Turkiyada portlashlar 40 dan ortiq kishining umriga zomin bo‘lgan

Image caption Portlashlar odamlar orasida vahimaga sabab bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, Turkiyaning Suriya bilan bir necha chaqirimlik masofada joylashgan Rayhonli turk shahridagi hodisada kamida 40 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi tan jarohati olgan.

Turkiya Ichki ishlar vazirining bildirishicha, Xatan viloyatidagi yirik chegara posti yaqinida portlovchi moddalar o‘rnatilgan mashinalar portlatilgan.

Xatanda minglab suriyalik qochqinlar mavjud. Ular mamlakatda ikki yildan buyon davom etayotgan tartibsizliklardan so‘ng Rayxonli tumaniga kelib joylashganlar.

Turkiya matbuotiga ko‘ra, qator portlashlardan so‘ng shaharda vahima boshlangan. Shahar hokimi portlashdan bir qancha binolar vayron bo‘lganini aytgan.

Mahalliy matbuotning xabar berishicha, portlashlardan keyin mahalliy odamlar suriyalik qochqinlar va ularning mashinalariga hujum qilganlar.

Turkiya Ichki ishlar vaziri Muammar Gulyor hodisa yuzasidan hukumat tekshiruvi o‘tkazilishini bildirgan. Unga ko‘ra, qurbonlar soni oshishi mumkin.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Axmat Dovuto‘g‘li Turkiya o‘zini himoya qilishga qodir ekanini, xavfsizlik choralari ko‘rilishini ma‘lum qildi.

Suriya bilan chegaradagi vaziyat tarang bo‘lib qolmoqda. Turk va suriyalik yoshlar bir necha bor to‘qnashganlar.