Tolibon ochilmoqdami?

Image caption Qizlarning o‘qishini taqiqlagan Tolibonning ayrim vakillari bugun qizlar uchun maktablar ochishmoqda

Yuzi ochiq, ro‘mol yopingan muallima qizlarga ingliz tilini o‘rgatadi. Keyingi dars kompyuter asoslari.

Afg‘oniston shaharlarida bu kabi maktablar hozir odatiy holat. Lekin ayni maktabni Tolibon vakillari yuritishadi.

"Men ilm-fan va til o‘rgansam, bilim olsam bo‘ldi" - deydi talaba qizlardan biri - "Maktabni kim yuritishi ahamiyatsiz".

So‘nggi paytlari Pokiston va Afg‘oniston sarhadlari bo‘ylab o‘z mavqelari baland ayrim mintaqalarda Tolibon vakillari bilim yurtlari ochishmoqda.

Bu ilm dargohlarida esa nafaqat diniy ilm, balki dunyoviy fanlarni ham o‘rganish mumkin. Asosiysi, Tolibon hozir qizlar va ayollar uchun alohida o‘quv yurtlari ochmoqda.

Lekin bilim yurtlari o‘g‘il va qiz bolalar aralash o‘qishmaydi.

Zamon talabi?

Agar 1990-yillar o‘rtalarida Afg‘onistonda qudratga kelgan Tolibon harakati joriy etgan cheklovlar nazarda tutilsa, so‘nggi harakatlar osmon va yer kabi farq qiladi.

O‘shanda ayollar butkul burqaga o‘ranishi majburiy bo‘lib, maktab borishi, ishlashi va hatto mahram erkaksiz ko‘chaga chiqishi taqiqlangandi. Bugun esa qizlar faqat ro‘molda, yuzi ochiq va o‘z hollaricha Tolibon tashkil etayotgan maktablarga qatnaydilar.

Televizorni taqiqlagan harakat endi kompyuter va internetdan foydalanishni o‘rgatmoqda.

"Yaqinlashayotgan saylovlarda Tolibon ham qatnashishni va hatto g‘alaba qilishni istashi mumkin" - deydi Afg‘onistondan sharhlovchi Abdulmo‘‘min Makrid - "Shu uchun zamonga qarab moslashishga, xalq mehrini qozonishga majburlar".

"Ilgari ular qudratga kelganida Afg‘oniston vayron va tashlandiq holatda edi, shu bois istagancha qattiy cheklovlarini joriy etishgan" - davom etadi suhbatdoshimiz.

"Bugun esa xalqaro hamjamiyat e‘tibor berayotgan, so‘nggi 12 yil davomida katta sarmoya va umidini tikkan bir mamlakatmiz. Shaksiz, Tolibon ham sharoit va xalq talabiga qarab ish tutishi kerak bo‘ladi".

Ammo ashaddiy toliblar hali-hano‘z qizlarning bilim olishlariga butunlay qarshi. Ular ayrim maslakdoshlari tarafidan ochilayotgan maktablarni ham yoqlamaydilar.

Tahlilchilarga ko‘ra, hozir mo‘‘tadil, savodli va sharoitni ko‘rib turgan Tolibon vakillari ma‘rifat hamda ilm-fan texnologiyalari muhim ekanligini anglashmoqda.

Ular endi ancha dunyo ko‘rgan va boshqa musulmon o‘lkalaridagi ayrim ijobiy jihatlarni o‘zlashtirish Islomga zid tushmasligini anglagan toliblar, deyiladi.

Hozircha Tolibon vakillaridagi bu turfa qarashlar bois harakat parchalanib ketishi ehtimoli haqida hech kim gapirayotgani yo‘q.

Ammo shunisi aniqki, Tolibon harakati vakillari orasida ko‘p fikrlilik va harakat qattiq ushlagan aqidalar borasida farqli qarashlar yuzaga kelib ulgurgan.