Birma shimolida yangi dinlararo zo‘ravonliklar avj olgan

Image caption Lashio shahridagi masjidga o‘t qo‘yilgan.

Endi Birmaning shimoli-sharqida buddoyilar bilan musulmonlar o‘rtasida zo‘ravonliklar boshlanib ketgani haqidagi xavotirli xabarlar olinmoqda.

Muxbirlar Lashio shahridan kelayotgan xabarlar hamon uzun-yuluq ekanini aytadilar.

Lashiolik mahalliy aholi so‘zlariga ko‘ra, masjid va musulmonlarga tegishli do‘konlarga o‘t qo‘yilgan.

Buddaviylar bilan musulmonlar o‘rtasidagi yana mishmish sabab bo‘lgan.

Odamlar orasida yoqilg‘i quyish shaxobchasida bir musulmon buddoyi ayolning ustiga benzin quyib o‘t qo‘yib yuborgani haqidagi ovoza tarqalgan.

Oxirgi oylarda Birmadagi musulmonlar bilan buddoyilar orasida qator qonli nizolar kelib chiqdi, minglab odamlar yashab turgan joylarini tark etishga majbur bo‘ldilar.

Ayniqsa, musulmonlar o‘zlarining hayotlari uchun xatarli ahvol yuzaga kelganini aytmoqdalar.

"Frans Press" axborot agentligining o‘z nomini oshkor etmagan rasmiydan iqtibos keltirishicha, "shahardagi ayrim joylarga o‘t qo‘yilgan... hozir vaziyat nazorat ostida".

Birma prezidentining so‘zchisi Ye Xtutning Facebookdagi sahifasida yozishicha, Lashio shahrida "ikki diniy bino va ayrim do‘konlarga o‘t qo‘yilgan".

"Diniy binolarga shikast yetkazish va diniy nizolarni keltirib chiqarish biz barpo etmoqchi bo‘layotgan demokratik jamiyat maqsadiga mos emas. Har qanday jinoiy amalga nisbatan qonuniy chora ko‘riladi", deb yozgan Birma prezidenti voizi.

Mart oyida Birma markazidagi Meytila shahrida musulmon do‘kon egasi va buddoyi xaridor o‘rtasidagi janjaldan boshlangan zo‘ravonliklar kamida 43 inson umriga zomin bo‘lgan edi.

Halok bo‘lganlarning aksari musulmonlar edilar.

Zargarlik do‘koni egasi va Meytila shahrida yashagan to‘qqiz musulmon diniy zo‘ravonliklarni keltirib chiqarishda aybdor deb topilib, ozodlikdan mahrum etildilar.

Shu paytgacha Meytiladagi qonli hodisalar uchun birorta ham buddaviy jazoga tortilgani yo‘q.

O‘tgan yilning oxirida Raxine shtatidagi etnik zo‘ravonliklar kamida 200 inson umriga zomin bo‘lgan, BMT 140 ming inson yashab kelgan joylarini tashlab qochishga majbur bo‘lgani haqida ma‘lum qilgan.

Uylarini tashlab ketganlar hamon vaqtinchalik chodir shaharchalarda yashab kelishayapti.

Raxineda yashab kelgan Roxinga musulmonlarini Birma rasmiylari bu mamlakat fuqarolari deb tan olmaydilar.

Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari Birma rasmiylarini Roxinga musulmonlarini o‘z joylaridan quvib chiqarishda ishtirok etganlikda ayblaydilar.