Moskvada "terrorchilik hujumi"ning oldi olindi

Image caption Moskvada terrorchilik hujumini rejalashtirgan guruh a‘zolari Orexovo-Zuyevodagi ikki qavatli binoda qo‘nim topishgani aytilgan.

Rossiya Terrorizmga qarshi Agentligining ma‘lum qilishicha, Moskvada terrorchilik hujumini amalga oshirishni rejalagan guruhga qarshi reyd o‘tkazilgan. Reyd natijasida ikki shaxs o‘ldirilgan.

Rasmiylarga ko‘ra, guruh poytaxtdan sharqroqda joylashgan Orexovo-Zuyevo shaharchasida qaror topgandi.

Reyd natijasida uchinchi guruh a‘zosi qo‘lga olingan.

Aytilishicha, guruh a‘zolari Afg‘oniston va Pokistonda tayyorgarlikdan o‘tib kelgan Rossiya fuqarolaridir.

Agentlik tomonidan chiqarilgan bayonotda aytilishicha, amaliyot mobaynida guruh turgan yer o‘rab olingan va ulardan taslim bo‘lish talab qilingan vaqtda o‘t ochganlar.

Ismini oshkor qilmagan rasmiy manbaning matbuotga aytishicha, ushbu guruh Moskva markazida uyushtirilajak yirik ommaviy anjumanni nishonga olishni rejalashtirigan. Boshqa tafsilotlar tekshiruv jarayoni davom etayotgani tufayli oshkor etilmasligini bildirgan.

Rasmiylarga ko‘ra, guruhning uchchala a‘zosi ham musulmonlar va bir oydan beri huquq-tartibot organlari nazorati ostida bo‘lishgan.

Yana bir manbaning Interfaks agentligiga aytishicha, ular Tolibon va "Al Qoida" a‘zolari boshpana topgan Pokistonning Shimoliy Vaziriston mintaqasida tayyorgarlikdan o‘tib kelishgan.

Rasmiylar ushbu guruh va O‘zbekiston Islomiy Harakati o‘rtasidagi ehtimoliy bog‘liqlikni tekshirayotganliklarini ham aytishgan.

Guruhga qarshi amaliyotda maxsus kuchlarning bir askari jarohatlangan. Rasmiylarga ko‘ra, amaliyot aholi yashash maskanida o‘tkazilgan bo‘lsa ham ular orasida jarohatlangan yoda qurbonlar yo‘q.

Bu hodisadan sal avval Dog‘iston poytaxti Maxachkala shahrida ikki portlash ro‘y berib, 4 kishi halok va kamida 35 kishi jarohatlangani xabar berilgan.

Orexovo-Zuyevo shahrida bo‘lgan BBC muxbiriga ko‘ra, shaharning ba‘zi qismlari hanuz yopiq qolmoqda. Natijada shahar ko‘chalarida tirbandlar yuzaga kelgan.

Rossiya rasmiylari mamlakatning turli hududlarida terrorchilik hujumlarining oldi olingani haqida tez-tez xabar berib turishadi. Bu xabarlarda tafsilotlar kam va aksar hollarda gumon ostidagi shaxslar amaliyot mobaynida halok etiladilar.