"Birodar aka nomini O‘zbekning tarixiga yozgan odam"

Image caption O‘zbek futboli afsonasi Birodar Abduraimov

O‘zbek futboli afsonasi Birodar Abduraimovni 70 yoshlik tavallud ayyomi bilan qutlarkan, ashaddiy sport ishqibozi bo‘lgan O‘zbekiston Xalq shoiri Usmon Azim ana shunday fikrlarni izhor etdi.

Usmon Azimning aytishicha, Birodar aka Abduraimov o‘zining nomini O‘zbek futboli, O‘zbek sporti va O‘zbekning tarixiga yozgan odam.

Image caption O‘zbekiston Xalq shoiri Usmon Azim

"Birodar aka baxtli odamlar, chunki o‘zlarining afsonaga aylanib qolganliklarini ko‘rib, yashayaptilar. U kishi haqiqatan katta afsona. Futbolga kirib, o‘zbek ham futbol o‘ynay olishini butun dunyoga ko‘rsatgan mana shu Abduraimov bo‘ladilar, birinchi odam, birinchi katta futbolchi...", deydi Usmon Azim.

"Birodar akaning shunaqa bir aldab o‘tishi bo‘lardiki, qanotdan o‘tgandan keyin himoyachilar negadir xuddi kesib qo‘yilgandek buralib yiqilib qolaverardi. U kishi shunaqa aldab o‘tgandan keyin butun stadion to‘la odam gurr etib kulib yuborishardi...":

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Birodar aka O‘zbekiston futbolida Abduraimovlar sulolasiga asos solgan, Sovet va O‘zbek futboli tarixida eng kuchli hujumchilardan biri sifatida e‘tirof etilgan, shuning barobarida, haqli ravishda mahoratli murabbiy sifatida tan olingan insondir.

Birodar Abduraimov futbolda erishgan yutuqlari ortidan SSSR Sport masteri, O‘zbekistonda Xizmat ko‘rsatgan murabbiy, "Shuhrat" medali sovrindori va "O‘zbekiston iftixori" faxriy unvonlarini qo‘lga kiritgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Birodar aka hammurabbiyligida ostida o‘z tarixida ilk va hozircha so‘nggi bor 1994 yilda Osiyo O‘yinlari g‘olibi bo‘lgan.

Birodar aka o‘zini O‘zbek futbolining afsonasiga aylantirgan katta futbolga yo‘lini 1959 yilda 16 yoshida ekani chog‘ida solgan.

Image caption Taniqli O‘zbek yozuvchisi Abdulhamid Ismoil

Futbolchi Birodar akani 8 yoshida o‘zi uchun kashf etgan o‘zbekistonlik boshqa bir ashaddiy futbol ishqibozi, taniqli O‘zbek yozuvchisi Abdulhamid Ismoil esa, oradan shuncha yil o‘tib ham mehri ana o‘sha shamoldek yengil va yeldirimdek chaqqon 7-raqamli o‘yinchida qolganini aytadi.

"...menga ko‘proq chap qanotda o‘ynagan epchil va uddaburon "Erkin Abduraimov" degani xush keldi. Balki o‘zim ham o‘shanda Krasnitskiydek buqasimon emas, ana o‘sha Abduraimovdek ozg‘ingina bo‘lganim uchundir. Ana o‘shandan beri mahallamga qaytib Krasnitskiyning dovrug‘ini emas, Abduraimovning dong‘ini tarqata boshladim...":

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Birodar aka Abduraimov O‘zbekistonda XX asrning eng yaxshi futbolchilaridan biri sanaladi.

Bugun O‘zbekistonda jahon futboli yulduzlari Messiyu Ronalьdoni Birodar akaga qiyos beruvchi futbol mutaxassislari ham ozmuncha emas.

Ularning birdek e‘tirof etishlaricha, Birodar aka Abduraimov O‘zbek nomini o‘z o‘yini bilan dunyoga taratgan tirik afsona ekaniga hech bir shubha yo‘q.

Image caption O‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo‘jayev

Birodar akaga safdosh o‘zbekistonlik faxriy futbol sharhlovchisi va murabbiysi Axbor Imomxo‘jayev o‘z vaqtida O‘zbek futbolida juda ko‘p yulduzlar bo‘lgani, biroq Birodar Abduraimov yulduzlar orasidagi yulduz ekanini aytadi.

"Birodar Abduraimovning mana shunaqangi katta yutuqlariga erishishida eng katta sabab, bu - uning o‘ta mehnatsevarligida bo‘lsa kerak. U, hattoki, mashg‘ulotlardan keyin qolib, maydonda to‘p tepib, darvozabonlar bilan to‘p tepish borasida o‘ziga xos duellar o‘tqazib, erinmasdan, har bir mashg‘ulotdan keyin...Mana shu narsa uni katta futbolda o‘sishi, taraqqiy etishiga juda katta yordam bergan", deydi Axbor Imomxo‘jayev:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi