni pasport yoki vizasiz Eron hududiga o‘tishlariga izn bergani uchun tanqid qilgan.

Muxbirlarga ko‘ra, noqonuniy muhojirlarning otib o‘ldirilishi Farah viloyatida mahalliy odamlarni g‘azablantirgan, viloyat markazida norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgan.

Bugungi kunda Eron hududida 2,4 million Afg‘on istiqomat qiladi, deb ko‘riladi.

Ularning aksari qochqinlar va noqonuniy muhojirlardir.