Yangiyullik shifokorlar majburiy mehnatga jalb qilinmoqda

  • 29 Май 2013

O‘zbekiston Inson Huquqlari himoyachilari alyansining xabar berishicha, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidagi shahar kasalxonasi shifokorlari ikki oydan beri majburiy tarzda paxta dalalariga olib chiqilmoqdalar.

Xabarga binoan, har kuni shifokorlar va o‘qituvchilar paxta o‘tashga ommaviy tarzda yuborilishadi.

29 may kuni BBC bilan gaplashgan "Tez yordam" xodimlaridan biri, "mana uch soatdan beri dalada solyarka kutib turibmiz, shundoq jonimizga tegdi", deb aytdi.

Inson Huquqlari himoyachilari alyansi rahbari Yelena Urlayeva bunday holatlar butun O‘zbekiston bo‘yicha sodir etiladi, dedi.

Yelena Urlayeva: Tibbiyot xodimlarini g‘o‘zani o‘toq qilishga olib chiqishlar ikki oydan beri davom etmoqda. Ya‘ni aprel boshidan hozirgi kungacha. Va bu nafaqat Yangiyo‘l rayoni yoki deylik Toshkent viloyatida sodir bo‘layapti, menimcha bunday tadbirlar butun O‘zbekiston bo‘ylab yo‘lga qo‘yilgan. Misol uchun Mirzo Ulug‘bek hududiy tibbiyot majmuasining bosh shifokori aprel oyida Jizzax viloyatining Arnasoy tumaniga ketib, u yerga olib chiqilgan shifokorlarning o‘toq amallarini nazorat qiluvchi shtabni boshqaryapti.

BBC: Biroq ilgari o‘tmishda paxtani o‘tashga shifokorlarni olib chiqishmagan, ularni faqat paxta terimiga olib chiqishardi, nima sababdan hozirgi kunda ularga ehtiyoj oshgan, deb o‘ylaysiz?

Yelena Urlayeva: Tug‘ri, chunki o‘tmishda bu ishlarni maktab o‘quvchilari, bolalar bajarganlar. Hozirda esa maktab o‘quvchilari e‘tibor markazida, ularni dalalarga olib chiqish mumkin emas. Shuning uchun tibbiyot xodimlari, o‘qituvchilar, ya‘ni davlat byudjetida bo‘lgan ishchilarning hammasini bunday ishlarga jalb etishyapti.

BBC: Sizning xabaringizda Yangiyo‘l tumanidagi shahar kasalxonasining "Tez yordam" bo‘limi vrachlari haqida so‘z ketyapti. Ular paxtada bo‘lgan paytda, tez yordamni kim beradi?

Yelena Urlayeva: Bilasizmi, haqiqatdan ham, bizning tashkilotimizga shikoyat qilib, aynan bu kasalxonadan juda ko‘p shifokorlar murojaat qilishyapti. Ular ikki oydan beri paxta dalalarida bo‘lib, turli xil ziroat ishlarini bajarishga majbur etilayaptilar. Bu shifokorlar paxtani o‘tashi bilan hattoki navbatchiligidan keyin shug‘ullanishga majbur. Yaqin kunlarda "Tez yordam"ning feldsheri bizga bog‘lanib, "sabr-kosamiz to‘lib, chidashga kuch qolmadi", deya bizdan yordam so‘radi. Uning hamkorlari juda charchagan, ular kunduzi jazirama oftobda dalalarda, kechqurun kasalxonaga qaytib, navbatchilikka chiqishlari kerak. Men o‘zim Yangiyo‘lga borib, shikoyat qilgan kasalxonada shifokorlar, ularning qarindoshlari, Yangiyo‘l shahrining aholisi bilan suhbatlashdim. Albattaki, men gaplashganlarning bari ommaviy tarzda dalaga olib chiqishlardan va ommaviy ekspluatatsiyadan g‘azablanganlar, "Tez yordam" xizmatida ishlayotgan shifokorlar bir kecha-kunduz navbatchilik qilishadi, unday keyin dam olishga juda kam vaqt qolib, ularni dalaga haydashadi. Feldsherlar uyoqda tursin, jarrohlar ham paxta dalalarida.

BBC: Dalada sharoitlar qanday?

Yelena Urlayeva: Menga xabar berishlaricha, sharoit juda ham og‘ir. Shunday kunlar borki, ularga hattoki suv ham berishmaydi, ovqatlarini esa, shifokorlar o‘zlari bilan olib kelishlari kerak. Qo‘llaridagi tesha bilan egatlarga egilib, o‘toq qilishlari lozim. Ular orasida har xil odamlar bor, kimdir yosh, kimdir keksa yoshda. Jazirama oftob tagida 24 soatli navbatchilikdan keyin bunday og‘ir ishlarni bajarish o‘ta qiyin.

BBC: Lekin ularga rasmiylar pul to‘lashadimi?

Yelena Urlayeva: Yo‘q, yo‘q, ular bu ishlarni tekinga bajarishadi. Kasalxonaning bosh shifokorining so‘zlariga ko‘ra, davlatga ularning yordami o‘ta kerak. Va davlatga paxta terish va o‘tashda yordam berish ularning katta burchidir. Men kecha bunday hodisaga guvoh bo‘ldim. Men ertalab soat 7 yarimda yetib keldim va markazda turgan "PAZ" rusumli avtobusga vrachlar, hamshiralar va boshqa tibbiyot xodimlarini rosa tiqishgan. Ular o‘z ketmonu-teshalari bilan avtobus o‘rinlarida uchtadan tiqilib o‘tirishipti. Joy yetmaganlar esa tikka turishipti. Bitta avtobusning ichiga oltmishda odamni joylashtirib, eshiklari ham yopilmagan - bunday ahvolda ular fermerlik xo‘jaliklar joylashgan Tashaul posyolkasigacha bir soat yurishgan.

BBC: Fermerlar bunga qanday qarashadi? Ularning amallari nimadan iborat?

Yelena Urlayeva: Fermerlar xozirda eng haqsiz odamlar, ular hech narsa qilisholmaydi. Toshkent viloyati hokimi nima desa, uning buyruqlarini bajarishadi. Fermerlar shifokorlarga qaysi dala o‘toq qilinishini ko‘rsatib berishadi xolos va egatlardan o‘tib, ularning bajargan ishlarini qabul qilib olishadi. Bu ularning roli. Albatta bu chidab bo‘lmaydigan vaziyat. U yerda norozilik kayfiyatlari kuchayib bormoqda. Tug‘ruq bo‘limini aylanib chiqqanimda, homilador ayollar, daladan ketmonlarini ko‘tarib, changga botib, qaytib kelgan shifokorlar ularning oldida kiyimlarini almashtirib, bizga qarashayapti", deb gapirib berishdi. Ya‘ni, tug‘ruqni ana shunday qabul qilishadi, shu joyda yangi tug‘ilgan go‘daklarga qarashadi, ya‘ni mutlaqo sanitariya qoidalariga zid sharoitda! Odamlar bu sharoitdan ham norozi. Ularda ayrim qo‘rquv bordir, lekin ish tashlashga rozi bo‘lib turishibdi.