Tojik muxolifatchisiga qarshi ayblovlar ilgari surildi

Image caption Zayd Saidov yaqinda "Yangi Tojikiston" nomli siyosiy partiya tashkil etayotgani haqida e‘lon qilgandi.

Tojikistonda "Yangi Tojikiston" nomli yangi partiya tuzish tashabbusi bilan chiqqan biznesmen Zayd Saidovga qarshi jinoiy ish ochilgan.

Hozir Saidov janoblari ko‘pxotinlilik va soliqlardan bo‘yin tovlashda ayblanmoqda.

Tekshiruvlarda asosiy e‘tibor janob Saidov qo‘li ostidagi "Toch-Soxtmon Baynalmillal" shirkatiga qaratilgan.

Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi rahbarining matbuotga aytishicha, Zayd Saidovga tegishli biznes idoralari faoliyati tekshirilganda "qalbakilashtirilgan raqamlar"ga duch kelingan.

Shirkat rahbariyati raqamlarni soxtalashtirish va soliqlardan bo‘yin tovlashda ayblanadi.

Moliyaviy nazorat va korruptsiyaga qarshi kurash agentligining bildirishicha, "Toch-Soxtmon Baynalmillal" poytaxtdagi Dushanbe Plaza qurilishi payti 2 million somoniy (400, 000 dollardan ortiq) noqonuniy ravishda o‘zlashtirgan.

Ayblovlar Zayd Saidov Tojikiston tennis federatsiyasi rahbari sifatida Parijda o‘tayotgan tennis musobaqalarida ishtirok etayotgan paytda yangragan.

BBCning Dushanbedagi muxbiri Mardon Muhammadga ko‘ra, Zayd Saidovga qarshi ochilgan ish asosan uning "Yangi Tojikiston" siyosiy partiyasini ochish tashabbusi bilan bog‘lanmoqda.

Ma‘lum qilinishicha, aynan mana shu partiya tashkil etilayotgani borasida e‘lon qilinishi ortidan Saidov janoblari va boshqa tashkilotchilarga nisbatan bosimlari kuchaygan.

Zayd Saidovning o‘zi BBC bilan suhbatda o‘ziga qarshi ayblovlarni rad etgan va mamlakatga qaytib, o‘zining aybsizligini isbotlashini ta‘kidlagan.

Zayd Saidov kim?

Zayd Saidov Tojikistondagi badavlat va eng taniqli biznesmenlaridan biri hisoblanadi.

"U sobiq sho‘rolar davrida ham mayda biznes bilan shug‘ullangan va nafaqat Tojikiston, balki Sovet Ittifoqi hududida ham nom chiqargandi", deydi Mardon Muhammad.

Tojikistondagi ichki urushlar davrida Zayd Saidov Moskvaga ketgan va 6 yil davomida faoliyatini o‘sha yerdan turib davom ettirgan.

Tinchlik bitimi imzolanishi ortidan u Tojikistonga qaytib, 1999-2006 yillarda Tojikiston Sanoat vaziri vazifasida ishlagan.

Hozir janob Saidov o‘z biznesidan tashqari Tojikiston biznes assotsiatsiyasi hamda mamlakat tennis federatsiyasiga ham rahbarlik qiladi.

"Tojikistonda uni siyosiy shaxsiyat sifatida bo‘lmasa-da, bir biznesmen sifatida yaxshi taniydilar", deydi BBC muxbiri.

Ko‘pxotinlilikda ayblanayotgan 54 yoshli Zayd Saidovning 4 ayoli va ulardan 10 farzandi borligi aytiladi.

Tojikistonda ikki va undan ortiq marotaba uylangan shaxslar Respublika Jinoyat kodeksining 170-moddasiga binoan jazolanadi. Qonunga ko‘ra, ular jarimaga tortilishi yoki ozodlikdan mahrum etilishi ham mumkin.

Tojikiston biznes assotsiatsiyasi ham Zayd Saidovni vazifasidan bo‘shatish masalasida tez orada qaror berishlari mumkinligini ma‘lum qilgan.

Muxolifatga bosimlar

Yaqindan boshlab Tojikiston muxolifati, jumladan, Islom Uyg‘onish Partiyasiga nisbatan bosimlar kuchaygani xabar qilingandi.

Mazkur bosimlarni muxolifat vakillari va tahlilchilar noyabr oyida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan prezidentlik saylovlari oldidan qilinayotgan siyosiy bosimlar sifatida izohlashmoqda.

Mardon Muhammadning xabar qilishicha esa, Zayd Saidov jurnalistlar bilan suhbati chog‘i prezidentlikka nomzodini qo‘yish niyati yo‘qligi va yangi partiyasi 2015 yilgi parlament saylovlarida ishtirok etishni rejalayotganini bir necha bor ta‘kidlagan.

"Lekin, agar Zayd Saidov prezidentlikka nomzodini qo‘ysa, joriy rahbar Imomali Rahmonga asosiy raqiblaridan biri bo‘lishi mumkin", deydi muxbirimiz.

Hozirgacha joriy Prezident Imomali Rahmonning saylovlarda ishtirok etishi ma‘lum.

Tojikiston sotsial-demokratik partiyasi raisi Rahmatillo Zoirovdan boshqa hech kim hozirga qadar raqib sifatida o‘z nomzodlarini ilgari surishi ehtimoli xususida rasman e‘lon qilmagan.