Osiyo Chempionlar ligasida O‘zbek jamoalari qolmadi

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Toshkentda Taylandning "Buriram Yunayted" jamoasiga qarshi nimchorak finalining javob uchrashuvida durang natija qayd etgan "Bunyodkor" ortidan bu yil Osiyo chempionlari chempionligi uchun bellashayotgan O‘zbek jamoasi qolmadi.

O‘zbekistonning amaldagi chempioni "Paxtakor" va Toshkentning "Bunyodkor" jamoasi bu yilgi Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishgandi.

Sherlar turnirdagi ishtiroklariga guruh bosqichidayoq yakun yasashgan bo‘lsa, qaldirg‘ochlar o‘z guruhlarida birinchi o‘rinni egallab, nimchorak finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lishgandi.

Ammo "Bunyodkor" o‘tgan hafta nimchorak final bellashuvining dastlabki uchrashuvini safarda Tayland jamoasiga 1:2 hisobida boy berib, kecha o‘z maydonida o‘tkazgan javob o‘yinida 0:0 durang natija qayd etdi.

Shundan so‘ng, qaldirg‘ochlar har ikki o‘yin natijasiga muvofiq, bu yilgi Osiyo Chempionlar ligasining chorak finaliga chiqa olishmadi.

"Bunyodkor" o‘zining qisqa tarixida ikki bor turnirning yarim finaliga chiqishga muvaffaq bo‘lgan va bu yil nimchorak finaliga qadar mag‘lubiyat nimaligini bilmagan edi.

Jamoa bosh murabbiysi Mirjalol Qosimov, har galgidek, bu yil ham o‘z oldilariga Osiyo Chempionlar ligasining finaliga chiqish qadar oliy maqsad qo‘yishgani, ammo futbolda o‘zlari tushgani kabi vaziyatlar tez-tez uchrab turishini aytadi.

"Buning o‘ziga yarasha bir, ikkita sabablari bor. Menimcha, guruhda birinchi o‘rinni olib, nimchorak finaliga chiqqanimizga ham bolalar qanaqadir xotirjamlikka berilishdimi, deb o‘ylayman. O‘zingiz bilasiz, futbolda hech qachon xotirjamlikka berilish kerak emas. Va, albatta, har bitta o‘yinga jiddiy qarash kerak", deydi u.

"To‘g‘risini aytsak, "Buriram" ham yaxshi himoyalandi. Imkoniyat bermadi. Lekin bunaqa o‘yinlarda judayam ko‘p vaziyat bo‘lmaydi. Lekin bir-ikkita vaziyat bo‘ldi, o‘sha vaziyatlarni golga aylantirish kerak edi. Tez gol kerak edi, bizlar shuni eplay olmadik".

"Lekin bu jamoadan o‘tsak bo‘lardi. Shunisi odamning sal asabiga tegayapti. Nimagaki, agar ular bir kalla yuqori o‘ynab, bizlar kuchsizroq bo‘lganimizda, unda tan berib, haqiqatan ham biz bu jamoani yutolmadik, desak bo‘lardi. Lekin bu jamoadan o‘tishimiz mumkin edi", deydi "Bunyodkor" bosh murabbiysi Mirjalol Qosimov.