Hojatxona quvuriga "tushib ketgan" chaqaloq qanday qutqarildi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Xitoyning Chjetszyan viloyati Tszinxua shahridagi hojatxona oqava quvurida tiqilib qolgan chaqaloq qutqarib olingan.

BBC muxbiri mahalliy matbuotga tayanib, politsiya hodisaga qotillik urinishi sifatida qarayotgani va bolaning ota-onasini qidirayotgani aytgandi.

Ammo, Frans Press agentligiga gapirgan mahalliy politsiya zobiti go‘dakning turmush qurmagan onasi homiladorligini yashirgani va chaqaloq tug‘ish payti "tasodif bilan" hojatxonaga tushib ketganini bildirgan. Uning aytishicha, ayolning o‘zi buni tan olgan. Zobitga ko‘ra, hozir politsiya u qasddan bu ishni qilganmi yo‘qligini tekshirmoqda. Go‘dakning otasi haqida esa, hozirgacha biron ma‘lumot aniqlanmagan.

Bor-yo‘g‘i bir necha kunlik deyilayotgan ushbu chaqaloq hozir shifoxonada qolmoqda.

Kasalxonadagi inkubator raqami bo‘yicha "59-nomerli bola"ga odamlar sut, pampers va kiyim-kechaklar olib kelishayotgani xabar qilingandi.

30 yildan ortiq vaqtdan beri Xitoy "Bir oila-bir bola" siyosatiga qattiq amal qiladi. Biroq, bunga xilof ish tutgan ota-onalar jarima bilan qutilib qolishlari mumkin.

Ayni paytda Xitoyda turmushdan tashqari homilalarni abort qildirish va yo tug‘ib axlat qutisiga tashlab ketish hodisalari ham kuzatilgan.

Xitoy oilalarida o‘g‘il bola ko‘proq qadrlangani bois, qiz chaqaloqlardan voz kechish hollari ham uchrab turadi.