AQShda ilk O‘zbek raqs dastasini tuzgan Lourel Viktoriya Grey

  • 24 May 2013
Lourel Viktoriya Grey tuzgan o‘zbek raqs guruhidagi amerikalik shogirdlari

Doktor Lourel Viktoriya Grey - O‘zbek raqsini AQShda yoygan ilk san‘atkorlardan. U hali 1980 yillari Siyetl shahrida o‘zbek raqsi dastasini tuzgandi.

Lourel Grey-xonim O‘zbekistonning mashhur raqqosasi Qizlarxon Do‘stmuhammedovadan ohista, ammo purma‘no o‘zbek mumtoz raqsi sir-sinoatini o‘rganadi.

Qariyb yigirma yildan beri har sana AQShda Markaziy Osiyo raqsini o‘rganish to‘garagini yuritadi.

AQShda ilk o‘zbek raqs dastasini tuzgan va boshqalarga ham o‘rgatayotgan doktor Lourel Viktoriya Grey-xonim BBC O‘zbek Xizmati radiotinglovchilari va vebsahifasi o‘quvchilari savollariga javob berdi:

BBC: Shimoliy Amerikadan Akmal ismli tinglovchimiz ilk bor O‘zbekistonda katta sahnada raqs tushganingizni eslaysizmi, deb savol so‘raydi. Hofiz Sherali Jo‘rayev ashulasi ostida raqs ijro etganingizni eslaydi.

Lourel Viktoriya Grey: Albatta bu savolga javob berishim kerak. Men Vashington universitetini tugatish arafasida edim. O‘shanda rus tilidan tarjima qilishni ham o‘rganardim. Bir kuni menga birodarlashgan Toshkent shahridan hay‘at kelmoqda, deyishdi. Bilasizmi, AQShdagi shahar bilan birodarlashgan ilk Sovet shahri bu Toshkent edi. Men toshkentlik raqqosalar turgan joyga bordim. Ular "Bahor" raqs ansambli qizlari ekan. O‘shanda gullarga oshufta bo‘lib turgan go‘zal va yosh o‘zbek ayoliga ko‘zim tushdi. Men hayotimda ilk bora uchratgan o‘zbek - mashhur raqqosa Qizlarxon Do‘stmuhammedova ekan. Ana shunda ilk bora o‘zbek raqslarini ko‘rdim va ularga maftun bo‘lib qoldim. Ayniqsa, Qizlarxon-xonim ijrosidagi "Munojot" raqsi meni sehrlab qo‘ydi. Toshkent va men yashagan Siyetl shaharlari birodar bo‘lishgani bois, O‘zbekistondan hay‘atlar kelib turardi. Bir kuni shahar rasmiylari kimni taklif qilsak bo‘larkin, deb so‘rashganida, men ikkilanmay, Qizlarxon Do‘stmuhammedovani, deb aytdim. Keyin men "Tanovar" nomli o‘zbek raqs dastasini tuzdim va Qizlarxon Do‘stmuhammedova bizga raqs sirlarini o‘rgata boshladi. Bu AQShdagi ilk o‘zbek raqs dastasi edi. Bir kuni esa Sherali Jo‘rayeva ham Siyetlga keldi. Biz birga ashula va raqs ijro etdik.

Lourel Grey-xonim Farg‘ona, Xorazm va Buxoro raqslarini alohida o‘rgangan

BBC: O‘ktam Rizayev ismli o‘quvchimiz bir necha savollar yo‘llagan. Ulardan biri Tango va Tanovar raqslari borasida. Balki muqoyasasi bormi, deb bilmoqchi bo‘lgandir tinglovchimiz?

