Tsarnayevlarga aloqador kishi Floridada otib o‘ldirilgan

Image caption Boston portlashlarida ikki kishi halok bo‘lgandi

AQShning CBS telekanali xabar berishicha, Floridaning Orlando shahrida Markaziy Razvedka Agentligi so‘roq qilayotgan shaxs federal agentlarga hamla qilishi ortidan otib o‘ldirilgan.

Bor ma‘lumotlarga binoan, bu shaxs - 27 yoshli Ibragim Todashev.

Aytilishicha, Todashev yana bir kishi bilan birgalikda Boston marafonidagi portlashlarda gumon qilinuvchi Tamerlan Tsarnayev bilan aloqasi borasida so‘roq qilinayotgan bo‘lgan.

Todashev Tsarnayev bilan portlashlardan biroz avval muloqot qilgani, Tsarnayev bilan uchrashish uchun Bostonga borgani va Chechenistonda ketishni rejalayotgani ishoniladi.

Tamerlan Tsarnayev Bostondagi portlashlar ortidan politsiya bilan otishmada otib o‘ldirilgandi. Uning ukasi otishmaning ertasiga hibsga olingandi.

CBSning Orlandodagi muxbiri xabar qilishicha, Todashev yashayotgan xonadondan mahalliy vaqt bilan tungi 12:00dan so‘ng o‘q uzilgani eshitilgan.

O‘q uzilishidan avval Todashev va Markaziy Razvedka Agentligi agentlari o‘rtasida yoqalashuv kelib chiqqani, go‘yoki Todashev ulardan biriga tashlangani aytiladi.

Federal agentlardan biri mahalliy Local 6 telekanaliga gumondorning halok bo‘lganini tasdiqladi.

"Hozirda biz Markaziy Razvedka Agentligining maxsus agenti ishtirokida otishma ro‘y bergani hodisasini tekshirayapmiz", - dedi maxsus agent Deyv Kuverte.

"O‘z vazifasini bajarayotgan agent va gumondor o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Gumondor jon berdi", - deb aytgan u.