EBRD: "Markaziy Osiyo iqtisodlarida shaxsiy sektorni rivojlantirish kerak"

  • 22 May 2013

Sho‘rolar tizimi qulashi ortidan Markaziy Osiyo davlatlariga iqtisodiy islohotlarni yo‘lga qo‘yish uchun moliyaviy qo‘llov berib kelgan ikki xalqaro moliya tashkiloti Bishkekda bosib o‘tilgan yo‘lga baho berish maqsadida yig‘ildilar.

Ovro‘po Tiklanish va Taraqqiiyot Banki va Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi vakillari o‘tgan 20 yilda erishilgan yutuqlar va joriy iqtisodiy bo‘hron vaziyatida kelajak rejalarni ko‘rib chiqdilar.

Xo‘sh, Markaziy Osiyo davlatlari og‘riqli va talo-to‘plarga boy bu davrni qanday kechib o‘tdilar?

"O‘tish davri" oddiy fuqarolar kutgan narsalarni bera oldimi? Yo odamlar hanuz Sho‘rolar davridagi barqarorlikni qo‘msab yashamoqdalarmi?

Ovro‘po Tiklanish va Taraqqiiyot Bankining Bosh Iqtisodchisi Erik Berklefning BBC bilan suhbatda aytishicha, odamlar orasida o‘tmishni qo‘msash hislari albatta bor.

"Lekin Markaziy Osiyo davlatlari bu davr mobaynida juda baland sur‘atlardagi iqtisodiy o‘sishni boshdan kechirdilar", dedi janob Berklef.

Erik Berklef: Albatta ular dastlab o‘ta past darjadagi o‘sishdan boshladilar. Lekin shuni yoddan chiqarmangki, ular Sho‘rolar davrida Moskvadan o‘tkazmalarga qaram edilar. Fikrimcha, ba‘zilar hanuz o‘sha davrni sog‘inadilar. Lekin u tizim uzoq muddatli biron narsa yaratish yo‘lida xizmat qilmagandi. Hozirda davlatlar ham iqtisodiy va ham siyosiy islohotlar sohasida juda katta ilgari qadam tashladilar.

BBC: O‘tkazmalarni tilga oldingiz, bizga ma‘lumki bu davlatlar hanuz o‘tkazmalarga muhtojlar. Lekin hozirda bu o‘tkazmalar davlatdan emas shaxslardan kelmoqda, Rossiyada ishlab, pul topayotganlardan kelmoqda. Ya‘ni bir ma‘noda, pul hanuz Moskvadan kelmoqda shundaymi?

Erik Berklef: Ha albatta shunday bo‘lmoqda. Bu iqtisodlarda ishlatilayotgan pullarning muxim qismi xorijdan yuborilayotgan pullarga to‘g‘ri kelmoqda. Lekin bu moliyaning yaxshi manbai emas. Chunki juda ko‘plab tashqi faktorlarga bog‘liq. Bundan tashqari mamlakatning o‘zida yashayotganlar tomonidan qilinmagan urinishlar ortidan kelmoqda. Xullas, albatta bu pullarning muhim manbai, lekin biz bu manbadan uzoqlashish yo‘llarini topishni istardik.

BBC: Bunga qanday qilib erishish mumkin? Xorijdan yuborilayotgan pullar va asosan xom ashyoga asoslangan iqtisodlarni o‘zgartirishlarning qanday yo‘llari bor?

Erik Berklef: Menimcha bu yerda shaxsiy sektorni rivojlantirishga e‘tibor qaratish kerak. Davlat sektori aralashuvini kamaytirish, aksincha davlatni bu kabi rivojlanishga turtki beruvchi, bozorni himoyalovchi asbob sifatida ishlatish kerak. Korruptsiya darajasini pasaytirish, sog‘lom raqobatni kuchaytirishga erishish kerak. Mrakaziy Osiyodagi ko‘plab iqtisodlar hanuz markazdan o‘ta ko‘p boshqariladi va haddan tashqari mujassamlashgan.

BBC: Korruptsiya darajasini pasaytirish kerak dedingiz, sog‘lom raqobat kerak, dedingiz, bu bizneslar elita qo‘lida emas, hamma uchun ochiq bo‘lishi kerakligini angalatadimi? Ovro‘po Tiklanish va Taraqqiiyot Bankining aytayotgan narsasi shumi?

Erik Berklef: Huddi shunday...Bozorga yangi guruhlarni olib kelish, shaxsiy sektorning bozorga kirib kelishi va uning o‘sishi yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni kamaytirish. Buning uchun esa "yirik o‘yinchilar" uchun qoidalarni qat‘iylashtirish kerak, davlatning qilishi kerak bo‘lgan narsa shu.