Rossiya S-300 raketalarini Suriyaga yetkazishini ma‘lum qildi

Image caption Rossiyaga ko‘ra, S-300 "barqarorlashtirish vositasi" bo‘lib, Suriyadan tashqi kuchlarni mojaroga aralashishdan tiyishi mumkin.

Rossiya Suriyaga S-300 zenit-raketalarini yetkazib berish mamlakatni tashqi hurujlardan himoya qilishiga yordam berishini bildirdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Sergey Ryabkovga ko‘ra, raketa "barqarorlashtirish vositasi" bo‘lib, "bir qancha qoni qaynoq kalla"larni mojaroga aralashishdan tiyishi mumkin.

Moskva shuningdek, Ovro‘po Ittifoqining yaqinda qabul qilgan Suriya isyonchilariga qurol-yaroq embargosini cho‘zmaslik qarorini qoraladi.

Janob Ryabkov bu harakat masalani tinch yo‘l bilan hal qilishni chippakka chiqarishidan xavotir izhor etdi.

Rossiya rasmiysining aytishicha, S-300 raketalari borasidagi shartnoma bir necha yilga tuzilgan.

Rossiyaning NATOdagi vakili Aleksandr Glushko qurol yetkazib berishda "Moskva to‘liq xalqaro huquqlar doirasida harakat qilgani"ni bildirdi.

"Biz Suriyadagi vaziyatni o‘zgartirib yuboradigan hech narsa qilganimiz yo‘q. Bizning beradigan qurolimiz mudofaa maqsadiga xizmat qiladi", - deb aytgan u.

"Biz nima qilishni bilamiz"

BBCning Beyrutdagi muxbiri Jim Mьyuirga ko‘ra, Rossiyaning murojaati eskalatsiya sifatida qaralishi mumkin.

Oldinroq, Isroil Suriyaga havo hujumlarini qilmaslik sharti bilan Moskva Bashar Assadga qurol bermaslikka kelishilganligi haqida xabarlar tarqalgandi.

Isroil Mudofaa vaziri Moshe Yalon Rossiyaning raketalari hali Suriyaga jo‘natilmaganini bildirarkan, "Men umid qilamanki, ular chiqarilmaydi. Lekin Suriyaga yetib kelganini bilsak, nima qilishni yaxshi bilamiz", deb ogohlantirmoqda.

Rossiya Suriya hukumatiga bosim o‘tkazishga qarshilik qilib kelayotgan juda oz sonli davlatlardan biridir.

Keyingi oyda rasmiy Moskvaning urinishlari orqasida Suriya bo‘yicha xalqaro anjuman o‘tkazilishi kutilmoqda.

Suriyadagi ziddiyat

Mintaqadagi kuchli jangari guruh Hizbulloh Suriya hukumatini dastaklashini oshkora bayon etib chiqdi.

Suriyadagi inqiroz qo‘shni davlatlar va qolaversa butun mintaqaga yoyilish xavfi tobora hayot haqiqatiga aylanib bormoqda.

Suriyadagi jangarilarga qurol yaroq yetkazib berish tarafdorlaridan biri Britaniya - mamlakat tashqi ishlar vaziri Uilyam Heyg o‘zining ta‘biricha, Suriya muxolifati orasidagi "mo‘‘tadil" kuchlarga qurol-yarog‘ yetkazib berilishi kerak, deb hisoblaydi.

Suriya qo‘shnilari orasida Eron Assad hukumatining imkon qadar ko‘proq qudratda qolishini istaydi.

Tehron uchun Suriya faqatgina G‘arbparast sunniy qo‘shnilar orasida diplomatik hamkor emas, balki Isroilga qarshi kurashda ittifoqchidir.

Hizbulloh o‘zining uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalari bilan Isroilga jiddiy xavf sola biladigan bir kuchdir.

Mutaxassislarga ko‘ra, hozirgi paytda Isroil- Hizbulloh-Suriya uchburchagi atrofida kechayotgan voqea hodisalar mintaqaviy urush kelib chiqishi uchun lozim bo‘lgan omillarga ega.