"So‘z erkinligi hamon yo‘q darajada, tazyiqlar ham tinmagan..."

Image copyright logo
Image caption Xalqaro tashkilotning yangi hisoboti payshanba kuni e‘lon qilindi
Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkilotining yillik hisobotining O‘zbekistonga doir bo‘limi o‘tgan yillardan keskin farq qilmaydi.

So‘z erkinligi hamon yo‘q darajada, inson huquqlari faollari va mustaqil jurnalistlarga nisbatan tazyiqlar tinmagan va ularni kaltaklash, mahkamaga tortish va qamoqqa tashlash holatlari davom etmoqda deyiladi hisobotda...

Hisobotda ikki nafar inson huquqlari faolining qamoqdan ozod etilgani ham aytiladi. Ammo kamida yana o‘n kishi qamoqda qolayotgani urg‘ulanadi, ularning ayrimlari noinsoniy va shafqatsiz bir sharoitlarda tutib turiladi deydi tashkilot.

Ayblarga iqror qilish uchun qiynoq qo‘llanishi va turfa bosim ko‘rsatish usullari hamon saqlanib qolayotganiga doir xavotirlar arigani yo‘q.

Bu kabi noinsoniy munosabatga, ayniqsa, noqonuniy diniy oqimlarga a‘zolikda gumonlanganlar mubtalo etilmoqda.

So‘z va fikr erkinligiga doir bobida tashkilot jurnalistlar va inson huquqlari faollarining ta‘qib ostida qolayotganlari, jumladan, oddiy kiyimlarda bo‘lgan xavfsizlik xodimlari ularni kuzatishi, so‘roqqa chaqirib turishlari, uy qamog‘ida saqlashlari, tinch namoyish o‘tkazish harakatlariga qarshilik qilishlari haqida so‘z boradi.

Ayrim inson huquqlari faollari huquq –tartibot xodimlari tomonidan va yo ularga yaqin yollangan shaxslar tomonidan kaltaklangani haqida xabarlar bor.

Inson huquqlari faollari Alisher Karamatov va Habibullo Oqpo‘latovlarning uzoq yillik qamoq jazosidan keyin ozod etilganlari e‘tirof etilar ekan, Qarshi shahrida boshqa bir inson huquqlari faoli Gulshan Qorayevaning ikki ayol tomonidan kaltaklab ketilgani haqida aytgan. Bu ayollar huquq-tartibot xodimlariga aloqador ekani tushuniladi. Shundan keyin uning uyiga turfa graffiti chizib ketiladi. Bundan avvalroq esa Gulshan Milliy Xavfsizlik Xizmatining "quloq" bo‘lib ishlashi haqidagi taklifini rad etgan.

O‘tgan yil sentyabr oyida uni yana muvaqqat hibsga oladilar. Unga hujum qilgan ayollardan shikoyat tushgani, "haqorat qilish" va "tuhmat qilish"da ayblashganini aytishadi. Agar bu ayblovlar mahkamada isbotini topsa, to‘rt yilga qadar qamoq jazosi tayinlanishi mumkin edi, ammo dekabr oyiga kelib Gulshanga nisbatan Prezident avfi qo‘llaniladi. Gulshan Qorayevaning oila a‘zolariga ham tazyiq o‘tkazilgani, haqorat qilingani va kaltaklanganini yozadi AI o‘z hisobotida.

Qiynoqlar va noinsoniy munosabat

Tashkilot o‘z hisobotida mahkumlar va mahbuslarga nisbatan qiynoq qo‘llanishining davomiy ekanini urg‘ulaydi.

Qiynoqlar, ayniqsa, turfa diniy oqimlarga a‘zolik ayblari bilan qo‘lga olinganlarga nisbatan ko‘proq qo‘llaniladi.

O‘nlab turk biznesmenlarini hibsga olish voqeasiga to‘xtalar ekan, Turkiya fuqarosi Vahit Guneshning O‘zbekiston hukumatiga qarshi mahkama ishi boshlagani va o‘ziga nisbatan qiynoq qo‘llanilgani da‘vo etgani zikr qilinadi.

O‘zbekiston televizionidan berilgan filmda esa iqtisodiy jinoyatlar bilan bir qatorda turk ishbilarmonlari "Nurchilar" diniy oqimiga aloqadorlikda ham gumon etilganlari ham da‘vo etildi.

Nasroniylarning "Iyegova shohidlari" guruhidan bo‘lmish Gulchehra Abdullayeva Hazoraspda hibsga olinib, militsiya tomonidan qiynoqqa solinganini aytdi, deyiladi hisobotda.

Gulchehra o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar qatorida taqiqlangan diniy adabiyotni olib kirish borligini aytadi, zotan bu ayblovni rad etadi.

Huquq- tartibot xodimlari uni bir necha soatlab oziq-ovqat va suvsiz turg‘izib qo‘yishgani, boshiga gaz niqob kiygizib, havo o‘tkazish yo‘li to‘sib qo‘yilgani aytadi.

Gulchehra alal-oqibat "xususiy diniy ta‘lim berish"da ayblanib jarima to‘lash haqida hukm chiqariladi.

Aksilterror amallar va xavfsizlik
Image caption Xalqaro tashkilot o‘zining yangi hisobotida Shvetsiyada hanuz komada qolayotgan o‘zbekistonlik taniqli imom Obidxon qorining taqdiriga ham e‘tibor qaratgan

O‘zbekiston mulozimlari turfa Islomiy guruhlarga aloqador degan ayblovlar bilan xorijdagi shaxslarni mamlakatga qaytarish harakatlarini jadallashtirishgan. Hukumat ularning bari xavfsizlik va terrorga qarshi kurash haqqi amalga oshirilayotgani urg‘ulaydi.

Bu kabi ekstraditsiya talablarining aksariyati soxta va yo ishonchsiz ko‘rsatmalar asosida kechgani aytiladi. Vatanga majburan qaytarilganlar, hukumatning adolatli munosabatga doir va‘dalariga qaramasdan, qiynoqqa solinganlar. Sahnalashtirilgan mahkama jarayonlarida ularga nisbatan uzoq yillik qamoq jazosi hukmlari berilgan. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati mulozimlari muhojirotdagi muxolifat rahbarlarining joniga qasd qilishda ham ayblanganlar.

Ayni o‘rinda Amnesty International Shvetsiyada otib ketilgan Obidxon Nazarovning taqdirini tilga oladi. Ayni jinoyat bo‘yicha mahkama ishida hakamning Obidxon qori o‘zining siyosiy qarashlari uchun Shvetsiya tashqarisida bo‘lgan kuchlar tomonidan nishonga olinganini aytdi, uning oilasi himoyachisi esa to‘g‘ridan to‘g‘ri O‘zbekiston xavfsizlik xizmatlarini aybladi.