AQSh dronidan Pokiston shimoli nishonga olindi

Image caption Dron hujumlaridan o‘nlab tinch aholi vakillari halok bo‘layotgani Pokistonda noroziliklarni uyg‘otmoqda.

Shimoliy Vaziriston hududiga Amerikaning uchuvchisiz boshqariladigan uchog‘i hujumidan kamida ikki kishi halok bo‘ldi, to‘rt kishi yaralandi deb aytgan politsiya xodimi.

Politsiyaga ko‘ra, raketalar Mironshoh shahri yaqinidagi uylarga kelib tushgan.

Nishon prezident Barak Obama uchuvchisiz uchoqlar orqali boshqariladigan amaliyotlarning shartlari haqida gapirganidan ikki hafta o‘tib amalga oshirilgan.

Amerikaning dron uchoqlari hujumi Pokistonda munozaralarga sabab bo‘lib kelayotgan mavzulardan hisoblanadi.

Pokiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi sodir qilingan navbatdagi hujumni mamlakat mustaqilligiga tahdid sifatida baholagan.

"Har qanday dron hujumi Pokistonning hududiy birligi va mustaqilligiga qarshidir va buni biz keskin qoralaymiz", - deb aytgan Pokiston mulozimi Reyter agentligiga.

Bu Pokistonda 11 may kuni o‘tgan saylovlardan keyingi birinchi hujum bo‘lgan. Nomzodlarning aksilamerikaviy qarashlari va uchuvchisiz uchoq hujumlarini tanqid qilishlari saylovchilar tomonidan olqishlangan.

Shimoliy Vaziristondagi hujumni "Adolat uchun" partiyasining rahbari Imron Xon va yangi Bosh vazir Navoz Sharif qoralab chiqishgan.

Amerika hukumati bu kabi hujumlarda oddiy insonlar jabr ko‘rishlarini deyarli tan olmay keladi.

Vashington o‘zining hujumlari Shimoliy Vaziristonda joylashib olgan jangarilarga qaratilgani, mahalliy kuchlar ularni yo‘q qilishga qudrati yetmasligi bilan izohlaydi.

O‘tgan juma kuni Prezident Obama uchuvchisiz uchoqlar jangarilarga qarshi himoya sifatidagi "adolatli urush" ekanini va ular Amerikaning xavfsizligi uchun kerakligini aytgan edi.

Janob Obama bunday hujumlardan tinch fuqarolar halok bo‘lmasligiga "to‘liq ishonch hosil qilish kerak" ligini ta‘kidlagandi.

Afg‘on-Pokiston chegarasida turli mahalliy va Al-Qoidaga bog‘liq jangarilar yashiringan, deb ishoniladi.

Pokiston xavfsizlik kuchlari esa AQShni Shimoliy Vaziriston tog‘larida yashiringan jangarilarga qarshi yetarli kurash olib bormayotganlikda ayblaydi.