"Xizbulloh" Bashar al-Assadga g‘alaba va‘da qilmoqda

Image caption Shayx Nasrullo Bashar Assadning qudratdan ketishi butun Yaqin Sharqda "qora kun" larni olib kelishi bilan ogohlantirgan.

Suriyadagi fuqarolar urushida hukumatga ko‘mak berib kelayotgani aytiladigan Livanning shia-islomiy "Xizbulloh" guruhi rahbari Hasan Nasrullo o‘zining tarafdorlariga Suriya urushida g‘alaba Bashar al- Assad tomonida bo‘lishini bildirgan.

Telemurojaat bilan chiqqan shayx Nasrullo Suriya rahbarining qudratdan ketishi butun Yaqin Sharqda ekstremizm kuchayib, "qora kun" larni olib kelishi bilan ogohlantirdi.

Xabarlarga ko‘ra, Quseyr shahri uchun ketayotgan shiddatli janglarda jangarilar "Hizbulloh" tomonidan kuchli artilleriya hujumiga tutilgan.

Livan bilan chegarada joylashgan Quseyr shahri ikkala tomon uchun ham qurol-yarog‘ kirib keladigan muhim strategik hudud hisoblanadi.

Shayx Nasrullo o‘zining telemurojaatida Suriya mojarosida sunniy islomiylarning g‘alaba qozonishi Livan xalqiga, ham sunniy, ham shia va nasroniylarga katta xavf ekanini urg‘ulagan.

Va shayx Nasrullo "Hizbulloh" hech qachon AQSh va Isroil qo‘llab kelayotgan isyonchilar tomonida bo‘lmasligini ta‘kidlagan.

Quseyr janglarida halok bo‘lgan "Hezbolloh"ning o‘nlab askarlari Livanda hurmat-ehtirom bilan dafn etilgan.

Oldinroq, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri "Hizbulloh"ning Suriya mojarosiga aralashuvi qon to‘kilishlarini yanada kuchaytirishini bildirib, bu jarayonda Eron dastagini qoralab chiqqandi.

Rasmiy Tehron bu iddaoni rad qilib keladi.

Oxirgi xabarlarga ko‘ra, Beyrut bir qator raketa hujumlariga tutilgan. Livan rasmiylari bildirishicha, "Hizbulloh" nazoratida bo‘lgan qator mahallalar nishonga olingan. Bir raketa turar joy binosiga, boshqasi avtomobil saloniga kelib tushgan.

Hujum kim tomonidan amalga oshirgani hozircha noma‘lum, biroq bu- "Hizbulloh" rahbarining Bashar al-Assadni yoqlab qilgan telemurojaatiga javob sifatida bo‘lishi mumkin.