"Suriyaga urushga ketgan ikki qirg‘izistonlik vataniga qaytarildi"

Image caption Suriyadagi isyonchilar orasida turli mamlakatlar fuqarolari bor.

Qirg‘iziston rasmiylariga ko‘ra, mamlakat janubidagi Botken viloyati Qizil Qiya shahrilik ikki yoshni qaytarishga muvaffaq bo‘lganlar, yoshlarning Suriyadagi jangovor amaliyotlarda qatnashish uchun yo‘l olganlari aytilgan.

Qirg‘iziston Xavfsizlik Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi Qizil Qiya shahri bo‘limidan aytishlaricha, Suriyadagi urushga qatnashish uchun chiqib ketishi mumkin deb aytilgan yoshlardan biri mamlakat aeroportlaridan biridan qaytarilgan.

Ikkinchi yosh esa Turkiyadan qaytarib olib kelingan.

Qizil Qiya shahar xavfsizlik idorasi rahbari Zamirbek Jolbolduyev bu yo‘nalishda hamon ish olib borilayapti, deb aytgan.

"Biz maxsus operativ choralarni ko‘rayapmiz. Qizil Qiya shahridan Turkiyaga o‘qishga ketdim, Rossiyaga, Sochiga, Boltiqbo‘yiga ishlash uchun ketdim, deb ota-onasini aldab, har xil yo‘llar bilan chiqib ketganlar bo‘lgan. Biz ana shunday maqsadda bo‘lganlardan birini aeroportdan qaytardik. Yana bir yosh Turkiyadan qaytib keldi. Qolganlari Turkiyadagi har xil madrasalarda, har xil shaharlarda o‘qishayapti, degan ma‘lumotlar bor", deb aytgan Zamirbek Jolbolduyev.

Bir oy ilgari Turkiyaga ketgan farzandlari Suriyadagi urushga olib ketilishi mumkinligidan xavotir bildirgan yetti yoshning ota-onasi huquq-tartibot organlariga ariza bilan murojaat qilgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

23 may kuni Qizil Qiya shahrida Qirg‘iziston parlamenti deputatlari, huquq-tartibot idoralari mulozimlari va jamoatchilik vakillari o‘rtasida uchrashuv tashkil etilgan, unda qirg‘izistonlik yoshlarning Suriyaga ketib qolishlari oldini olish yo‘llari muhokama qilingan.

O‘tgan yili avgustida Suriya hukumatiga qarshi qurolli kurash olib borayotgan jangarilar safiga o‘zbeklar qo‘shilgani haqidagi xabarlar tarqalgan.

O‘zbekiston Islomiy Harakati bilan yaxshi aloqasi bo‘lgan manba BBC o‘zbek xizmatiga 40 dan ziyod qurolli Suriya hududiga o‘tganini ma‘lum qilgan.

Britaniyada nashr etiladigan Guardian ro‘znomasi Turkiya-Suriya chegarasida bir turk odam tashuvchisi bilan suhbatlashgan.

Odam tashuvchining ro‘znomaga aytishicha, suriyalik isyonchilarga yordam berish uchun yo‘lga chiqqanlar orasida "pokistonliklar va o‘zbekistonlar" ham bo‘lishgan.

O‘zbekiston Islomiy Harakatining targ‘ibot web sayti - Furqon.com Bashar al-Assadning "dunyoviy rejimiga qarshi" jihodga qo‘shilayotgan ko‘ngillilar soni ortib borayotgani haqida yozgan.

Tojikiston Milliy Xavfsizlik davlat qo‘mitasi tarqatgan xabarga ko‘ra, Suriyada qurolli harakatlar boshlanganidan buyon uch tojikistonlik u yerda halok bo‘lgan.