ATROFDAGI O‘ZBEKLAR: Rossiya

Image caption Muhojirlar Rossiya qiyofasini o‘zgartirishmoqda

Bugungi kunda Rossiya qiyofasiga nazar solsangiz, osiyolashib borayotgan davlatni ko‘rasiz. Shaharlarni aylanar ekansiz, zamonaviy binolar orasida ko‘chalarga zeb berib turgan sharqona uslubdagi restoranu choyxonalar, tamaddixonalarga ko‘zingiz tushadi.

Bekatlarga yaqin joylarda novvoyxonayu somsaxonalar, bozorlarda ho‘lu quruq mevalar to‘la rastalarni, hatto supermarketlarda donalab tsellofan paketlarga qadoqlangan novvoy nonu, konserva idishlariga joylangan oshni va halol go‘sht mahsulotlarini sotib olish mumkin.

Ozoda va ko‘rkam ko‘chalarda esa har qadamda ruslarning kinoyali iborasi bilan aytilganidek, "sariq jiletlilar"ni, ya‘ni osiyocha ko‘rinishli insonlarni uchratasiz.

O‘zbekistonlik farroshlar Moskva ko‘chalarida shu qadar ko‘p uchraydiki, bu haqda "sariq jilet" o‘zbeklarning milliy kiyimiga aylanib bormoqda, deya kinoya bilan yozishdi rus matbuoti.

Rossiyadagi o‘zbeklar uch toifaga bo‘lingan. Aksarisi - tirikchilik ilinjida ishlashga kelgan himoyasiz mehnat muhojirlari. Ikkinchi toifa eng kamida 5 yillar oldin kelib ancha o‘rnashgan, yo‘l-yo‘riq, haq-huquqini ancha biladigan o‘zbeklar.

Image caption O‘zbeklar Rossiyadagi eng ko‘p sonli va eng huquqsiz muhojirlar sanaladi

Va nihoyat uchinchi "xos toifa" vakillari - omadi chopib, ishlari yurishib allaqachon mazkur davlat fuqaroligini olgan o‘zbeklar.

Ammo Rossiyada o‘zbek deganda ko‘pchilik ko‘chadagi farroshni va himoyasiz muhojirni tushunadi.

Muhojir yo gastarbayter?

Rossiya bunyod bo‘lganidan beri hozirgidek millatchilik va boshqalarni kamsitishga sahna bo‘lmagan, shekilli. Ayniqsa, o‘zbeklarga nisbatan.

Bugungi kunda bog‘cha yoshidagi rus (slavьyan) bolakayidan tortib eng ziyoli qatlam vakillarigacha o‘zbeklar va, umuman, markaziy osiyoliklarga past nazar bilan qaraydi.

So‘nggi paytlarda butun Rossiya matbuotida ham yurtdoshlarimizga nisbatan migrant, yoki mehnat muhojiri degan so‘zni ishlatish deyarli yo‘qoldi, uning o‘rnini tamg‘asimon "gastarbayter" so‘zi egallab bo‘ldi.

Aybi nimaligini o‘zi bilmaydigan o‘zbeklar esa turli jabhalarda va og‘ir sharoitlarda mehnat qilib kun ko‘rishmoqda. To‘g‘ri, 10-15 yil ilgari kelgan o‘zbeklarning maqsadi daromad orttirish edi.

Ammo hozir kelayotgan yurtdoshlarimizning bosh maqsadi - tirikchilik.

"Oilada eng kattasiman, otam ichuvchi, onam hech qayerda ishlamaydilar, beshta ukam bor" - deydi Moskvadagi savdo markazlarining birida farroshlik qiluvchi Shohsanam - "Agar men uyga pul yubormasam, ularning kuni o‘tmaydi. To‘rt yildan beri faqat tirikchilik uchun ishlayapman, ro‘zg‘ordan hech orttirib bo‘lmayapti".

Image caption Prezident Karimovning Rossiyaga so‘nggi tashrifi davomida o‘zbek muhojirlari O‘zbekiston davlat rahbari bizning muammolarimizni ham ko‘taradi, deb umid qilishgandi

Tarjimon-sartarosh

O‘zbek muhojirlarining 90% erkaklar. Ayol muhojirlar esa asosan yo turmushi buzilgan, yo boquvchisini yo‘qotgan va yoxud eri bilan birga kelganlardan iborat.

Deyarli barcha o‘zbek muhojirlari malakali mutaxassis sanalsa-da, faqat o‘ntadan bitta odam o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topa olmoqda.

Sababi o‘zbek fuqarolarini tuzuk pul to‘lanadigan ishga olishavermaydi.

