O‘zbekiston: pensiyalar bo‘shab qolgan davlat g‘aznasini to‘ldirishning oson yo‘limi?

  • 24 May 2013
Pensiyasidan qarzdor bo‘lib qolayotgan nafaqaxo‘rlar ham nima sababligini tushunmaydilar.

O‘zbekistonning turli hududlaridan olinayotgan oxirgi xabarlarga ko‘ra, pensionerlarning pensiyalari qisqartirilmoqda, ayrim pensionerlar millionlab so‘mga qarzdor qilinmoqdalar. Nega ekanligini ijtimoiy ta‘minot mulozimlari ham tushuntirib bera olmayaptilar.

So‘nggi ikki xabar Toshkent va Xorazm viloyatidan olingan.

Toshkentdagi Uzmetronom web-sayti xabar qilishicha, o‘tgan 2012 yil davomida ro‘znomalarga maqolalar yozib jami 30 AQSh dollari atrofida qalam haqi olgan pensiyadagi jurnalistlardan biri soliq mas‘ullaridan xat olgan, maktubda bir yil mobaynidagi pensiyasining yarmi, ya‘ni 2 million 100 ming so‘m yoki 750 dollarlik mablag‘ni qaytarib davlatga topshirish talab qilingan.

Xorazm viloyatidagi "Najot" inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti xabar qilishicha, ushbu tashkilotga oxirgi paytda pensiyalari bilan bog‘liq muammolar yechimida ko‘mak so‘rab 16 kishi murojaat qilgan.

"Najot" tashkilotiga ko‘ra, ayrim insonlar 1000000 so‘mdan 6000000 so‘mgacha qarzdor bo‘lib qolganlar.

Inson haqlarini himoya qilish tashkilotiga murojaat qilganlardan biri 1955 yilda tug‘ilgan Komiljon Ro‘zmetov.

U xastaligi tufayli 2007 yildan nafaqa ola boshlaganini, biroq 2011 yildan oladigan nafaqasi yarmiga qisqarib ketganini ma‘lum qilgan.

Komiljon Ro‘zmetovga ko‘ra, pensiya uchun mas‘ul idoraga murojaatiga javob olgan, bu javobda janob Ro‘zmetovga nafaqa miqdori noto‘g‘ri tayinlangani va ortiqcha 4 million 272 ming so‘mlik nafaqa to‘langani aytilgan.

"Ijtimoiy ta‘minot bo‘limlari mazkur muammoga aylangan pul qarzdorligi qayerdan kelib chiqqanligining asl sababini tushuntirmasdan, ularni pensiya pullaridan chegirib qolmoqda. Komiljon Ro‘zmetov mazkur nafaqa masalasida mahalliy huquq-tartibot idoralariga og‘zaki va yozma ravishda bir necha bor murojaat qilgan. Ammo nafaqa bilan bog‘liq muammolariga birorta amaldordan birorta ijobiy javob olmagan. Shuning uchun u, adolat qaror topmay, haq-huquqlari poymol bo‘layotganini ma‘lum qilib, "Najot"dan huquqiy yordam ko‘rsatishni so‘ragan", deya xabar qiladi tashkilot rahbari Hayitboy Yoqubov.

Uzmetronom web-sayti Bosh muharriri Sergey Yejkov xabar qilishicha, 2011 yil sentyabrida O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining qarori qabul qilingan.

Ushbu qaror matbuotda e‘lon qilinmagan, shuning uchun pensiyasidan qarzdor bo‘lib qolayotgan nafaqaxo‘rlar ham uning mazmunidan bexabarlar.

Sergey Yejkovga ko‘ra, bu qarordan ko‘zlangan maqsad, yosh kadrlarga joy bo‘shatish uchun keksa mutaxassislarni tezroq pensiyaga chiqarish bo‘lgan.

Bu qarorga binoan qalam haqi olgan pensioner ham ishlayotgan pensionerga tenglashtirilgan.

Shu kunlarda Qarshi shahridagi soliqchilar tadbirkorlarning oldiga kelib kassa apparatidan bir oylik soliq chekini urib, oldindan solig‘ini to‘lashni talab qilayotgani haqidagi xabar tarqaldi.

Soliq xodimlari so‘zlariga ko‘ra, pensiyalarni to‘lashga mablag‘ yo‘q, shuning uchun bir oylik soliqni oldindan to‘lash talab qilinayapti.

Ushbu holatlar mamlakatda davlat g‘aznasi bo‘shab qolgani haqidagi taxminlarga yetaklagan, bu taxminlar naqadar asosli?

Sergey Yejkov fikricha vaziyat chindan ham yomon.

"Hozir fermerlarni o‘zlarining ixtiyorlarida bo‘lgan hamma naqd pulni topshirishga majbur qilishayapti, chunki pensiya va stipendiyalarni to‘lash uchun mablag‘ yo‘q emish. Vaziyat chindan ham yomon. Chunki mamlakatda yirik biznesni bo‘g‘ib bo‘lishdi, o‘rta biznes va kichik biznes "soya iqtisodi" yoki soliqqa tortilmaydigan iqtisodga o‘tish ketishga majbur bo‘ldilar. Chindan ham davlat g‘aznasi bo‘sh. Soliqchilarning hali savdo qilmagan do‘kondan chek urib olishi amaliyoti endi Qarshiga yetib borgan bo‘lsa, bu narsa Toshkentda bir necha yil oldin boshlangan edi", deb aytdi Sergey Yejkov.