"Ayol kishi prezident bo‘lolmaydi"

Image caption Eron Inqilob Kengashi iyun oyidagi prezidentlik saylovida ayol nomzod qatnasha olmasligini aytgan

Eronning Inqilob Kengashi ulamosi Muhammad Yazdiy prezidentlik saylovida ayol kishi nomzodi qo‘yilishini butunlay ehtimoldan soqit qildi.

Hozirgacha 30 nafar eronlik ayol kelasi 14 iyun kuni kutilayotgan prezidentlik saylovida qatnashish uchun o‘z nomzodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishgan.

Ammo "shariat asoslariga muvofiq bir to‘xttamga kelganini" aytayotgan Inqilob Kengashi ayol kishining prezidentlik uchun kurashishini taqiqladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Eron konstitutsiyasi ayollarning prezidentlik o‘rni uchun kurashish huquqi borasida aniq va uzil-kesil javob bermaydi.

Ammo hozirgi qaror ushbu masalada davom etib kelayotgan bahslarga nuqta qo‘yadi.

Rasmiy doiralarga yaqin "Mehr" agentligi janob Yazdiydan iqtibos keltirarkan, "qonun prezidentlik kursisida ayol kishi o‘tirishini yoqlamaydi" deb yozgan.

O‘ziga xos demokratik tamoyillar ishlaydigan Eron Islom Jumhuriyatida ayollar parlament vakili sifatida saylanishi mumkin.

Shuningdek, mamlakat qonunlarini yaratish, isloh etish va tasdiqlashda muhim o‘rin tutuvchi fiqhshunoslar orasida ham ayollar bor.

Allaqachon ikki muhlatga saylangan prezident Mahmud Ahmadinejod esa konstitutsiyaga qarshi borolmaydi va uchinchi muddatga prezident bo‘lib saylanish uchun o‘z nomzodini ilgari sura olmaydi.

Hozir Eron prezidenti bo‘lishni istayotgan 700 nafarga yaqin nomzod ro‘yxatga olingan.

Ammo kelasi seshanba kuni e‘lon qilinajak yakuniy nomzodlar ro‘yxati barmoq bilan sanarli bir nechta nomzodni tasdiqlaydi, xolos.

O‘tgan 2009 yilgi prezidentlik saylovida 475 nafar shaxs o‘z nomzodini ro‘yxatga qo‘ygan, lekin Inqilob Kengashi faqat to‘rt nomzodning prezidentlik kursisi uchun kurashishiga izn bergandi.

Muddati tugab ketayotgan prezident Mahmud Ahmadinejod o‘shanda kichik farq bilan g‘alaba qozongan, lekin bu natijaning haqiqiyligiga shubha qilgan minglab saylovchilar va muxolifat tarafdorlari uzoq muddat norozilik namoyishlari o‘tkazishgandi.

O‘shandan beri ikki islohotparvar raqib nomzod Mir Husayn Musaviy va Mehdi Karrubiylar uy qamog‘ida qolishmoqda.