Afg‘oniston: Shimolda qaqshatqich hujum

Image caption Janob Muhsiniy Tolibonga qarshi keskin mavqeda edi

Isyonkor kiyim ichida yashirilgan portlovchi moddalar bilan Puli Xumridagi rasmiy idoraga kirib keladi va mulozimlar yaqinida o‘zini portlatadi.

O‘n nafar qurbon orasida viloyat kengashi rahbari Hoji Rasulxon Muhsiniy ham bor. Marhum mulozim Tolibonga qarshi keskin qarashlari va mavqei bilan nom qozongandi.

Mahalliy mulozimlarga ko‘ra, hujumchi poiltsiya xodimi kiyimida kirib kelgan. Ichkarida esa viloyat kengashi rahbari bilan uchrashishga zarurati borligini aytgan.

Viloyat kengashlari rahbarlari saylangani bois, mustaqil sanaladi va odamlar rasmiylar orqali hal bo‘lmagan muammo hamda qiyinchiliklar vajidan viloyat kengashlariga murojaat qilishadi.

Bag‘lon so‘nggi oylari ancha tinch edi. Ammo bu yerda hali bir necha yil burun rasmiylar to‘plangan yirik marosim nishonga olingan va oqibatda nafaqat mulozimlar, balki yosh bolalar ham nobud bo‘lishgandi.

Ushbu viloyat shimoliy va shimoliy-sharqiy Afg‘onistonni Kobul bilan bog‘lovchi uch yo‘l kesishgan muhim nuqtada joylashgan.

Xuddi shu bois ham turli mintaqalardan bu yerga isyonkorlar kelishi imkoni kattaligi aytiladi.

Ammo mamlakatning eng gavjum yo‘llaridan biri ustida joylashgan Bag‘lonni tinchlantirish uchun so‘nggi yillari ko‘p sa‘y-harakatlar qilinmoqda.

Shunga qaramay, kuzatuvchilar bu yerda mahalliy isyonkorlar va Tolibon tarafdorlari borligini ham aytishadi.

Viloyatda aksar pashtunlar va o‘zbeklar istiqomat qilishadi.

Bag‘lon o‘zbeklari o‘zlarini ko‘proq bir qadar ochiq shimolga nisbat berishadi. Biroq mahalliy pashtun qavmlari orasida Tolibonni qo‘llovchilar borligi ham aytiladi.