"Rossiya vokzallarida migratsiya postlari joriy etilsin"

Image caption Rossiyalik mas‘ullarga ko‘ra, chetdan o‘z mamlakatlariga kelayotgan mehnat muhojirlarining soni yil sayin ortib bormoqda

Rossiya Federal Migratsiya Xizmati rahbari Konstantin Romodanovskiy poytaxt Moskvadagi noqonuniy mehnat muhojirligi oqimiga qarshi kurashish uchun ana shunday taklif bilan chiqqan.

Rossiyalik yuqori martabali migratsiya mulozimining aytishicha, "Moskvada noqonuniy mehnat muhojirlari bilan bog‘liq vaziyat o‘ta keskin emasa-da, chigaldir".

Agar, mas‘ullarning so‘zlariga qaralsa, joriy yilning ikkinchi yarmida qonunbuzar muhojirlarga qarshi keng ko‘lamli reyd o‘tkazish ham rejalangan.

Rasmiy ma‘lumotlardan ayon bo‘lishicha, birgina o‘tgan yilning o‘zida 70 mingdan ortiq ana shunday muhojirlar aniqlangan. Ularning Rossiyaga kirishlari taqiqlangan.

Rossiyalik migratsiya mulozimlarining so‘zlariga tayanilsa, hozir mamlakatdagi ja‘mi mehnat muhojirlarining soni 10 milliondan ortadi.

Rossiyadagi ham qonuniy va ham noqonuniy mavqe‘da bo‘lgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari esa, taxminan besh million atrofida ekani aytiladi.

Mahalliy mas‘ullar Rossiyaga kirib kelayotgan mehnat muhojirlarining soni yil sayin ortib borayotganini ham e‘tirof etishadi.

Moskva shahar hokimi Sergey Sobyaninning aytishicha, politsiya idoralari tomonidan poytaxt temiryo‘l va avtovokzallarida uyushtirilgan reydlar ularning mavqe‘larini qalloblik yo‘li bilan qonuniylashtirish va bunga vositachilik qilishda mashg‘ul tizimlar faoliyatiga jiddiy zarba bergan.

Janob Sobyanin ham vokzallardagi migratsiya postlariga maxsus joylar ajratilishi, lozim texnika va ma‘lumotlar bazasini bilan ta‘minlanishini talab qilgan.

Mahalliy politsiya mulozimlariga ko‘ra, Moskvadagi har besh jinoyatdan bittasi xorijliklar tomonidan sodir etiladi.

Rossiya Federal Migratsiya Xizmati ma‘lumotlariga tayanilsa, bu kabi jinoyatlardan aksariyati O‘zbekiston, Moldova va Tojikiston fuqarolari hissasiga to‘g‘ri keladi.

"Faqat maxsus taklif bilan"

Image caption Rossiyalik yuqori martabali migratsiya mulozimlari muhojirlarni mamlakatga faqat maxsus ruxsatnoma bilan kiritish masalasini ham ilgari surishmoqda

Konstantin Romodanovskiy hamkasblari bilan o‘tkazgan so‘nggi yig‘inida ana shu g‘oyasi bilan ham bo‘lishgan.

Uning g‘oyasi Rossiyaga kelayotgan MDHga a‘zo davlatlar fuqarolari uchun maxsus ruxsatnoma joriy etishni ko‘zda tutadi.

"Hozir viza tizimini kiritish u qadar dolzarb masala emas, - deb aytgan Romodanovskiy. Maxsus ruxsatnomani tadbiq etish masalasi esa, aksariyat mehnat muhojirlari kelayotgan davlatlar bilan muhokama etilishi mumkin. Ammo bu g‘oya ustida ham hali ishlash kerak, chunki uni amalga oshirish oson ish emas".

2015 yilning 1 yanvaridan boshlab esa, yaqin xorijlik fuqarolarning Rossiyaga faqat xorijiy pasport bilan kirishlari mumkin bo‘ladi, xolos.

O‘tgan yil boshida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin muhojirlarni noqonuniy ro‘yxatga qo‘yayotgan uy egalarini jinoiy javobgarlikka tortish va migratsiya qonunlarini buzganligi aniqlangan muhojirlarni 10 yil yoki undan ham ortiqroqqa mamlakatga kiritmaslikni talab qilgandi.

Muhojirlarning o‘zlari nima deyishadi?

Image caption Rossiyadagi ham qonuniy va ham noqonuniy mavqe‘da bo‘lgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari esa, taxminan besh million atrofida ekani aytiladi

Agar, o‘zlarining so‘zlariga tayanib aytiladigan bo‘lsa, Rossiyadagi o‘zbekistonlik muhojirlar ham ko‘proq noqonuniy mavqe‘da ishlashni afzal bilishadi.

"Bu kabi hollar juda ko‘p. Chunki to‘siqlar ko‘p. Ishlash uchun ruxsatnoma olish yo‘lidagi sansalorliklar, yugur-yugurlar va sarf-xarajatlarning yuqoriligi ularning mavqe‘larini qonuniylashtirishlariga to‘sqinlik qilmoqda", deydi Moskvadan biz suhbatlashgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlaridan biri.

Ma‘lum bo‘lishicha, buning uchun kamida 800 AQSh dollari atrofida pul ketadi, butun jarayonning o‘zi o‘rtacha 20 kunga cho‘ziladi.

"Bu hali hammasi emas, bitta firmaning ishlash uchun ruxsatnomasi boshqasiga o‘tmaydi, mehnat muhojiri ishlash joyini o‘zgartirmoqchi bo‘lsa, yana hammasini qaytatdan qilishi kerak. Ikkinchi tomondan, bir hududda ishlash huquqini beruvchi ruxsatnoma, boshqasida qonuniy kuchga ega bo‘lmaydi", deydi suhbatdoshimiz.

Uning aytishicha, noqonuniy mehnat muhojirligiga qarshi kurashmoqchi bo‘lsa, Rossiya hukumati bu ishlarning barchasini qonuniy tarzda amalga oshirib, ish beruvchilarga qat‘iy shart qo‘ysa, ishlash uchun ruxsatnoma olish, tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayonini osonlashtirsa va muhojirlarni malakasi, til bilishiga qarab, ishga qabul qilsa, muammo bu darajaga o‘sib yetmaydi.

O‘z o‘rnida, so‘nggi yangilikka munosabat bildirarkan, suhbatdoshimiz, "Moskvadagi ba‘zi rasmiylarda millatchilik va yoki shovinizm ruhiyati kuchli bo‘lgani uchun shu yo‘l bilan Markaziy Osiyo davlatlariga, ayniqsa, O‘zbekistonga, go‘yoki, bir ishora berishmoqchi bo‘lishayapti", deydi.

Unga ko‘ra, noqonuniy mehnat muhojirligi bilan bog‘liq vujudga kelgan vaziyatga, bir tomondan, Rossiya hukumatining o‘zi ham aybdor.

"Rossiya hukumati o‘ziga qancha miqdorda chetdan ishchi kerakligi, ularni qanday tartibda qayddan o‘tkazish lozimligini bilmasligi, mehnat birjalari va konsulliklarni tashkil etish yo‘lidagi sa‘y-harakatlari yetarli emasligi bois, bu kabi pala-partishlik kuzatilayapti".