"Ovronigoh"g‘olibi Andersen ertak qahramoni qiyofasida namoyon bo‘ldi

Image caption Daniyalik qo‘shiqchi Emili de Forest hay‘at a‘zolari va teletomoshabinlarning mehrini qozonib "Ovronigoh"g‘olibiga aylandi.

Oldindan bashorat qilinganidek, Shvetsiyaning Malmyo shahrida bo‘lib o‘tgan "Ovronigoh-2013" qo‘shiq tanlovining g‘olibi daniyalik Emili de Forest bo‘ldi.

Daniyalik Rusalka "Only teardrops" qo‘shig‘i bilan tanlov hay‘ati a‘zolari va 39 mamlakat teletomoshabinlari bergan ovozga ko‘ra 281 ball to‘pladi.

Shu tariqa, "Ovronigoh-2014" Malmyoga qo‘shni bo‘lgan Kopengagen shahrida o‘tkaziladi.

Sahnaga yalang oyoqda chiqishi bilan tanilgan 20 yoshli de Forest Hans Xristian Andersen qahramoni qiyofasida namoyon bo‘lib, sevgi haqida qo‘shiq kuyladi. Ovro‘polik kuzatuvchilarning fikriga ko‘ra, uning qo‘shig‘i "Ovronigoh"ning barcha shartlariga javob beradigan xit-folk bo‘lib, fleyta va baraban ovozlari jo‘rligida kuylangan. Boshlovchilar aytishicha, de Forest o‘zining ma‘sumaligi, eng go‘zal tuyg‘uning kuchini nafis va yuqori pardalarda mahorat bilan yetkazib bera olgani bilan tomoshabinlarning mehrini qozongan.

Daniyalik va shved oilasida dunyoga kelgan de Forest shved tilini juda yaxshi bilgani bois, uning qo‘shig‘i Shvetsiyada tezda ommalashgan va odamlarning muhabbatiga sazovor bo‘lgan. To‘rt yoshidan qo‘shiq kuylagan Emilini uslubi va ko‘rinishi jihatidan mashhur qo‘shiqchi Shakiraga qiyoslashmoqda.

"Ovronigoh"ning boshqa qahramonlari

Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar sobiq Ittifoq davlatlaridan borgan qo‘shiqchilarga nasib qildi.

Ozarbayjonlik Farid Mamedov 234 ball, ukrainalik Zlata Ognevich 214 ball to‘plashga muvaffaq bo‘lishdi. G‘oliblikka yana bir da‘vogar sanalgan norvegiyalik Margaret Berger to‘rtinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

Rossiyalik Dina Garipovaga boshidan beshinchi o‘rin bashorat qilib kelinayotgan edi. "Golos" tanlovining g‘olibi "What If" ("Nima, agarda")qo‘shig‘i bilan yuqori beshlikdan joy oldi.

Rossiyalik mutaxassislarning fikricha, Dina Garipovaning tanlovda g‘olib chiqmaganiga sabab uning qo‘shig‘i "Ovronigoh qolipiga mos kelmagani"dir. Shu bilan birga u juda oddiy kiyingan va sahnada deyarli qimirlamagan. Lekin Dina Garipovaning ijrosiga internet tarmoqlarida iliq fikrlar bildirilmoqda.

Tanlovning eng keksa qatnashchilaridan, 1980 yillarda mashhur bo‘lgan britaniyalik Boni Tayler 26 qo‘shiqchi orasida 19-qatorni egalladi.

"Ovronigoh" tanlovi dunyoda eng tomoshabop tadbirlardan biridir. Shou o‘tkaziladigan vaqt jonli efirdan har yili 600 million kishi tomosha qiladi.

Lekin tanlovning ommabopligiga qaramasdan, shu paytgacha qatnashganlar orasidan Shvetsiyaning "ABBA" guruhi va asli kanadalik Selin Dion "yulduz" sifatida tanilishgan xolos.

"Ovronigoh"ni o‘tkazish g‘oyasi birinchi bor shved televideniyesi rahbari bo‘lgan Marsel Bezanson tomonidan ilgari surilgan.1955 yil Rimda bu taklif ma‘qullangan. Tanlovda 16 yoshdan kichik bo‘lmagan qatnashchi faqat yangi qo‘shiq va jonli ijro etishi lozim. Hozirga kelib ishtirokchilar ko‘proq ingliz tilida kuylashni ma‘qul ko‘rishadi, 1998 yilgacha esa mezbon mamlakat tilida kuylanishi shart hisoblangan.

"Ovronigoh"ni tashkil qilgan va asosiy homiylari bo‘lgan besh davlat- Olmoniya, Frantsiya, Britaniya, Italiya va Ispaniya vakillari finalda tanlovsiz ishtirok etishadi.

Keyingi paytlarda tanlovda"qo‘shnilar ovozi" ko‘p tanqid qilinadi. Ya‘ni, tomoshabinlar qo‘shiqqa emas, biror bir davlatning siyosiy va tarixiy hurmatiga qarab ijrochiga baho berishi tanlovning ahamiyatini susaytiradi, degan fikrlar bildirib kelinadi.