Tbilisida hamjinsbozlar bilan din vakillari to‘qnashdilar

Gurjiston matbuotining xabar berishicha, poytaxt Tbilisida namoyishga chiqqan turfa turdagi hamjins faollar bilan pravoslav ruhoniylar o‘rtasida to‘qnashuv ro‘y bergan.

Din vakillari namoyishchilarni o‘rab olgan politsiyalar qatorini buzib kirib, hamjinslarni quvib solishga harakat qilganlar.

Shundan so‘ng politsiya hamjins faollarni avtobuslarga solib, olib ketganlar.

O‘rtadagi to‘qnashuvlarda bir jurnalist va bir politsiya xodimining jarohat olgani aytilmoqda.

"Imedi" televideniyesining xabar berishicha, din vakillaridan qochib, avtobuslarga o‘tira olmay qolgan hamjinslar yon atrofdagi ko‘chalarga qochib, jon saqlashga majbur bo‘lganlar.

Tbilisidagi BBC muxbirining xabar berishicha, hamjins faollar gomofobiyaga qarshi Xalqaro kunda "fleshmob" shaklida chiqish qilmoqchi bo‘lganlar. Lekin buning o‘rniga shahar markazi ushbu chiqishga qarshi bo‘lganlar bilan to‘ldi.

"Gey-parad"ga qarshi chiqqanlar orasida bo‘lgan Ilya Malazoniyaning aytishicha, hamjinslarning namoyishga chiqishlari o‘z hayot tarzlarining targ‘ibotidir.

"Ular uyda o‘tirib, ko‘chada bu kabi amallarni qilmasinlar. Bu millatni ochiqchasiga buzishdir", dedi Ilya Malazoniya.

O‘tgan yili ham Tbilisida hamjinsbozlarning ko‘chaga chiqib namoyish o‘tkazishga urinishlari ularga qarshi bo‘lgan yoshlar bilan to‘qnashuvga olib kelgandi.

Ayni vaqtda Ovro‘po Ittifoqi jinsiy ozchiliklarga qarshi gomofobik hujumlar sur‘ati hanuz balandligi haqida hisobot chiqarib, bunga qarshi choralar yo‘lga qo‘yilishiga da‘vat qilgan.

Ovro‘po Ittifoqi Huquq Agentligi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlar so‘ralgan hamjinsbozlardan choragi turli hujum va tazyiqlarga uchrganliklarini ko‘rsatgan.

17 may gomofobiyaga qarshi kurash kuni jahonning ko‘plab shaharlarida faollar namoyishlari bo‘lib o‘tgan.

Sankt-Peterburg shahrida ham 60 ga yaqin hamjins faollar namoyishga chiqishgan. Lekin ularga qarshi chiqqanlar soni uch barobar ko‘p bo‘lgan.

Moskva shahar hokimiyatiga ham namoyish o‘tkazish borasida ariza kelib tushgan, lekin rasmiylar gey-paradning o‘tkazilishiga ruxsat bermaganlar.

Faollarga ko‘ra, Rossiyada gomofobiya darajasi Sho‘rolar davriga qaraganda yaxshilangan bo‘lsa ham hanuz Ovro‘po davlatlaridan ko‘ra balandroqdir.