AQSh: O‘zbekistonlik shaxs terror aybiga yuz tutmoqda

Image caption O‘zbekistonlik shaxs terror aybiga yuz tutmoqda

Payshanba kuni Aydahoda qo‘lga olingan o‘zbekistonlik shaxs xorijdagi terrorchi guruhga portlovchi moddalar yasashda ko‘mak ko‘rsatgan.

Bu borada aytayotgan AQSh huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, ushbu shtatda istiqomat qilgan Fazliddin Qurbonov yonidan bomba yasash uchun kerakli ehtiyot qismlar ham topilgan.

Bular - ichi bo‘sh qo‘l granatasi, alyuminiy kukuni va oltingugurt kabi moddalar.

Ma‘lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik Qurbonovni AQSh maxfiy xizmatlari ancha paytdan beri yaqindan kuzatib kelishgan.

Undan xavf-xatar yetishi mumkin, degan qarorga kelishgach, qo‘lga olishgan.

"Bugungi hibs va ayblovlar terrorchilik faoliyatiga bosh qo‘shgan odamlarni biz obdon va ikkilanmasdan tekshirishga bel bog‘laganmizni namoyish etadi" – deb aytgan Aydaho qoralovchisi Uendi Olson.

Aydaho qoralov tarafiga ko‘ra, Fazliddin Qurbonov so‘nggi ikki yil davomida O‘zbekiston Islomiy Harakatiga kompyuter dasturlari va mablag‘ masalasida ko‘mak ko‘rsatgan.

Shu asno ommaviy qirg‘in qurollari yordamida xorijda hujumlar uyushtirishni maqsad qilishgani aytilayotir.

Ayni damda, Yuta shtati prokuraturasi ham o‘zbekistonlik Qurbonovga qarshi terror harakatlariga oid ayblovlarni ilgari surmoqda.

Ushbu ayblovlarga ko‘ra, Fazliddin Qurbonov terror harakatlarini amalga oshirish bo‘yicha boshqalarga saboq bergan.

Xususan, qanday qilib portlovchi modda yaratish, kerakli ashyolarni qayerdan sotib olish bobida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan, internetdan maxsus videolavhalarni topib, namoyish etgan.

Ayni damda Fazliddin Qurbonov O‘zbekiston Islomiy Harakati rahbariyati bilan bevosita aloqada bo‘lgan bo‘lmagani noma‘lum.

U bugun juma kuni Boyse shaharchasidagi mahkamaga yuz tutishi kutilmoqda.

So‘nggi yillari bir necha nafar o‘zbekistonlik AQShda terror harakatlariga oid ayblar bilan hibsga olingan.

Bir yil oldin, 2011 yil yozida 22 yashar Ulug‘bek Qodirov prezident Obamani o‘ldirishga qasd qilish aybi bilan qo‘lga olingan va keyinchalik uzoq yilga hukm etilgandi.

O‘tgan 2012 yil boshida esa jizzaxlik Jamshid Muxtorov ham terrorchi guruhlarga ko‘mak ko‘rsatishga oid ayblar bilan hibsga olingan.