O‘zbekiston tijoriy arbitraj haqidagi qonunchilikka o‘zgartirish kiritmoqchi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Image caption MTS O‘zbekistonni xalqaro tijoriy arbitrajga berishini aytgan so‘nggi xorijiy shirkat bo‘lgan.

O‘zbekiston tijoriy arbitraj bilan bog‘liq qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishni rejalamoqda.

Bu haqda mamlakat Adliya vazirining o‘rinbosari Yesemurat Kanyazov Toshkentda o‘tgan neft va gaz xalqaro ko‘rgazmasida ma‘lum qilgan.

Shu yil kuzida kiritilishi mo‘ljallanayotgan o‘zgartirishlar sarmoyadorlar bilan yuzaga keladigan bahslarning xalqaro arbitrajga oshirilishi tamoyillariga aniqlik kiritadi.

O‘zbekiston hukumati mulozimiga ko‘ra, sarmoyaviy bahslar bilan bog‘liq har bir holat alohida shaklda ko‘rib chiqilishi kerak.

So‘nggi paytlarda qator xorijiy shirkatlar o‘zbek hukumatining amallaridan shikoyat qilib, xalqaro arbitrajga murojaat qilishgan.

Ularning eng so‘nggisi Rossiyaning MTS mobil aloqa shirkatidir.

"O‘yin qoidalari"

Tahlilchilarga ko‘ra, tijoriy arbitraj haqidagi qonunchilikning o‘zgartirilishiga O‘zbekistonda mol-mulkidan ajralgan xorijiy shirkatlarning xalqaro mahkamalarda adolat topish urinishlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Ko‘pgina holatlarda O‘zbekiston hukumati huquqiy asoslarning yo‘qligini aytib, sarmoyaviy bahslarning xalqaro tijoriy arbitrajda ko‘rilishiga yozma ravishda rozilik bermagan.

Toshkentdan iqtisodiy tahlilchi Anvar Husayinovning aytishicha, bu borada haqiqatan ham O‘zbekistonda zarur huquqiy asoslar ishlab chiqilmagan va mamlakat qonunchiligi xalqaro qonunlarga uyg‘un emas.

"Ammo, - deydi tahlilchi, - O‘zbekiston xalqaro hujjatlarni imzolamagani taqdirda ham, masalaning ma‘naviy tomoni bor. Ma‘naviy jihatdan bu kabi da‘volar O‘zbekistonga zarar keltirishi mumkin".

Shunga qaramasdan, Anvar Husayinovning fikricha, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorij shirkatlari uchun eng katta muammo arbitraj haqidagi qonunchilik emas, balki valyuta qonunchiligidir.

"Yaxshisi O‘zbekistonda tijorat olib borish qonun-qoidalari, o‘yin qoidalarini o‘zgartirish osonroq", - deydi tahlilchi BBC bilan suhbatda.