O‘zbekiston MDHning Erkin savdo hududiga qo‘shildi

Image caption Erkin savdo hududi kelajakda Rossiya mehnat muhojirlari oqimini kamaytirishi mumkin

Bu haqdagi protokol juma kuni Minskda, MDH hukumatlari rahbarlarining navbatdagi majlisi chog‘ida imzolangan.

O‘zbekiston MDH Erkin savdo hududining to‘qqizinchi a‘zosi bo‘lgan.

Erkin savdo hududi tashkil etish haqidagi bitim 2011 yilning 18 oktyabrida sakkiz davlat- Rosiya. Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston va Ukraina tomonidan imzolangan edi.

O‘zbekiston esa Ozarbayjon va Turkmaniston bilan birga keyinroq shartnomaga qo‘shilish istagini bildirgan.

Rossiya dohil 8 MDH davlatlari o‘rtasida tuzilgan ushbu Savdo hududi bojxona to‘lovlarini imkoni boricha tushirishni maqsad qilgan.

Eski yangi rishtalar

Shartnoma erkin savdoni emas, balki Erkin savdo hududini tartibga soladi.

Unda a‘zo davlatlar o‘rtasida bosqichma-bosqich turli mahsulotlarning eksport va importiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash nazarda tutilgan.

Sho‘ro davrida xomashyo, energiya va ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘zaro yetkazib berish tizimi amal qilgan va bu tizim sobiq sho‘ro jumhuriyatlaridagi iqtisodiy-ijtimoiy barqarorlikni ta‘minlab kelgan.

1991 yilda SSSRning parchalanishi bilan iqtisodiy aloqalarning uzilib qolishi hanuzgacha bu davlatlarning iqtisodiga salbiy ta‘sir ko‘rsatib kelishi aytiladi.

Sababi mustaqil davlatlarning ko‘pchiligi, neft va gaz hamda boshqa qazilma boyliklar xorij, jahon bozorida o‘z o‘rnini topolmagan.

Post sovet mahsulotlariga talab ham faqat sobiq sho‘ro davlatlarida mavjud, xolos.

Erkin savdo hududi sho‘ro davrida amal qilib kelgan iqtisodiy rishtalarning qisman tiklanishiga olib kelishi kutilmoqda.

Bu esa sobiq sovet davlatlaridagi ishlab chiqarish salohiyatining yuksalishi, ish o‘rinlari yaratilishi asnosida Rossiyaga mehnat muhojirlari oqimining ham kamayishiga olib kelishi mumkinligi bashorat qilinmoqda.

Shu tariqa sobiq sho‘ro hududi yagona iqtisodiy hududga aylanayotir.

"Himoya vositasi"

Rasmiy Toshkent MDH doirasidagi integratsiya jarayonlariga ehtiyotkorlik bilan yondashib keladi.

O‘zbekiston 2006 yil yanvarida Avrosiyo iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga qo‘shilish to‘g‘risidagi protokolni imzolagan, ammo 2008 yilda tashkilotdagi faoliyatini to‘xtatgan edi.

O‘tgan oy Toshkentga safar qilgan MDHning ijroiya qo‘mitasi raisi Sergey Lebedev "Toshkent eng oxirgi daqiqada Erkin savdo hududida qo‘shilishga qaror qilgani"ni aytgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, savdo hududiga qo‘shilish O‘zbekiston iqtisodiyotining liberallashuvini anglatmaydi.

Ammo shunga qaramay, hukumat ayrim iqtisodiy o‘zgarishlarni amalga oshirish majburiyatini olgan bo‘lishi mumkin.

Jumladan, chegaralarni ochish va milliy valyutaning erkin konvertatsiyasiga ruxsat berish.

Biroq qozog‘istonlik iqtisodchi Muxtar Tayjanga ko‘ra, Erkin savdo hududini Bojxona ittifoqi bilan aralashtirmaslik lozim.

"Erkin Savdo hududi - bu o‘zaro savdoda bojxona to‘lovlari narxining nolьga tushishi demakdir. Buni Qozog‘iston a‘zosi bo‘lgan Bojxona ittifoqi bilan chalkashtirmaslik kerak. Men ushbu huddudni qo‘llab quvvatlayman. Chunki unda biznes yuritish uchun yengilliklar yaratiladi va shu bilan birga suverenitetga tahdid solmaydi. Dunyoda juda ko‘p davlatlar shunday yashashadi", - deydi Muxtar Tayjan.

Unga ko‘ra, Savdo hududiga qo‘shilgan davlatlar o‘z iqtisodini mustaqil yuritishi va hech qanday tashqi bosimni his qilmasligi mumkin.

MDH bozorlarini Xitoy mollari egallagan bir vaqtda ushbu savdo hududi mintaqadagi ishlab chiqaruvchilar uchun o‘ziga xos himoya vositasini ham yaratishi bashorat qilinmoqda.

Shuningdek, bir qator Ovro‘po va Lotin Amerikasi davlatlari MDH Erkin savdo hududi bilan hamkorlik borasida muzokaralar olib borishmoqda.

Ular orasida Shveytsariya va Norvegiya ham bor.

Tahlilchilarga ko‘ra, shu tariqa tobora ko‘proq davlatlar jahonda yuz berishi mumkin bo‘lgan navbatdagi moliyaviy inqirozdan o‘zlarini himoyalashga urinishmoqda.