"Rossiya Suriyaga mukammal qurollar jo‘natmoqda"

Xabarlarga ko‘ra, Rossiya Suriyaga "Yaxont" rusumidagi raketlarning navbatdagi sonini yetkazgan.

Rossiya Tashqi Ishlar vazirligi bu xabar tafsilotlarini oshkor etmagan, ammo bu qurollar hech qanday xalqaro qonunlarga zid emasligini bildirgan.

Oxirgi vaqtlarda Suriyada kimyoviy qurollar ishga solingan bo‘lishi mumkinligi borasida xavotirlar kuchayib bormoqda edi.

Rossiya joriy Suriya hukumatiga xayrixoh bo‘lgan atigi bir hovuch davlatlar orasidadir.

Yillar mobaynida Rossiya Suriyaga milliardlab dollarga teng tank, artilleriya zambaraklari, uchoqlar va boshqa turdagi qurol-yarog‘larni sotib kelgan.

"Nyu York Tayms" ro‘znomasida chop etilgan ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiyadan Suriyaga jo‘natilgan oxirgi qurol-yarog‘ konteynerida uzunligi 6.7 metr bo‘lgan va 290 km uzoqlikka yetib borishi muvmkin bo‘lgan "Yaxont" rusumidagi raketlar ham bor.

Tezligi ovoz tezligidan ham ko‘p bo‘lgan "Yaxont" raketlari radar orqali boshqariladi va asosan kemalarga qarshi ishlatiladi.

AQSh matbuotiga ko‘ra, bu raketalar Assad hukumati uchun raqib dengiz kuchlarini Suriya qirg‘oqlaridan uzoqda ushlashga yordam beradi.

Agarda Rossiyadan bu kabi raketlar olib kelinganligi tasdiqlansa amalda ahamiyatining talqini o‘zgacharoq bo‘lishi mukmin.

Bu Rossiya Liviyadagi singari Suriyada ham xorijiy aralashuv bo‘lishiga hanuz mutlaqo qarshi ekanligini anglatadi.

Oxirgi kunlarda O‘rta Yer dengizida Rossiya dengiz kuchlarining paydo bo‘lishi bu talqinni qo‘llovchi omildir.

Boshqa tomondan bu raketalarning Suriyadagi "Hezbulloh" guruhi qo‘liga tushib qolishi xavfi ham borki, bu holda Isroilning Suriyaga qarshi hujumlariga turtki berishi mumkindir.

"Nyu York Tayms" ro‘znomasiga ko‘ra, Suriya 71 ta "Yaxont" raketasiga buyurtmani 2007 yili bergan va ularning dastlabkilari 2011 yili yetib kelgan.

Lekin Suriyaga oxirgi yetib kelgan raketalar anchayin mukammal shakldagi raketalardir.

Rossiya Tashqi Ishlar vaziriga ko‘ra, Suriyaga mavjud kontraktlar asosida qurol yetkazib berilayotgani hech qachon sir bo‘lmagan va matbuot buning atrofida keraksiz shov-shuv yasashi kerak emas.

Suriyaga qurol yetkazib berishda davom etayotganiga qaramay Rossiya oxirgi haftalarda qator jahon rahbarlarini taklif qilib, Suriyadagi mojaroga chek qo‘yish yo‘llarini muxokama qilgan.

Jahon rahbarlarining Rossiyaga bu masalada tashriflari esa ular Suriya chigalini yechishda Moskva asosiy rollardan birini o‘ynashiga ishonishlaridir.

Ayni vaqtda Suriyadagi mojaroni muhokama qiluvchi xalqaro anjumanni o‘tkazish borasida harakatlar davom etmoqda.

BMT Bosh Kotibi Pan Gi Mun Sochi shahrida Rossiya Tashqi Ishlar vaziri Lavrov bilan uchrashib, Suriya muxolifati va Bashar Al Assad hukumati vakillarini muzokaralar stoli atrofiga olib kelishni maqsad qilib qo‘ygan xalqaro anjuman kun tartibini muhokama qildi.

BMT Qochqinlar Agentligi shu vaqtgacha Suriyadan 1 yarim million kishi bosh olib chiqqanligini qayd qilgan.