"O‘g‘lim Tsarnayevga yordam berishni o‘ylamagan"

Image caption Amir Ismagulov o‘g‘lining iltimosiga ko‘ra Boston qurbonlarini xotirasiga gul qo‘ygan.

Amir Ismagulov - Boston portlashlari bo‘yicha jinoiy ishda politsiyani chalg‘itishga uringanlikda ayblanayotgan ikki qozog‘istonlikdan birining otasi.

BBCning "The World" radio dasturiga intervьyu bergan Ismagulov o‘g‘lining hibsga olinganligi vatanida hammani "shok" qilganini aytgan.

Qadirbayev va Tajayakov - portlashlarni uyushtirganlikda ayblanayotgan Johar Tsarnayevning hamkorlari sifatida qo‘lga olingan. Ular "do‘stlarini ko‘ngilsizlikdan qutqarish uchun" muhim dalillarni yo‘q qilishga uringanlikda ayblanmoqdalar. Hozirda qozog‘istonlik ikki talaba yigit hibsda qolmoqda.

O‘g‘li Azamat Tajayakov bilan sodir bo‘lgan hodisadan xabar topgan Atirau shahar kengashi deputati Amir Ismagulov 25 aprelda AQShga boradi.

Shu safar paytida BBC muxbiri u bilan suhbatlashgan.

BBC: O‘g‘lingiz bilan gaplashdingizmi?

Amir Ismagulov: Ha, albatta gaplashdim. Bir marta.

BBC: O‘g‘lingiz nimalarni gapirdi?

Amir Ismagulov: Umuman olganda u hech qanday aybdor emas, shu.

BBC: O‘g‘lingiz Boston portlashlarida halok bo‘lganlar xotirasiga gul qo‘yishingizni so‘rabdi. Nima uchun u bu haqda so‘radi?

Amir Ismagulov: U hamma qatori begunoh insonlar halok bo‘lganidan qayg‘uradi. U qamalmaganida o‘zi gul olib borardi.

BBC: O‘g‘lingiz Johar bilan do‘stligi haqida gapirganmidi?

"U agar Tsarnayevga yordam bermoqchi bo‘lganlarida, laptopni yondirib yuborgan bo‘lishlari mumkinligini aytadi. Axir hamma ma‘lumotlar o‘shaning ichidaku"

Amir Ismagulov: Yo‘q, u menga hech qachon gapirmagan, chunki ular ular juda yaqin do‘st bo‘lishmagan. BBC: Uning hibsga olinganligi sizga qanday ta‘sir qildi?

Amir Ismagulov: Juda og‘ir. Biz o‘g‘limni hibsga olinishi va ayblov berilishi haqida o‘ylamagan edik. Men 46 yoshdaman, hayotimda chekmagan edim, Bostonga kelib chekdim. Mening holatimni tasavvur qilyapsizmi?

BBC: Siz o‘g‘lingizni hibsga olganlarini qanday bildingiz?

Amir Ismagulov: U menga qo‘ng‘iroq qildi va "Dada, bizni qamashyapti", dedi. Birinchi kun u menga skayp orqali chiqdi va biz uch soat Markaziy Razvedka Boshqarmasidan kelishlarini kutdik. Bizda soat tungi to‘rt edi. Keyingi kun u menga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini 10 soat so‘roq qilib, keyin qo‘yvorishganini aytdi. Birozdan so‘ng yana qo‘ng‘iroq qilib "Bizni yana olib ketishyapti, endi migratsiya ishi bo‘yicha"dedi.

Image caption "Mening o‘zim masalan jihod, radikallar bilan kurashib kelaman, o‘g‘lim Qur‘ondan ikki jumla ham bilmaydi. Biz dindor emasmiz", degan janob Ismagulov.

BBC: O‘g‘lingizga jiddiy ayblov qo‘yishyapti, bu bilan 5 yilgacha qamalishi mumkin. Bu haqda sizga u nima dedi?

Amir Ismagulov: U shokda albatta. U "Men hech narsaga aralashmaganman. Nima uchun meni qamashmoqchi, umuman tushunmayapman", dedi. U o‘zini aybdor hisoblamaydi.

BBC: Qozog‘istonda qanday munosabat bo‘ldi bunga?

Amir Ismagulov: Dahshatli ta‘sir bo‘ldi. Qozog‘istonda prezidentimiz hammani diniy bag‘rikenglikka chaqiradi. Bizda har yili diniy anjumanlar bo‘ladi. Hamma din vakillari qatnashadi. Xalqaro agentliklar Qozog‘iston, mening o‘g‘lim bu ishlarga aloqador ekanligi haqida tarqata boshlaganda, buning ta‘siri dahshatli bo‘ldi. Hozir Azamatning do‘stlari televizordan chiqib, uning bu ishlarga aloqasi borligiga ishonmasliklarini aytishmoqda. Shu bilan birga o‘g‘lim Qur‘ondan ikki jumlani ham bilmasdi. Albatta u dinni hurmat qilardi, lekin u terrorist, radikal islomchi emas.

BBC: Mahkama jarayoni tugaguncha AQShda qolasizmi?

Amir Ismagulov: Albatta vizam taqozo qilgunicha, mahalliy hukumat ruxsat bergunicha o‘g‘limning oldida bo‘lishim kerak.

BBC: O‘g‘lingizni AQShga jo‘natayotib, nimalarni orzu qilgandingiz?

Amir Ismagulov: Men Azamat neftni qayta ishlash sohasi bo‘yicha yaxshi bilim olishini istagandim. Bu yil u boshlang‘ich kursni tugatib, Ostinga asosiy sohani o‘qishga ketishi kerak edi. O‘qishni bitirib Qozog‘istonga borishini, jamiyatga foydasi tegishini xohlagandim. O‘g‘lim har doim Amerikaga kelishni orzu qilgandi. Qanday qilib u o‘ziga bilim bergan yerga yomonlik qilishi mumkin? Men shuni ta‘kidlashni istardim, bizda "jihodchilar" yo‘q.

BBC: Amerikada ko‘pchilikda sizning o‘g‘lingiz ham shu jinoyatga aralashgan, degan tasavvur bor. Siz ularga nima degan bo‘lardingiz?

Amir Ismagulov: Men Boston xalqidan o‘g‘limga do‘sti kabi qarashini so‘rardim. U juda bosiq, bilimga intiluvchi yigit. U Tsarnayevlar shunday narsalarga qodirligini hatto o‘ylab ham ko‘rmaganligini aytdi.

BBC: Balki u do‘stiga yordam bermoqchi bo‘lib, o‘ylamagan tarzda shu ishni qilgandir?

Amir Ismagulov: Men undan so‘radim. U Tsarnayevga yordam bermoqchi bo‘lmagan. U Qadirboyev laptopni tashlab yuborganini ko‘rmaganini aytdi. O‘g‘lim Amerikani sevadi, men o‘g‘limni Amerikaga haqiqiy demokratiyani ko‘rishini xohlab yuborganman.