Ovronigoh-2013: Ozarbayjon muxlislari nima uchun Rossiyaga 0 ochko berishdi?

  • 22 May 2013

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bu yilgi Ovrnigoh qo‘shiq tanlovida nima uchun ozariy muxlislar Rossiyalik xonandaga 0 ochko berganliklarini tekshirishga farmon berdi.

Rasmiylarga ko‘ra, aslida muxlislar va Ozarbayjondan hay‘at a‘zolari Rossiyalik xonandaning chiqishini qo‘llab-quvvatlaganlar.

Ozarbayjon davlat matbuotiga ko‘ra, ovozlarni sanash jarayonida qalloblik yuz bergan bo‘lishi mumkin.

Rossiyalik muxlislar Ozarbayjon nomidan tanlovda ishtirok etgan Farid Mamadovga eng yuqori -12 ochko berishgan.

Farid Mamadov umumiy ochkolar xisobida g‘olib Daniyalik qo‘shiqchidan so‘ng ikkinchi o‘rinni egalladi.

Bu gal Shvetsiyaning Malmyo shahrida bo‘lib o‘tgan tanlovda Rossiyalik Dina Garipova 5-o‘rinni egalladi.

Ozarbayjonning Rossiyadagi elchisi Po‘lat Bulbul O‘g‘li mamlakat Prezidenti ozarbayjonlik muxlsilar qanday ovoz berganliklarini tekshirib, qayta sanab chiqishga buyruq berganligini ma‘lum qildi.

Elchiga ko‘ra, asosan mobil telefon orqali SMSlar yo‘li bilan ovoz bergan ozarbayjonliklarning aksari Rossiyalik xonanada uchun ovoz berishgan.

"Bu ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiya 10 ochko olishi kerak edi. Bu borada e‘lon bugun Ozarbayjon Televideniyesida beriladi", dedi Ozarbayjon elchisi.

Ozarbayjon davlat televideniyesi rahbari Jamil Guliyevning aytishicha, Rossiyaga 0 ochko berilganligi jiddiy xavotirga sabab bo‘lgan.

"Biz umid qilamizki, ba‘zi guruhlar tomonidan uyushtirilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan bu hodisa Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga soya solmaydi", dedi janob Guliyev.

O‘tgan yili Ovronigoh qo‘shiq tanloviga mezbonlik qilgan Ozarbayjon Rossiya bilan yaxshi munosabatlarga ega, lekin o‘tmishda energiya zaxirlari yuzasidan tangliklar yuz bergan hollari bo‘lgan.