"O‘zimizda 28 yil maktabda rus tilidan dars berganman" - deydi chirchiqlik Ra‘no opa - "Moskvaga kelgach, o‘z mutaxassisligim bo‘yicha ishga joylashishga urinishlarim bekor ketdi. Hozir rus oilasida enagalik qilayapman. Agar rus tili o‘qituvchisi bo‘lmaganimda bundan ham og‘irroq ishlarni bajarishimga to‘g‘ri kelardi".

To‘rtko‘llik Said esa chet tillar institutini tamomlagan, ammo olti yildan beri Moskvada sartaroshlik qiladi.

"Bu yerda ishlab topgan pulimga yurtimizda uy-joy, sharoitlarimni tuzuklab oldim. Sartaroshlik qilib 6 yil ichida erishgan narsalarimga, o‘zimizda 20 yilda zo‘rg‘a yo erishardim yoki yo‘q" - deydi sartaroshga aylangan tarjimon o‘zbek.

O‘zbek muhojirlarining qariyb yarmi qurilish sohalarida ishlashadi.

Image caption Aksar muhojirlar malakali mutaxassis, ammo o‘z kasblari bo‘yicha ish topolmay, "qora ishlarni" qilishga majburlar

Ammo ovqatlanish tarmoqlarida ishlovchilar soni ham salmoqli.

Aksariyat mehnat huquqlari buzilishidan, ish haqlarini vaqtida ololmaslikdan shikoyat qiladi.

Deyarli hech kim bu mamlakatda muqim qolishni istamaydi. Deyarli barcha biroz pul ishlab, O‘zbekistonga qaytib borish va yashash sharoitini yaxshilab olishni istaydi.

Rossiyada puldor toshkentlik ishbilarmonlar bor, ammo qora ishchilar aksar viloyatlardagi qishloqlardan kelishadi. Qishloqlardan kelayotgan yosh o‘zbeklar rus tilini deyarli bilishmaydi.

Ma‘lum bo‘lishicha, har o‘ninchi o‘zbekistonlik muhojir bu yerda bilimsizlik, huquqsizlik va qonunsizlik tufayli turli jinoyat qurbonlariga aylanmoqda.

O‘zbek muhojirlari poytaxti

O‘zbeklar soni ko‘pligi jihatidan avvalo Moskva shahri va viloyati turadi. Buning sababi - poytaxtda ish ham, pul ham boshqa hududlarga nisbatan ko‘pligida. Hamyurtlarimiz ishlash uchun ko‘proq boradigan keyingi hududlar Sankt-Peterburg, Novosibirsk va Samara viloyatlaridir.

Image caption Hamma o‘zini Moskvaga uradi. Qimmat bo‘lsa ham ish topish imkoni bor

Shu o‘rinda "oqib kelayotgan" iborasi juda o‘rinli. Moskvaning istalgan aeroporti yoki vokzaliga borsangiz, o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.

Rossiyaga keluvchilar oqimi kattaligini xattoki, uchoq va poyezd chiptasi narxlarida ham kuzatiladi.

Masalan, Toshkent-Moskva yo‘nalishidagi parvoz va poyezd chiptasi narxlari O‘zbekistonda hamisha qimmat yuradi.

Ayniqsa, muhojirlar vatanga qaytadigan oktyabr-dekabr o‘rtasida Moskvadan Toshkentga ketadigan chipta narxlari ko‘tarilib ketadi.

Itga ruxsat bor, o‘zbekka yo‘q!

Rossiyaga ishlashga kelgan oddiy o‘zbekka mahalliy aholining o‘z uyidan joy berishi, yoki uni uyiga vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yishi juda kamdan-kam uchraydigan holat. Turar joy bilan bog‘liq barcha e‘lonlarda "faqat slavyanlarga" degan so‘zni uchratasiz.

"It, mushuk yo cho‘chqasi bilan yashasa ham, ruslar yashasin, ammo o‘zbekmas" - deydi turar joylar ijarasi bilan shug‘ullanuvchi dallol Natalьya.

Ularni sizni ozoda yo ziyoli ekaningiz qiziqtirmaydi. O‘zbekmisiz? Tamom, sizga uy yo‘q!

Image caption Ruslar ko‘pincha o‘zbeklarga uylarini ijaraga berishmaydi. Shu bois aksar muhojirlar yerto‘la va qurilishlarda yashashadi

Buni yaxshi bilgan o‘zbeklar ishlashga kelishdan oldin tanishlari orqali turar joy masalasini hal qilib kelishadi.

O‘zbek muhojirlarining yarmiga yaqini esa qurilishlarda, ish joylarida, yerto‘la yo vagonlarda yashamoqdalar.

"Bu yog‘i yoz, o‘rmonda yashab yuraveramiz" - deydi qo‘qonlik Muxtor - " Ko‘pchilikni ichida yashashdan bezor bo‘lib ketdik. Uch xonali uyda 23 kishi yashaymiz. Ertalab, kechqurun vanna, hojatxona, hatto oshxona uchun navbat talashamiz. Gohida janjal bo‘lib ketadi".

