Luiza Galiulina yana jazolanadigan bo‘ldi

Bu gal Xalqaro Sport Arbitraj mahkamasi o‘zbekistonlik taniqli sport gimnastikachisini ikki yilga katta sportdan chetlatishga qaror qildi.

Bunga Umumjahon Dopingga qarshi kurash idorasining shikoyat arizasi sabab bo‘lgan.

O‘zbekistonlik sport gimnastikachisi doping qabul qilganlik aybi bilan o‘tgan yil London Olimpiada O‘yinlaridan chetlatilgandi.

Peshobidan sportchilar uchun taqiqlangan furosimid moddasi qoldiqlari aniqlangach, Luiza Galiulina naq bellashuvlari chog‘ida O‘zbekistonga qaytarib yuborilgandi.

Buning ortidan Xalqaro Gimnastika Federatsiyasi ikkinchi tekshiruv natijalari ham dastlabkisini tasdiqlaganini aytib, o‘zbekistonlik gimnastikachini yarim yilga katta sportdan chetlatgandi.

Tashkilotning o‘tgan yil noyabr oyidagi qarori 20 yoshli Luiza Galiulinaning shu yil yanvar oyi yakuniga qadar xalqaro turnirlarda ishtirok etolmasligini anglatardi.

O‘zbekiston Gimnastika Federatsiyasiga esa, intizomiy mahkama tingloviga ketgan 2.000 Shveytsariya franki yoki 2.100 AQSh dollari miqdoridagi sarf-xarajatni to‘lashi lozimligi aytilgandi.

Ammo, ayon bo‘lishicha, o‘tgan yil dekabr oyida Umumjahon Dopingga qarshi kurash idorasi Luiza Galiulinaga qo‘yilgan taqiqning 2 yilga uzaytirilishi talabi bilan Xalqaro Sport Arbitraj mahkamasiga murojaat qilgan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, kecha seshanba kuni bo‘lib o‘tgan mahkama jarayoni ortidan Xalqaro Gimnastika Federatsiyasi o‘zbekistonlik gimnastikachi ishini yutqazganini aytgan.

"Sport Arbitraj mahkamasi Xalqaro Gimnastika Federatsiyasining mavqei va bu ish yuzasidan keltirgan da‘volarini xayrixohlik bilan ko‘rib chiqdi", deyiladi mahkama hukmida. "Xalqaro Gimnastika Federatsiyasining iddao etishicha, Olimpiada O‘yinlaridan chetlatilishi bilanoq gimnastikachi yetarlicha jazosini olib bo‘lgan va uning yana uzoq muddat katta sportdan chetlatilishi karerasining yakun topishini anglatishi mumkin".

Ammo, Xalqaro Gimnastika Federatsiyasining ushbu da‘volariga qaramay, Sport Arbitraj mahkamasi Umumjahon Dopingga qarshi kurash idorasining foydasiga hukm chiqargan va ularning so‘rovini qondirgan.

Gap nimada edi?

O‘zbekiston Olimpiya hay‘ati rahbari Jasur Akramov o‘shanda BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida yuz bergan hodisadan hayratda ekanliklari va Luiza Galiulinaning furosimid qabul qilishi uchun hech bir asos bo‘lmaganini aytgandi.

"Furosimid peshob haydovchi dori hisoblanadi. Uni odatda ozish niyatida bo‘lgan sportchilar yoki odamlar qo‘llashadi. Shuning uchun ham, bu preparatni faqat vazni ortiqcha bo‘lgan odam ichishi mumkin. Luiza Galiulinaning o‘zi 40 kiloga ham bormaydigan vazni bor. Uning furasimid ichishining hech qanaqa sababi yo‘q edi-da", degandi janob Akramov.

Luiza Galiulina London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida O‘zbekistonni namoyon etayotgan yagona sport gimnastikachisi edi.

Luiza xalqaro miqyosda o‘tkazilgan qator saralash musobaqalari ortidan O‘yinlarda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgandi.

Saralash bosqich bellashuvlarining so‘nggi esa, ikki oycha burun Britaniya poytaxti Londonda bo‘lib o‘tgandi.

Luiza Galiulina 2005 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionati, 2010 yilgi Xitoy Osiyo O‘yinlarining bronza medali sovrindori sanaladi.

Sport gimnastikasi bo‘yicha o‘tgan yil Belgiyada bo‘lib o‘tgan Jahon kubogi musobaqalarida ham sovrinli uchinchi o‘rinni olishga muvaffaq bo‘lgan.

Murabbiylari Luiza Galiulina London Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ham yaxshi natija ko‘rsatishiga umid qilishayotgandi.

O‘zbekistonlik sportchi 25 iyulda - musobaqalar boshlanishidan uch kun oldin doping sinovidan o‘tgandi.

Furosimid doping hisoblanmaydi. Xususan, qon bosimini pasaytirish va peshob kelishini yaxshilash uchun ishlatiladi.

Sport tibbiyotida badandagi ba‘zi taqiqlangan moddalarni yashirish uchun qo‘llanilgan hollari ham bo‘lgani bois, furosimid Umumjahon Dopingga qarshi kurash idorasi tomonidan taqiqlangan.