Lourel Viktoriya Grey: Bu juda qiziq savol. Men Jorj Vashington universtiyetida dunyo raqsini o‘rgataman. Mutaxassis sifatida Tango va Tanovar raqslari o‘rtasida bog‘liqlik ko‘rmayman. Argentinaning mashhur Tango raqsini erkak va ayol birgalikda ijro etishadi. Raqs davomida qo‘llari, badani bir-biriga tegadi. Tanovar raqsi esa yakkaxon ayol raqqosa tarafidan ijro etiladi. Bu qadim raqsning 12-13 xili bor. Tanovar ayol qalbini ochib beradigan raqs. Menimcha, Tango va Tanovar bir-biriga butunlay zid raqslardir. Bittasida ayol-erkak ehtiros bilan raqs tushsa, ikkinchisida guyo ilohiy harakatlar orqali ayol qalbi ochib beriladi.

BBC: O‘ktam Rizayev ismli o‘quvchimiz o‘zbek raqsining jozibasi nimada deb so‘ragan?

Lourel Viktoriya Grey: Bu savol uchun rahmat. Rostdan ham o‘zbek raqsi juda sharqona, mo‘‘tadil va ayolni ulug‘lovchidir. O‘zbek raqqosalari ham hislarini raqs orqali ifodalaydilar, biroq o‘z sha‘nini asragan holatda qalbidagi hislarini ifoda etishadi. G‘arb raqslari kabi ochiq, tajovuzkor va shahvoniy harakatlarni ko‘rmaysiz. O‘zbek raqsiga qarab, raqs pok bo‘lishi mumkin ekan, muhabbatni ruhiy tarzda ifodalash imkoni bor ekan, degan fikrga kelasan. O‘zbek raqsi ayolning sha‘nini yerga urmaydi, balki uning qadr-qimmati va ulug‘vorligini namoyon etadi. Inson ana shunga oshufta bo‘ladi. Mana, kuni-kecha Nizomiyning "Etti Go‘zal"ini raqs orqali namoyish etgandik, amerikaliklar sehrlanib qolishdi. Chunki ular ko‘nikkan dunyodagi zo‘ravonlik va ochiqlik yo‘q edi bu raqslarda. Xullas, o‘zbek ayollari raqsi biz uchun boshpana bo‘lmoqda.

BBC: O‘zbekcha raqs tushayotganda biron xato qilgan va yo esingizdan chiqqan paytlari ham bo‘lganmi, deb so‘ramoqda bu o‘quvchimiz.

Lourel Viktoriya Grey: Bu savolmi? (Kuladi). Boshida men ko‘p xato qilganman. Amerika katta mamlakat va biz hamma narsani katta-katta tasavvur qilamiz. Mening harakatlarim ham shunga mos bo‘lgan. Jahd bilan qo‘limni qimirlatganman, ba‘zida oshirib yuborganman. Keyin Qizlarxon menga kichik-kichik harakatlar ham chuqur ma‘no ifodalashi mumkinligini, ma‘no qo‘lda emas, ko‘zda ham bo‘lishini o‘rgatdi. Sekin harakat qilib ulkan va chuqur hissiyotlarni anglata olasan. Xullas, o‘zbek raqsining ana shu sirlarini o‘rganish men uchun qiyin kechgan.

BBC: AQShda o‘zbek raqsiga qiziqish va qanday millat vakillari bu raqslarni o‘rganishayotgani haqida ham savollar bor.

Lourel Viktoriya Grey: Men odamlarga o‘zbek raqsini o‘rgatish uchun, ularni qiziqtirish uchun bir necha o‘n yillarni sarfladim. Hozir nafaqat AQShda, balki Ovro‘po, Avstraliya va Kanadada ham o‘zbek raqslarini o‘rgangan talabalarim bor. Havaskorlar ichida keksa ayollar, buvijonlar ham bor. Ayollarga, ayniqsa, o‘zbek raqqosalari kiyimlari yoqadi. Professional dastamda esa turli millatga mansub yosh raqqosalar bor. Ular orasida nafaqat o‘zbek, balki Amerikada yashovchi eronlik, armani, rus, irland hamda afrikalik qizlar bor. Xullas, Xitoydan toki O‘rta Yer dengiziga qadar yoyilgan hududlarni qamrab olgan Buyuk Ipak Yo‘li bo‘ylab yashovchi xalq vakillari bor. Raqs ham xuddi til o‘rganishdek gap va uning hadisini olish uchun uzoq yillar kerak bo‘ladi.

