Qirg‘iziston: AQSh elchiligi oldida namoyish bo‘lib o‘tdi

Qirg‘iziston matbuoti xabar berishicha, Bishkekdagi Amerika elchixonasi qarshisida yig‘ilganlar Maksim Bakiyev ishi oxirigacha olib bormay to‘xtatilganidan norozilik bildirishgan.

Namoyishchilar elchilik Maksim Bakiyevni Qirg‘izistonga ekstraditsiya qilinishiga ta‘sir ko‘rsatishini talab qilishyapti.

Muxbirlarga ko‘ra, "Meken Sheytteri", "Oykol Ala-Too"jamoatchilik birlashmalari va "Aprel Bayrag‘i"partiyasi a‘zolari AQSh elchiligi oldida to‘planganlar.

"Qachonki ish Maksim Bakiyev kabi jinoyatchilarga taaluqli bo‘lsa, ular jazoga tortilishi uchun barcha choralarni ishga solish kerak. AQSh bu vaziyatda o‘zining demokratiya talablaridan chekinmoqda. Biz Amerikadan Maksim Bakiyev ishini oxirigacha olib borib, uni Qirg‘izistonga olib kelinishiga erishishimizda ko‘maklashishini so‘raymiz",- deb aytgan "Meken Sheytteri" rahbari Osunbek Jamansariyev.

Qirg‘izistondagi Amerika elchiligi bu haqda hali biror munosabat bildirmadi.

Qirg‘iziston sobiq prezidentining o‘g‘li Maksim Bakiyev o‘tgan yili 12 oktyabrda Londonda AQSh huquqni himoya qilish tashkilotlari so‘rovi bilan qo‘lga olingan. Biroq o‘sha kunning o‘zida 400 ming AQSh dollari garov puli evaziga kichik Bakiyevni ozod qilgan.

7 dekabrda Londonda Maksim Bakiyev sodir etgan iqtisodiy jinoyatlari uchun AQSh so‘roviga binoan ekstraditsiya qilish ko‘rib chiqilishi kerak edi.

Mahkamani kuzatishga borgan muxbirimizga ko‘ra, mahkama Maksim Bakiyevni tanishtirishdan so‘ng ish 13 mayga qoldirganini e‘lon qilgan.

Mahkamaga bir necha kun qolganda Amerikada Maksim Bakiyevga nisbatan jinoyat ishining yopilishi bilan o‘z-o‘zidan Londonda uni ekstraditsiya qilish bo‘yicha mahkama ham nihoyasiga yetgan hisoblanadi.

Qirg‘iz tarafi mahkama bo‘lishini kutayotgan edi va tabiiyki ushbu xabar kutilmagan bo‘lgan.

Amerikada Maksim Bakiyevga nisbatan jinoyat ishining nima sababdan yopilgani sabablari hozircha noma‘lum. Qirg‘izistondagi jurnalist Gulnora Qasmambetovaning aytishicha, "Qirg‘iz rasmiylari Maksim Bakiyevni ko‘plab jinoyatlarda ayblaganlar va endi uni qo‘lga tushirish uchun va mahkamaga tortish uchun yangicha va qiyinroq yo‘llarni o‘ylab topishlari kerak bo‘ladi. Maksim Bakiyevga esa mahkama qaroridan so‘ng hech qanday ekstraditsiya xavfi yo‘q va u Londondagi uyida bemalol uxlayverishi mumkin".

Maksim Bakiyev Qirg‘izistonda sirtdan 25 yilga qamalgan. Sobiq prezident Kurbanbek Bakiyevning o‘g‘li mamlakat Jinoyat kodeksining "Jinoyatga sheriklik","Poraxo‘rlik", "Qirg‘iziston manfaatlariga zid tarzda shartnoma tuzish" kabi moddalar bo‘yicha aybdor deb topilgan.