Ukraina Qrim tatarlari haqida Rossiya mulozimining so‘zlaridan g‘azablandi

Image caption Har yili 18 mayda Qrim tatarlari majburiy ommaviy surgunni xotirlaydilar.

Rossiyaning Simferopoldagi bosh konsuli Vladimir Andreyev Qrim tatarlarining urush paytida deportatsiya qilinishini oqlagan.

Bunga javoban esa Ukraina Tashqi ishlar vazirligi rasman o‘zining noroziligini izhor etdi.

Rossiyaning Qrimdagi bosh konsuli Vladimir Andreyev o‘zining intervyusida Ikkinchi Jahon urushi paytida Qrim tatarlari "ommaviy sotqinlik" qilganlar, deb aytgan.

Ukraina parlamenti - Oliy Rada deputati, Qrim tatarlari Majlisi raisining birinchi o‘rinbosari Refat Chubarov bu gaplari uchun Rossiyadan Vladimir Andreyevni Qrimdagi bosh konsullikdan chaqirib olishni talab qilgan.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligining rasmiy noroziligida Rossiya rasmiylarining Vladimir Andreyev so‘zlari borasida tegishli baho berishiga umid bildirilgan.

Shuningdek, Andreyevning professional faoliyatini to‘g‘irlash ma‘nosida chora ko‘rilishiga umid qilgan Ukraina tashqi siyosat idorasi.

18 may kuni Qrim tatarlarining o‘z vatanidan ommaviy surgun qilinganlariga 69 yil to‘ldi.

1944 yilda go‘yo Olmon natsistlariga moyilligi uchun 190 mingdan ortiq tatarlar Qrimdan majburan ko‘chirilganlar.

Ularning 150 mingdan ortig‘i O‘zbekistonga jo‘natilgan.

Qrim tatarlari deportatsiya kunini xalqning ulkan fojeasi sifatida xotirlaydilar.

Yaqinda Qrimdagi ATR telakanali Rossiyaning Qrimdagi bosh konsuli Vladimir Andreyevni intervyu qilgan, unda Ikkinchi Jahon urushi yillarida ikki marta Sovet Ittifoqi qahramoni bo‘lgan sinovchi-uchuvchi Amet Xon Sulton haqida tasvirga olingan "Xaytarma" badiiy filmini rossiyalik amaldor tanqid qilgan.

Vladimir Andreyev bu film urush va Qrim tatarlari haqidagi haqiqatni buzib ko‘rsatgan, deb aytgan.

ATR telakanali muxbiri sizning bu so‘zlaringiz butun Qrim tatarlari uchun haqorat emasmi, deb so‘ragan.

Bunga javoban esa Vladimir Andreyev, "men yangi gap aytganim yo‘q", degan.

"Men biron yangi gap aytdimmi? Menga sizning maslahatingiz kerak emas. Mening aytgan har bir so‘zim rasmiy. Yozib oling-da, har bir Qrim tatarining oldida aylantiring! Mening so‘zim va Rossiyaning so‘zi aniq bo‘lishi kerak. Jumladan mening intervyum ham Ulug‘ Vatan urushi haqidagi haqiqat yangrashi uchun kerak. Bu aynan sotqinlik mavzusi", deb aytgan Vladimir Andreyev.

23 may kuni Simferopol shahridagi Rossiya konsulligi binosi qarshisida norozilik amaliyoti uyushtirilgan.

Piket ishtirokchilari Vladimir Andreyevni diplomatik maqomidan mahrum qilishni va uning Qrimni tark etilishini talab qilganlar.