Ovro‘po Ittifoqi muhokamasida Suriya isyonchilarini qurol-yarog‘ bilan ta‘minlash masalasi

27 may kuni Bryusselda yig‘ilgan Ovro‘po Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Britaniya bilan Frantsiyaning Suriyaga nisbatan qurol-yarog‘ embargosini yumshatish taklifini muhokama qiladilar.

Ovro‘po Ittifoqining Suriyaga joriy etgan qurol-yarog‘ embargosi shu hafta oxirida nihoyasiga yetadi.

Xabar qilinishicha, Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg o‘zining boshqa ovro‘polik hamkasblarini bu embargo ish bermaganiga ishontirishga urinadi.

Janob Xeyg Suriya muxolifati orasidagi "mo‘‘tadil" kuchlarga qurol-yarog‘ yetkazib berilishi kerak, deb hisoblaydi.

Biroq Ovro‘po Ittifoqidagi ayrim mamlakatlar Suriyaga nisbatan kiritilgan embargo bekor qilinishiga mutlaqo qarshilar.

Xususan, Avstriya, Chexiya, Hollandiya, Finlyandiya va Shvetsiya suriyalik isyonchilarga qurol-yarog‘ yetkazib berilishini umuman istamayaptilar.

Embargo bekor qilinishi uchun Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo bo‘lgan barcha mamlakatning ma‘qullovi talab qilinadi.

Qarshi bo‘layotganlarning xavotiricha, Suriya muxolifati orasidagi "mo‘‘tadil" deb aytilayotgan general Salim Idris yetakchiligidagi kuchlarga berilgan qurol-yarog‘ning radikal islomiy jangarilarning qo‘liga tushib qolmasligiga kafolat yo‘q.

Ovro‘po Ittifoqining ayrim a‘zolari fikricha, Suriyaga nisbatan ittifoq kiritgan embargoning bekor qilinishi keyingi oy Jeneva shahrida mo‘ljallanayotgan Suriyaga bag‘ishlangan anjuman uchun salbiy ta‘sir ko‘rsatishi mumkin.

AQSh bilan Rossiya Suriya inqirozini bartaraf etish maqsadidagi konferentsiya tashkilotchilari bo‘lganlar.

Bu anjumanda Suriya hukumati ishtirok etish-etmasligi aniq emas edi, sal oldinroq Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallif rasmiy Damashqning konferentsiyada qatnashish niyatini ma‘lum qildi.

Janob Muallif so‘zlariga ko‘ra, bu anjuman inqirozni "siyosiy hal qilish uchun yaxshi imkoniyat" bo‘ladi.

Suriyadagi asosiy muxolifat a‘zolari Jeneva konferentsiyasida qatnashish-qatnashmaslik masalasini hamon muhokama etmoqdalar.

Biroq ular agar Prezident Bashar al-Assad iste‘foga chiqishga rozilik bersa, qatnashajaklari haqida aytganlar.

Livandagi vaziyat

Suriyadagi ziddiyat tufayli Livanda allaqachon qarama qarshilik paydo bo‘ldi.

Mintaqadagi kuchli jangari guruh Hizbulloh Suriya jumhurraisi Assadni dastaklashi va bu ham turfa sunniy guruhlarga qarshi amal ekaniga ishora etishi ham bu ziddiyatni kuchaytirsa kuchaytirdiki, aritgani yo‘q...

Suriya hukumatining Hizbullohga atalgan qurol yaroqlari Isroilning bir ikki hujumi bilan to‘xtab qoldimi va yo davom etmoqdami, bu savol ochiq qolayotir.

Suriyadagi inqiroz qo‘shni davlatlar va qolaversa butun mintaqaga yoyilish xavfi tobora hayot haqiqatiga aylanib bormoqda, ayni paytda Ovro‘po Ittifoqining Suriyaga nisbatan qurol yaroq savdosi taqiqinini qisman bekor qilinishi ehtimoli - Assadga qarshi urushayotgan va tabiati hali noayon bo‘lgan jangarilarni nimalarga chorlashi aniq emas.

Suriyadagi jangarilarga qurol yaroq yetkazib berish tarafdorlaridan biri Britaniya - mamlakat tashqi ishlar vaziri Uilyam Heyg o‘zining ta‘biricha, Suriya muxolifati orasidagi "mo‘‘tadil" kuchlarga qurol-yarog‘ yetkazib berilishi kerak, deb hisoblaydi.

Suriya qo‘shnilari orasida Eron Assad hukumatining imkon qadar ko‘proq qudratda qolishini istaydi.

Ammo aftidan Tehron Assaddan keyingi Suriya uchun ham o‘zining strategiyasi ustida ishlamoqda.

Tehron uchun Suriya faqatgina G‘arbparast sunniy qo‘shnilar orasida diplomatik hamkor emas, balki Isroilga qarshi kurashda ittifoqchidir.

Suriya ziddiyatida Lubnonning o‘rtaga chiqishi ham Eron manfaatlari doirasidir. Hizbulloh o‘zining uzoq masofaga mo‘ljallangan roketlari bilan Isroilga jiddiy xavf sola biladigan bir kuchdir.

Hizbulloh jangarilari Suriyada Assadga qarshi isyonkor kuchlar bilan urushayotgani haqida xabarlar bor.

Mutaxassislarga ko‘ra, hozirgi paytda Isroil- Hizbulloh-Suriya uchburchagi atrofida kechayotgan voqea hodisalar mintaqaviy urush kelib chiqishi uchun lozim bo‘lgan omillarga ega.