"Bizda "Hizbut-tahrir" a‘zolarining soni 20.000 ga yetib qoldi"

Qirg‘izistonlik yuqori martabali mulozimlarga ko‘ra, mamlakatlarida diniy partiyaning ana shuncha sondagi a‘zosi noqonuniy tarzda faoliyat olib boradi.

"Hizbut-tahrir"ning faoliyati esa, diniy-ekstremistik tashkilot mazmunida boshqa mintaqa davlatlarida bo‘lgani kabi Qirg‘izistonda ham o‘n yilcha burun rasman man etilgan.

Qirg‘iziston Bosh vaziri muovini ushbu masalani, hatto, mamlakat parlamenti mudofaa va xavfsizlik hay‘atining yig‘inida muhokama etgan.

Vazir muovinining aytishicha, "Hizbut-tahrir" a‘zolari asosan shimoliy Talas va Cho‘y, qisman O‘zbekistonga qo‘shni janubiy O‘sh viloyatining ayrim tumanlarida faollar.

Shamil Otaxonovga ko‘ra, "hozir Qirg‘iziston xavfsizlik idoralari ularning faoliyatini fosh etish yo‘lida ish olib borishmoqda".

Agar, vazir muovini yig‘in chog‘ida keltirgan raqamlarga qaralsa, "shu paytgacha diniy ekstremizm bilan bog‘liq ja‘mi 200 ga yaqin jinoyat aniqlangan va yuzdan ortiq jinoiy ish ochilgan. Ikki mingdan ortiq varaqa musodara etilgan".

Ammo so‘nggi xabar ortidan biz suhbatga tortgan Qirg‘iziston janubilik mahalliy imom Rashod qori Kamolovning aytishicha esa, mas‘ullar keltirayotgan ma‘lumotlar bo‘rttirib ko‘rsatilgan:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Kuzatuvlar nima deydi?

"Men qariyb yetti yildan beri imomlik qilayotgan bo‘lsam, o‘z faoliyatim davomida "Hizbut-tahrir" a‘zolarining soni bu qadar ko‘payganiga nafaqat o‘z mintaqam, balki yon-atrofdagi hududlarda ham guvoh bo‘lganim yo‘q", deydi u.

Imom Rashod qori Kamolov, o‘z shaxsiy nuqtai nazari ekanini alohida urg‘ularkan, mas‘ullarning so‘nggi bayonotlari ortida ikkita sabab turibdi, deydi:

"Birinchidan, "Hizbut-tahrir"ni radikal guruh deya ko‘rsatib, ularga qarshi kurashish uchun pul olish, muayyan vazifalarni egallash, berilayotgan grantlardan foydalanish maqsadida ko‘proq mablag‘ ajratishlari maqsadida ko‘rsatilayotgan ma‘lumot. Ikkinchidan, Markaziy Osiyodagi siyosat borasida "chizilayotgan proyektlar"da shunaqa bir diniy guruhlarning faollashayotganini ko‘rsatish maqsadida qilingan ish deb bilaman", deydi u kishi.

O‘z o‘rnida, imom Rashod qori Kamolov, boshqa mintaqa davlatlari bilan solishtirganda, Qirg‘izistonda davlat kuchsizroq ekani bois, diniy erkinliklar imkoniyati yuqoriroq ekani, shu sababdan ham, "Hizbut-tahrir"ga o‘xshash guruhlar faollashgan bo‘lishlari mumkinligi ehtimolini ham nazardan soqit etmaydi.

Ammo, uning o‘z kuzatuvlaridan kelib chiqib aytishicha, guruh a‘zolarining faoliyat uslublari hozirga kelib o‘zgargan, rivojlangan.

"Kuch ishlatar tizimlari xodimlari ko‘rsatayotgandek varaqalar yoki diniy motivlar degan narsalarning hammasi tuhmat, bo‘hton. Ularning faoliyatlari umuman o‘zgargan, rivojlangan", deydi imom Rashod qori Kamolov.

Uning aytishicha, o‘z veb sahifalarini ommalashtirish uchun ular bugungi kundagi axborot vositalaridan, internetdan foydalanishadi, do‘stlari bilan "Odnoklassniki" va "Facebook" kabi ijtimoiy muloqot tarmoqlari orqali diniy ma‘lumotlari va fikrlari bilan o‘rtoqlashishadi.

Nimalar haqida so‘z yuritishadi?

"Ularning faoliyatlarida Markaziy Osiyo davlatlarining olib borayotgan siyosatlari, Yaqin Sharqqa oid siyosatlar, Amerikaning Markaziy Osiyoga qaratilgan loyihalarni musulmonlarning ustilariga zo‘ravonlik qilayapti, degan fikrlar ko‘proq ustunlik qiladi. Mana shu narsalarni isboti bilan yoki hujjatlari bilan berishga harakat qilishadi".

Suhbatdoshimiz shaxsiy bo‘lmay, jamoaviy harakat bo‘lgani uchun ham, hatto, ularning ichiga kirolsangiz ham, besh-o‘n kishidan uyog‘iga o‘tolmaysiz, chunki xavfsizliklarini o‘ylab, tizimlari shunaqa tuzilgan, deydi.

Ammo, uning aytishicha, "insonda tabiatan mazlum tarafga moyillik bo‘lgani uchun ham, bularga nisbatan O‘zbekistonda bo‘lsin yoki Tojikistonda, ba‘zan Qirg‘izistonda, tazyiqlar yoki noinsoniy harakatlarni fosh qilib, shu jihatdan o‘zlarining mazlumliklari va haqiqatda dindor ekanliklarini isbotlagandek bo‘lib, xalqni o‘zlariga jalb qilishadi".

O‘tgan oy oxirida janubiy O‘sh viloyatida "Hizbut-tahrir"ga a‘zolikni qoralash va undan omma oldida voz kechishga qaratilgan tadbir ham o‘tkazilgandi.

Bundan oldinroq ham matbuotda diniy-ekstremistik guruhlar Qirg‘iziston janubida faollashgani borasida xavotirli chiqishlar qilingan.

Biroq mahalliy inson huquqlari faollari va dindorlar bunday xavotirlarga asos yo‘qligi, ko‘pda vaziyat bo‘rttirilib ko‘rsatilishini aytishadi.

"Hizbut-tahrir" 1953 yilda tashkil etilgan islomiy partiya hisoblanadi.

"Hizbut-tahrir" o‘zining maqsadi butun dunyo bo‘ylab islomiy xalifalikni va islomiy hayot tarzini joriy etish ekanini aytadi.

"Hizbut-tahrir" Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiyada terrorchi, diniy-ekstremist tashkilot deb ko‘riladi, bu firqa a‘zolari uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etilishadi.