Suriya inqirozi: BBCga go‘yoki "kimyoviy qurol ishlatilgani haqida" ko‘rsatishdi

Image caption Aprel oyida Saraqib shahrida qaqshatqich janglar bo‘lgan.

Suriyaga qilgan safari vaqti BBC muxbiriga Halab(Aleppo) shahridan janubi-g‘arbda joylashgan Saraqib shaharchasida go‘yoki kimyoviy qurol ishlatilganini tasdiqlaydigan dalillarni ko‘rsatishgan.

Kimyoviy hujumga guvoh bo‘lgan deb taxmin qilinayotganlarning jurnalistga gapirib berishicha, shaharga ular hukumatniki deb aytgan tikucharlardan zaharli gaz solingan kamida ikki portlovchi uskuna ya‘ni taxminlar bo‘yicha, kimyoviy qurol tashlangan.

Lekin harbiy tikuchar aynan kimga tegishli: hukumat qo‘shinlarigami yo isyonchi guruhlargami? - bunisi noma‘lum. Suriya isyonchilari bundan oldin bir nechta harbiy bazalar, aerodromlarni qo‘lga olishgan, lekin ular kimyoviy qurol hukumat tomonidan ishga solinganini iddao qilib kelishadi.

Suriya hukumati ham biror bir kimyoviy vosita ishlatilganini qat‘iyan rad qilmoqda.

AQSh voqeaning bu tarzda rivojlanishi "qizil chiziq" hisoblanib, mamlakatga qo‘shin kiritilishiga olib kelishi bilan ogohlantirgan edi.

Biroq Prezident Obama Amerika razvedkasi ixtiyorida Suriyada kimyoviy qurol ishlatilganining yetarli aniq dalili yo‘qligini bildirgan.

Bo‘g‘uvchi hid nimaning alomati?

Aprel oyida Saraqib artilleriya hujumiga tutilganidan so‘ng, sakkiz kishida nafas olish bilan muammolar paydo bo‘lganini mahalliy shifokorlar BBC muxbiri bilan uchrashganda aytib berishgan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, ba‘zi bir mijozlarda ko‘ngil aynashi, ba‘zilarida qorachig‘lar toraygani kuzatilgan. Bitta ayol vafot etgan.

Maryam Xatib ismli u ayolning Muhammad degan o‘g‘li onasini qutqarishga urinib o‘zi ham go‘yoki zaharlangan.

"Dahshatli, bo‘g‘uvchi hid turib qolgandi. Nafas olish juda qiyin edi. Men o‘zimni o‘lik hisoblay boshladim. Uch yoki to‘rt kundan keyin men hech narsani ko‘rmadim", - deb aytgan Muhammad Xatib muxbirga.

Maryam Xatibga qaragan shifokorga ko‘ra, ayolda go‘yoki fosfororganik qorishmadan zaharlanishning barcha bo‘lgilari bo‘lgan. Buni tekshirish uchun kerakli namunalar ekspertizaga jo‘natildi", deydi shifokor.

BBC muxbiri shuningdek o‘ziga go‘yoki shaharni bombardimon qilingani va uning oqibatlari tushirilgan videolavhalar ham ko‘rsatishganini aytgan. Lekin muxbirda lavhaning haqiqiyligini tekshirish imkoni bo‘lmagan.

Ilgari kimyoviy, biologik va radiatsion nazorat polkida komandir bo‘lib xizmat qilgan Britaniya quruqlikdagi kuchlari zobiti Xamish de Bretton Gordonga ko‘ra, Saraqibda olingan dalil va guvohliklar "kuchli, lekin to‘liq bo‘lmagan ma‘lumotlardir".

Xamish de Bretton Gordon Saraqib va Suriyaning boshqa yerlarida "odamlar go‘yoki zarin yoki fosfororganik ishlatilganida namoyon bo‘ladigan belgilar bilan kasallanib, vafot etishgan", degan.

De Bretton-Gordonning o‘zi voqea joyida bo‘lmagan, lekin unda BBC tomonidan yig‘ilgan ma‘lumotlar bilan to‘liq tanishish imkoni bo‘lgan.

Ayni paytda Suriya mojarosida ikkala tomon: hukumat kuchlari va jangarilar bir-birlarini kimyoviy qurol ishlatganlikda ayblamoqda.

BBC muxbirining aytishicha, voqeadan jabr ko‘rganlar va qurbonlarning tanasidan olingan namunalar Amerika, Britaniya, Frantsiya, Turkiyaga tekshirish uchun jo‘natilgan.