Rossiya: O‘zbek muhojiri o‘zini 5 qavatdan tashlab, halok bo‘lgan

  • 22 Май 2013
Image caption Huquq faollariga ko‘ra, mehnat muhojirlarining hujjatlari to‘xtovsiz tekshiriladi va noqonuniy reydlar o‘tkaziladi

Sankt-Peterburg shahrida O‘zbekistonga chiqarib yuborilishi kutilayotgan muhojir o‘zini beshinchi qavatdan tashlab, halok bo‘lgan.

Rossiya matbuotiga ko‘ra, Sankt Peterburgning Moskva tuman sudi hakami 52 yoshli o‘zbekistonlik muhojirni deportatsiya qilish haqidagi qarorini o‘qib eshittirishi ortidan u mahkama zalidan tashqariga otilgan va beshinchi qavat oynasidan o‘zini tashlagan.

Piter-TV tarqatgan xabarda hakamlar uni to‘xtatib qolishga uringanlari, ammo buning imkoni bo‘lmagani aytiladi.

Hodisa tafsilotlari va muhojirni suiqasdga undagan omillar noma‘lumligicha qolmoqda.

Sankt-Peterburg mahkamasi hodisa yuzasidan hech qanday sharh bermagan.

BBCning mahkama rasmiylari bilan bog‘lanishga urinishlari zoye ketdi.

Hodisa joyida politsiya va prokuraturaning ish olib borayotgani aytiladi.

"Chorasizlik"

Sankt-Peterburgadagi "Memorial" inson huquqlari tashkilotidan Anna Udyarova muhojirlarni ko‘pincha bu qadamga undaydigan narsa chorasizlik ekanini aytadi.

Unga ko‘ra, o‘zbekistonlik muhojirga qarshi ish ma‘muriy jazoga tortish haqidagi mahkama ishi bo‘lgan.

"Mehnat muhojirlariga nisbatan bu kabi ishlar mahkamalarda ko‘p ko‘riladi. Muhojirlik qonunlarini buzganliklari aniqlansa, mahkama ularning besh yil davomida Rossiyaga kirishlarini taqiqlovchi qaror chiqaradi. Juda ko‘p odamlar uchun bu eng yomon jazo hisoblanadi. Chunki ular yagona daromad manba‘lari bo‘lgan Rossiyadagi ishlaridan ajralishadi va oilalarini boqolmay qoladilar", - deydi sankt-peterburglik huquq faoli.

Uning aytishicha, O‘zbekiston va markaziy osiyolik mehnat muhojirlari ko‘pincha "Memorial"ga ma‘muriy jazo haqidagi mahkama qarori ustidan shikoyat qilishda yordam so‘rab keladilar.

"Garchi ma‘muriy qonunchilikning ayni bandida mamlakatdan chiqarib yuborish emas, balki jarimaga tortish haqidagi jazo ham nazarda tutilgan bo‘lsa-da, Federal Muhojirlik Xizmati va hakamlar ko‘pincha aynan badarg‘a qilish shaklidagi jazoni qo‘llashadi", - deydi Anna Udyarova.

"Memorial" vakilining aytishicha, so‘nggi hodisa qashshoqlikda kun kechiradigan Rossiyadagi muhojirning chorasiz ahvolini ko‘rsatadi.

"Ularga na o‘zlari mansub bo‘lgan davlat, bu o‘rinda O‘zbekiston va na Rossiya hukumati yordam beradi. Aksincha ular doimiy ta‘qib ostidalar, ularga qarshi muntazam ravishda noqonuniy reydlar o‘tkazib kelinadi va hujjatlari to‘xtovsiz tekshiriladi. Amalda esa buning hech qanday ijobiy natijasi yo‘q-muhojirlarning Rossiya jamiyatiga integratsiya bo‘lishlari uchun hech narsa qilinmaydi", - deydi huquq faoli.

Udyarova xonim joniga qasd qilgan o‘zbekistonlik muhojirning vatanida qidiruvga berilgan bo‘lishi mumkinligi ehtimolini istisno qiladi.

Uning aytishicha, agar muhojir qidiruvda bo‘lganida, unga nisbatan deportatsiya emas, balki ekstraditsiya jarayoni boshlatilgan bo‘lur edi.

"Rossiya va O‘zbekiston tomonlari ko‘pincha bu jarayonni suiste‘mol qiladilar va Rossiya maxsus xizmatlari qidiruvdagi shaxsni yashirincha O‘zbekistonga berib yuboradi. Vaholanki, O‘zbekiston kabi qiynoq qo‘llaydigan davlatga gumondorni topshirish Rossiya imzolagan inson huquqlari bo‘yicha Ovro‘po konventsiyasiga ziddir. Ammo afsuski,bunday holatlar ko‘p", - deydi Anna Udyarova.