Britaniya janubi-g‘arbida qor yoqqan

Image caption Prinstaunda yoqqan qor bir necha daraxtlarni qulatdi

Britaniya janubi-g‘arbidagi Devon grafligida qor yog‘ishi may oyi uchun noodatiy deya baholanmoqda.

Britaniyaning janubi-g‘arbiy qirg‘oqlariga soatiga 100 kilometr tezlikda shamol kelib urilishi oqibatida bir necha daraxtlar qulab, yo‘llarni to‘sib qolgan.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, Devonga qo‘shni Kornvol grafligida tun osha elektr ta‘minoti uzilishi bilan minglab uylar hozirgacha chiroqsiz qolishmoqda.

Mamlakat g‘arbidagi Shropshir grafligiga ham tun osha 5 santimetr qor yoqqan. Mahalliy aholi suv toshqinlariga tayyorlanish bo‘yicha ogohlantirilgan.

Dushanba kuni yoqqan jala yomg‘ir ortidan Devon va Kornvol ham toshqinlar borasida ogohlantirilgan.

BBC Radio Devonga gapirgan Prinstaun shahri yashovchisi Shiyla Kouts: "Bu dahshat. Kecha uxlashimdan oldin qarasam, derazamni qor qoplab olgandi. Butun umrimni shu yerda o‘tkazganman, lekin yilning bu davrida bunday havoni hech ko‘rmaganman", - dedi.

MeteoGrup tashkilotining ob-havoni bashorat qilish bo‘yicha eksperti Pol Mot mazkur havo bu mavsum uchun ancha g‘ayrioddiy ekanini aytdi.

Unga ko‘ra, Angliyaning qator hududlaridagi chuqur past bosim sovuq havoni keltirib chiqargan. Shamol chorshanba kuni davomida susayishi va hafta oxiriga borib havo biroz ilishi kutiladi.