"Pul to‘lab shunaqa yashagandan ko‘ra, yoz payti tekingina o‘rmonda yashaganim ma‘qul".

"Biz ikki kishi bir joyni bo‘lashib yashaymiz" - deydi qarshilik Mamlakat opa - "Men kunduzi ishlayman, kechasi joyimga yotgani boraman. Sherigim kechasi ishlaydi, kunduzi borib uxlaydi. Lekin ikkimiz shu joy uchun alohida pul to‘laymiz".

Bir yurtdoshim uchun turar-joy qidirib yurib, uch xonali uyda 27 kishi yashayotgani guvohi bo‘lganman.

Lekin kichik shahar va qishloqlarda yashash sharoitlari birmuncha yaxshi, narxlari ham arzon. Ammo poytaxtdagi kabi ish imkonlari ko‘p emas.

Nega noqonuniylik afzal?

Rossiya noqonuniy migratsiyaga qarshi har qancha chora-tadbirlar qo‘llamasin, bunga butunlay barham berishning iloji bo‘lmayapti.

Rossiyadagi o‘zbeklarning 60% noqonuniy ishlashni ma‘qul ko‘radi. Yoki soxta xujjatlarni ishga solishadi. Nega qonuniy yashaymaysiz, deb so‘rasangiz bir xil javob olasiz.

"Hujjatlarni taxtlash qimmat!"

Image caption Noqonuniy ishlash huquqsizlikka yetaklaydi, ammo arzon bo‘lgani bois ko‘pchilik "nelegallikni" afzal biladi

Rossiyaga ish izlab kelgan mehnat muhojiri haqiqiy narxdan uch-to‘rt barobar arzon bo‘lgan soxta xujjatlarni afzal ko‘rishadi. Chunki soxta xujjat bilan ham ishga oluvchi tadbirkorlar juda ko‘p. Qolaversa, xujjat har doim ham tekshirilavermaydi. Oyda-yilda bir tekshirilganida esa, jarima bilan qutilib ketish, haqiqiy xujjat qilishdan ko‘ra, arzonga tushadi.

"Ishga kadrlar agentligi orqali kirganman. Menga u yerda soxta xujjatlarni ham qabul qilaverishlarini aytishgandi. Shu sababli Qozon vokzalida o‘zbek yigitlardan soxta registratsiya, ishga ruxsatnoma, tibbiy daftarchalarni arzonga sotib olib, ishga joylashdim" - deydi qahvaxonada ishlovchi Nasima.

"Uch yildan beri bu yil birinchi marta ishxonamizni tekshirishdi. Menga o‘xshab soxta xujjatlar bilan ishga kirganlarga jarima solishdi. Haqiqiy xujjat qilish uchun har yili bir oylik ish haqimiz ketgan bo‘lardi. Hozir esa arzimagan pul bilan qutilib ketdik".

Kasal bo‘lishga haqqing yo‘q!

Rossiyadagi o‘zbeklarning juda katta qismi 16 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan mehnatga yaroqli insonlardir. Ularning hayot tarzi ancha betartib.

Muhojirlar mavjud sharoitga moslashib yashashga majburlar. Aksariyat erkaklar xotin, bola-chaqasini uyda qoldirib ishlagani kelishgan.

Image caption Aksar muhojirlar og‘ir sharoitlarda ishlab, salomatligini yo‘qotadi

Bu yog‘i tabiiy ehtiyoj: ular Rossiyada boshqa ayollar bilan uchrashib, hatto birga yashab ham yurishadi. Ammo orada hech qanday mas‘uliyat bo‘lmagani uchun hamrohlarini tez-tez almashtirib turishadi.

Mutaxassislarga ko‘ra, ayni holatlar muhojirlar orasida OITS, zaxm, so‘zak kabi jiddiy kasalliklarga sabab bo‘lmoqda.

Ayni damda, Rossiyaning sovuq iqlimiga issiq o‘lkadan kelgan hamma ham ko‘nikib ketolmaydi.

Ayniqsa, og‘ir sharoitlarda mehnat qilayotgan, yerto‘lalarda yashayotgan yurtdoshlarimiz 2-3 yil ichidayoq sil, umurtqa churrasi (grija), oshqozon kasalliklari kabi og‘ir xastaliklarga duchor bo‘lib qolishmoqda.

Rossiyadagi o‘zbek muhojirlari o‘ta xavfli xastalikka chalinib qolsa va yo baxtsiz hodisaga uchrashsagina bepul tez tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Og‘ir holat bartaraf etilganidan so‘ng, bemor o‘z hisobidan davolanishga majbur. Ayrim holatlarda, yurtdoshlarimiz tibbiy yordam pullik bo‘lgani uchun shifokorlarga vaqtida murojaat qilmasdan, kasallikni avj oldirib, nogiron bo‘lib qolayotgan holatlari ham bor.