BBC: Navoiy shahridan o‘zini muallim, deb tanishtirgan tinglovchimiz raqslaringizni ko‘rganda, ajnabiy ayol ekanligingizni kishi unutib qo‘yadi. Siz boshqa sharq xalqlari raqslarini ham ijro etasizmi, degan mazmunda savol yo‘llagan.

Lourel Viktoriya Grey: Savol uchun rahmat. Men yana fors raqslarini ijro etaman. Fors raqsi o‘zbek raqsiga juda o‘xshash. Bundan tashqari tojik, ozari, gurji raqslarini ham sevib ijro etaman. Ammo inson yuragi tubidagi eng chuqur hissiyotlarni ochib beradigan raqs men uchun bu "Munojot" va zikr tushishdir. Men har yakshanba tongda "Munojot" raqsini ijro etaman va zikr tushaman. Bu yuragingni, ko‘nglingni tozalaydi, sendagi tajovuzkorlikni bartaraf etadi. Sog‘lik va ko‘ngil uchun, yuraging va miyangdagi g‘uborlarni tozalash uchun bu juda muhim. Xullas, Sharq madaniyati hozirgi zo‘ravon G‘arb madaniyatiga butunlay zid. Menga Sharqning ana shu jihatlari yoqadi.

BBC: Mumtoz o‘zbek raqslari ustasi Qizlarxon Do‘stmuhammedovani eslatdingiz. Tinglovchilarimiz Xorazm raqsi va bu raqs maktabi ustasi Gavhar Matyoqubova haqida ham savollar so‘rashgan.

Lourel Viktoriya Grey: Biz hammamiz Xorazm raqsini sevamiz. Buyuk Ipak Yo‘li raqs guruhi vakillari eng sevadigan raqslardan biri ham shu - Xorazm raqsi. U juda jonli va shodon raqs. Kayfiyating tushkun payti Xorazm raqsini ijro etsang bas, shodlikka to‘lasan. Men 1993 yili Xivaga borish baxtiga muyassar bo‘lganman. Bilasizmi, yosh qizaloqlardan tortib, keksa otaxonlar ham raqs tushishadi. Bu g‘arbliklar unutib qo‘ygan sog‘lom insoniy san‘atdir. Bilasizmi, ko‘plab amerikaliklarga Xorazm raqslari juda yoqadi. Chunki hamma ham mumtoz va ohista o‘zbek raqslari ma‘nosini chaqolmaydi va musiqa hamda so‘zlarini tushuna olmaydi. Sho‘x-shandon Xorazm raqslarini esa barcha birdek xush ko‘radi. Men Xorazm raqsi ustasi Gavhar Matyoqubova raqslarini video tasvirlardan tomosha qilganman. Afsus, o‘zi bilan shaxsat uchrashmaganman.

BBC: Polvon Jummi laqabli tinglovchimiz tarixda ayollar omma oldida raqs tushmagan, balki erkaklar ayol kiyimida raqs ijro etganlar. Siz bu an‘anaga qanday qaraysiz, deb so‘ragan.

Doktor Grey o‘zbek mumtoz raqsi bo‘yicha ustozi Qizlarxon Do‘stmuhammedova ekanligini aytadi

