Ovro‘po Ittifoqi: Suriya isyonchilariga qurol yetkazib berilmaydi

Image caption Suriya borasidagi muzokaralarda tashqi ishlar vazirlari yakdil fikrga kela olmaganlar.

Bryusselda 12 soatdan ortiq davom etgan Suriya borasidagi muzokaralarda tashqi ishlar vazirlari yakdil fikrga kela olmaganlar.

Ovro‘po Ittifoqi Tashqi Ishlar vazirlarining uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Suriyaga qurol-yarog‘ embargosi davom ettirilmaydi, iqtisodiy sanktsiyalar esa hozircha o‘z kuchida qoladi. Shuningdek isyonchilarni qurol bilan ta‘minlash taklifi ham to‘xtatib turiladi.

Ushbu qaror uzoq munozaralardan so‘ng qabul qilingan.

"Aniq mujda"

Bashar al-Assad hukumatiga qarshi Ovro‘po Ittifoqining qator sanktsiyalari shanba kuni nihoyasiga yetadi.

Ovro‘po Ittifoqining Suriyaga jazo choralari 2011 may oyida qabul qilingan, unga ko‘ra hukumatga, ham isyonchilarga qurol yetkazib berish ta‘qiqlanadi.

Britaniya i Frantsiya diplomatlari Suriya isyonchilariga qurol yetkazib berish Bashar Assad tuzumini siyosiy muloqot qilishga majbur qiladi, deb ta‘kidlab keladi.

Britaniya Tashqi Ishlar vaziri Uilyam Xeyga ko‘ra, "Bu qaror Assad tuzumiga aniq mujda bo‘lishi kerakki, u jiddiy muzokaralar olib borishni boshlashi lozim".

Ko‘pgina davlatlar, jumladan Avstriya isyonchilarga qurol berish 80 ming insonning hayotini tugatgan vaziyatni yana ham izdan chiqarib yuborishini ta‘kidlagan.

BBC muxbiri Jim Myuirga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqining qarori muammoni hal qilishga ta‘sir qilishi gumon.

Suriya muxolifati nafaqat o‘z doirasida, balki tarafdorlari ichida ham muammoni yechish bo‘yicha turli qarashlar tufayli deyarli falaj holatiga kelgan.

Hozirda Suriya hukumati avvalgidan ancha kuchli seziladi. O‘tgan yilning oxirida jangarilar Damashq atrofida shiddatli janglarni olib borganlarida Bashar al-Assad va uning tarafdorlarining mag‘lubiyati shubhasizdek tuyulgan edi.

Ayni paytda esa bunday fikr bildirib bo‘lmaydi.

Lekin shunda ham Assad tuzumining g‘alabasini bashorat qilish mumkin emas. Vaziyat xohlagan paytda o‘zgarishi mumkin. G‘arb isyonchilarni qurollantirishga aniq qaror berganida bu holat juda tez o‘zgarishi shubhasiz.

Lekin shunisi aniqki, g‘alaba har ikki tomondan ko‘p qonlar to‘kilishi bilan amalga oshadi.

Mojaroga Livanning jangari "Hizbulloh" shia guruhining qo‘shilishi vaziyatni Suriya hukumati foydasiga burdi.

Xabarlarga ko‘ra, ayni paytda Quseyr shahri atrofida qattiq janglar ketmoqda. Quseyr ikkala tomon uchun ham muhim strategik ahamiyatga ega, qurol-yarog‘ kiradigan yo‘l hisoblanadi.

Aytilishicha, Suriya muxolifatiga harbiy yordam berish tarafdorlaridan biri AQSh senatori Jon Makkeyn kutilmaganda Suriyaga borgan va muxolifat rahbarlari bilan uchrashgan. Biroq uchrashuv tafsilotlari ochiqlanmagan.