Image caption O‘zbeklar aksaran Rossiyadagi qurilishlarda ishlashadi

"Sakkiz yil oldin ishlashga kelganimda butunlay sog‘lom edim. Sovuq ta‘sir qildimi yoki og‘ir sharoitlarmi, sil kasalligiga chalinib qoldim. Davolanish uchun shifoxonaga borsam, "ruslarga yuqtirasan", deb baqirib haqorat qilib ketishdi" - deydi yuk tashuvchi bo‘lib ishlayotgan Mahmud-aka.

"Tezda O‘zbekistonga qaytib ketmasam, politsiya chaqirib deportatsiya qilishlarini aytib, do‘q-po‘pisa qilishdi. Eshakni kuchi halol, o‘zi harom, deganlaridek bo‘ldi-da. Sog‘ligimda ish uchun kerak edim, endi esa mendan jirkanishadi" - deydi alam bilan bu suhbatdoshim.

Rossiya hukumati mehnat muhojirlari uchun davolanish uchun yengillik yaratauvchi maxsus DMS sug‘urtasini taklif qiladi.

Ammo haligacha aksariyat o‘zbeklar bunaqangi sug‘urta sotib olishmaydi. Bu bir jihatdan qimmat, boshqa jihatdan hech kim ertaga kasal bo‘lib qolaman, deb o‘ylamaydi".

"Uxlasak, shu ta‘til"

Muhojirlar imkoni bo‘lguncha dam oladilar.

Tuzuk ishlarda ishlovchi o‘zbeklar o‘rmonlarga borib, piknik uyushtirishadi. Aksar muhojirlar esa vaqt topasa, to‘yib uxlashini aytadi.

Kutubxona, muzeylarga borish haqida so‘z ochmasa ham bo‘ladi. Yilda bir bo‘ladigan Ozodbek yoki Shahzodaning kontsertiga yuzdan bir kishi bormasa, qolgani ham vaqti, ham pulini qizg‘anadi. Bayram tadbirlari esa hamma uchun emas...

Image caption Muhojirlar ishdan bo‘sh kunlari to‘yib uxlashni orzu qilishadi

Til bilmaydigan muhojirlar uchun rus tili kurslari ochildi, deya e‘lon qilindi, ammo amalda ular faoliyat yuritayotgani yo‘q. Har joyda bir ochilgan to‘garaklarga esa muhojirlarning borishga qiziqishi ham, vaqti ham yo‘q.

"Xalqimizning til bilmasdan qiynalib yurishganini ko‘rib, rus tili darslarini bepul o‘rgatishga qaror qildim. Buni gazetada, internetda e‘lon qildim" - deydi asli kasbi filolog bo‘lgan angrenlik Dilfuza Xatamova - "Ishonasizmi, hech kim kelmadi. Ishdan ortishmadi, shekilli".

Bu kabi jonkuyarlarning yakkam-dukkam harakatlarini istisno etganda, Rossiyada o‘zbek muhojirlari uchun jon koyitadigan hech nima, hech kim yo‘q.

O‘zbeklar o‘zlarini na Rossiya davlati, na O‘zbekiston davlati himoya qilishiga ishonadilar.

Boy ham o‘zing, qashshoq ham o‘zing

Bugun Rossiyaning eng badavlati ham, eng qashshog‘i ham o‘zbek. Ammo ularning bir-biri bilan ishlari yo‘q. Ular butunlay begona dunyolarda yashashadi.

Image caption Rossiyada o‘zbek, deganda ko‘cha supuruvchini tushunishsa-da, bu mamlakatning eng boy odami ham o‘zbek millatiga mansub.

Ayni paytda rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 2 milliondan ziyod, norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra esa, 5 millionga yaqin o‘zbek bor. Har bir taqdir haqida alohida gapirish mumkin.

Ammo Rossiya matbuoti biron o‘zbek muhojiri sodir etgan jinoyat haqida bu shaxsning millatiga urg‘u berilgan holda obdon yoritadi. Biroq bu yerda ishlayotgan millionlab o‘zbeklarning keltirayotgan foydasi haqida deyarli hech narsa yozilmaydi.

Bu muhojirlar ayni damda o‘zlarini taqdir izmiga, hech bir huquqsiz tashlab qo‘ygan vataniga ham foyda keltirishmoqda. O‘tgan yili Rossiyadagi o‘zbek muhojirlari O‘zbekistonga 6 milliard AQSh dollariga teng miqdorda pul yuborishgan.

Biroq har bir topilgan tiyin ortida shaksiz, ko‘p millionli o‘zbek muhojirlari boshidan kechirayotgan qiyinchiliklar, tahqir, og‘ir sharoit, xo‘rlik va dard yashirin.