Lourel Viktoriya Grey: To‘g‘ri, ayollar faqat ichkari hovlida, nomahram ko‘zidan panada raqs tushganlar. Birinchi bo‘lib Tamaraxonim omma oldiga chiqib, raqs tushgan. Men bu afsonaviy ayol bilan ham bir necha marotaba uchrashib, gaplashganman. Tarixda o‘g‘il bolalar ayollar kiyimida raqs tushishgani rost. Bu xuddi Sheskpir davridagi Angliyaga o‘xshaydi. O‘shanda ingliz ayollari ham sahnaga chiqishlari mumkin bo‘lmagan. Shu asno teatrdagi xotin-qizlar obrazini ayol kiyimidagi yosh yigitlar ijro etishgan. Bacha raqslariga qaytsak, uning o‘zi emas, balki bunga bog‘liq, men yoqlamaydigan boshqa jihati bor. Ya‘ni ko‘p o‘g‘il bolalar faqat raqs tushmasdan, ularni jinsiy tahqirlashgan ham. Gap faqat san‘at haqida ketsa, aytishim kerakki, biz insonlar rang-barangmiz. Ba‘zi erkaklarda ayollar his-tuyg‘ularini ifodalash iqtidori bo‘ladi. Ya‘ni erkak tanasida tug‘ilgan bilan, ayollarga xos nazokatga ega bo‘lgan erkaklar ham bor. Erkak va ayol jinsiga oid masala inson yaralganidan beri mavjud. Turli xalqlar bu masalaga turlicha yondashganlar. Yosh raqqos o‘g‘il bolalar esa faqat san‘at bilan shug‘ullanishlari kerak va ularni jinsiy yo‘lda tahqirlash aslo mumkin emas. Chunki bu harom qilingan amaldir. BBC: Sizdan oldin ham o‘zbek raqsiga qiziqqan amerikaliklar bo‘lganmi, nima sizni bizning san‘atni o‘rganishga turtki berdi, degan savollar ko‘p kelgan.

Lourel Viktoriya Grey: Menimcha, O‘zbekistonga borib, o‘zbek raqsini o‘rgangan ilk amerikalik ayol o‘zim bo‘lsam kerak. Keyinchalik, boshqa talabalarim ham O‘zbekistonga borib, raqs o‘rganishdi. Bilasizmi, 1979 yili "Bahor" ansambli Siyetlga kelib, o‘zbek raqslarini ijro etishgani hamon yodimda. O‘shanda o‘zbek raqslariga maftun bo‘lib qolganman. Nazarimda, Sharqqa moyillik mening zuvalamda bor. Bolalagimdan rus musiqasiga qiziqardim. Keyinchalik Markaziy Osiyo musiqasi bilan tanishdim. Esimda, men 11 yoshlik qizaloq edim. O‘shanda rasm chizish to‘garagiga borardim. Bir kuni yashil kiyimdagi erkaklar, minora, masjid va gumbazlar chizilgan rasmni ko‘rib qoldim. Birdaniga yuragimda qandaydir o‘zgarish kechgandi, Bu rasmning ma‘nosini anglamasam ham unga mahliyo bo‘lib qolgandim. Keyin bilsam, yashil - Islom dini rangi ekan. Xullas, yuragimda Sharqqa bo‘lgan sevgi va moyillikni tushuntirib bera olmayman. Men Sharq hayoti ichida o‘zimni bemalol va erkin his qilaman. Uyimga keling, atrofda so‘zonalar, o‘zbek piyolasida choy ichamiz, devorlarim to‘la sharqona bezaklar.

BBC: Doktor Grey, hozir ham O‘zbekistonga tez-tez borasizmi, o‘zbek raqslari bo‘yicha biron yangi dastur ustida ishlayapsizmi?

Lourel Viktoriya Grey: Har yili biz Vashingtonda Markaziy Osiyo raqs to‘garagi tashkil etamiz. Istagan odam kelib, o‘zbek va boshqa sharq raqslarini o‘rganishi mumkin. Odatda Qizlarxon Do‘stmuhammedova kelib, raqs o‘rgatadi. Insholloh, tez orada O‘zbekiston borish niyatidaman. Bu zamin men uchun bir chashmadir. Chashma boshiga borib, undan chiqayotgan zilol suvdan ichsang, ruhing tetik bo‘ladi. Biz hozir O‘zbekistonning yaqinlashayotgan mustaqillik bayramini nishonlash uchun maxsus kontsert dasturi ustida ishlayapmiz.

BBC: Suhbatingiz uchun katta rahmat.

Lourel Viktoriya Grey: (O‘zbek tilida) Sizga ham katta rahmat. Men tinchlik uchun raqs tushaman.